Home / VIDЕOLAR / Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori — Tunis universtiteti katta oʻqituvchisi professor Nuriy Buxshim (Tunis)

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori — Tunis universtiteti katta oʻqituvchisi professor Nuriy Buxshim (Tunis)

Men, doktor Nuriy Buxshim, Tunis universitetini tamomlab, tarix, islomiy sanʼat va meʼmorlik sohalarida doktorlik darajasini, keyinchalik ushbu yoʻnalishda dotsentlik va professorlik ilmiy unvonlarini olganman. Ayni paytda mazkur universitet huzuridagi Oliy muallimlar maktabi – Adabiy va gumanitar fanlar tayyorlov institutida dars beraman.

Tadqiqot yoʻnalishim islomiy sanʼat va meʼmorlik, koʻproq Tunisning janubiy togʻ va sahro hududlaridagi tarixiy jamoalarning shaharsozligi va arxitektura anʼanalari bilan bogʻliq. Bu hudud Jazoir, Liviya va Oʻrtayer dengizi oʻrtasida joylashgan boʻlib, asrlar davomida savdo yoʻllari kesishgan va turli xalqlarning sivilizatsiya qatlamlari shakllangan makon sifatida alohida tarixiy-ilmiy ahamiyatga ega.

Oʻzbekistondagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga kelishimizga doʻstim va hamkasbim Baroat Amonov sababchi boʻldi. 2023-yili turmush oʻrtogʻim bilan Germaniyadagi Gamburg universiteti huzuridagi Roman islom markaziga borganimizda, u bizga bu muassasa haqida soʻzlab bergandi.

Ayni paytda Markazdagi faoliyat, ilmiy yoʻnalishlar, tadqiqotchilar bilan hamkorlik va mamlakatdagi boy ilmiy, maʼnaviy va madaniy meros bilan yaqindan tanishish imkoniyatini qoʻlga kiritib, umr yoʻldoshim bilan Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz shaharlari va Fargʻona vodiysida boʻldik. Samarqandning tarixiy va meʼmoriy qiyofasi, Buxoroning ilmiy markaz sifatidagi oʻrni, Xivaning yaxshi saqlangan shaharsozlik anʼanalari, Toshkentning zamonaviy taraqqiyoti, Fargʻona vodiysidagi hunarmandlik – barchasi bizda unutilmas chuqur taassurot qoldirdi.

Xususan, Xivaning bir qadar sodda, biroq hayotbaxsh muhiti, oddiylik bilan uygʻunlashgan meʼmorligi, tarix va zamonaviy hayoti oʻrtasidagi muvozanat bizda katta qiziqish uygʻotdi. Fargʻona vodiysidagi ipakchilik va kulollik ustaxonalari esa Tunis anʼanalari bilan ajoyib uygʻunlik kasb etganini koʻrdik.

Eng katta boylik, shubhasiz, Oʻzbekiston xalqiga xos samimiylik va mehmondoʻstlikdir. Tildagi farqlarga qaramasdan, biz butun safar davomida samimiy muhit, ochiq va ehtiromli munosabatga guvoh boʻldik. Oʻzbekistonda olgan taassurotlarimizni Tunisda, keng maʼnoda Afrika ilm-maʼrifat jamiyatida ham yoyish niyatimiz bor.

Safarimiz yakunida shunday xulosaga keldimki, Oʻzbekiston – islom dunyosidagi eng muhim madaniy va ilmiy markazlardan biri. Bu yerda nafaqat ilmiy va maʼnaviy meros, balki zamonaviy taraqqiyot, insonparvarlik va diniy bagʻrikenglikning ham ravshan namunalari mavjud.

Biz ilmiy safardan chuqur minnatdorlik hissi bilan qaytmoqdamiz. Kelgusida talabalarimizni olib kelish, ularga bu boy sivilizatsion merosni tanitish niyatim bor. Shu bilan birga, Tunis bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga imkon qadar hissa qoʻshishga tayyormiz.

Barcha hamkasblarimizga, Markaz rahbariyati va mehmondoʻst oʻzbek xalqiga chuqur minnatdorlik bildiraman. Alloh barcha saʼy-harakatlarimizdan rozi boʻlsin.

Tas-ix:

Check Also

Maʼrifiy hamkorlik koʻprigini mustahkamlagan tashrif

Tas-ix: