Doktor Farxan NIZOMIY – Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori (Buyuk Britaniya)
Oʻzbekistonda keyingi yillarda izchillik bilan maʼnaviy va madaniy tiklanish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasining qayta tiklanishi, shuningdek, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligining yorqin ifodasidir.
Imom Buxoriy hazratlari islomiy ilm-fan va maʼnaviy meros tarixida beqiyos oʻrin tutadi. U zotning “Sahihul Buxoriy” asari Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba sifatida islom olamida yuksak eʼtibor va ehtiromga sazovor boʻlgan. Shu sababli ulugʻ muhaddisning boy ilmiy merosini asrab-avaylash va uning ilmga kamarbasta yoʻlini keng targʻib etish nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon dunyosi uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Imom Buxoriyning yuksak insoniy fazilatlari uning ilmiy faoliyati qadrini yanada ulugʻvor qiladi. Ayniqsa, yoshlar uchun u zotning hayoti va merosi katta ibrat maktabi hisoblanadi. Ularni islom taʼlimotini asl va xolis manbalar asosida oʻrganishga undaydi, bidʼat va ogʻishlardan asrashga xizmat qiladi.
Ulugʻ muhaddisning nomi va ilmiy merosi nafaqat anʼanaviy islom olamida, balki Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, AQSH, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo kabi keng hududlarda ham katta hurmat-ehtirom bilan tilga olinadi. Bu omil Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, islom sivilizatsiyasidagi oʻrni hamda maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini xalqaro maydonda yanada mustahkamlab bormoqda.
Bu jarayon bizni juda quvontiradi. Shunday ezgu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarga oʻz hissasini qoʻshayotgan baʼzi doʻstlarimizni avvaldan yaxshi taniymiz. Ularga chin qalbdan faqat yaxshilik va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Tas-ix: