Home / FOTO LAVHALAR / Maʼrifiy sayohat va ilmiy muloqotlar

Maʼrifiy sayohat va ilmiy muloqotlar

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” davom etyapti. Oʻquvlar doirasida uning ishtirokchilari uchun Konya shahriga maʼnaviy va ilmiy safar uyushtirildi.

Ilm va irfon markazi sifatida dunyoga mashhur boʻlgan Konyada tinglovchilar Mavlono Jaloliddin Rumiy muzeyi, Shams Tabriziy maqbarasi, Sille shaharchasi, Iplikchi masjidi, Alouddin Kayqubod masjidi, Dorul mulk, Millat bogʻi hamda Iqror taʼlim markazi kabi qator tarixiy va maʼnaviy maskanlarni ziyorat qildi.

Safar doirasida Turkiyaning nufuzli ulamolari – professorlar Ali Akpinar, Huseyn Yilmaz, Oʻmer Oʻzpinar, Adil Yavuz, dotsentlar Musa Erkaya, Furqan Chaqir va Suleyman Sari bilan ilmiy muloqotlar oʻtkazildi. Bu uchrashuvlarda ilm yoʻlida sobitqadam boʻlish, olimlik uchun zarur fazilatlar, Movarounnahrning boy ilmiy merosi, islom tafakkuriga oid zamonaviy tendensiyalar, unda kuzatilayotgan muammo va imkoniyatlar haqida atroflicha fikr almashildi.

Mazkur malaka oshirish dasturida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Qodirxon Mahmudov faol ishtirok etyapti.

Dastur doirasida oʻtkazilayotgan amaliy tadbirlar maʼrifiy safar va ilmiy muloqotlar esa xalqaro institutsional hamjihatlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Kun tartibida – vijdon erkinligi, bagʻrikenglik va maʼrifat masalasi

Jaholat va ekstremizmga qarshi maʼrifat bilan kurashish, jamiyatda bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash yoʻnalishida …