Dr. Xayril Husayniy bin Jamil – Markaz amaliyotchisi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Malayziya Xalqaro islom universiteti dotsenti
Men, birodaringiz, Malayziya xalqaro islom universitetining dotsenti, doktor Xayril Husayniy bin Jamil boʻlaman.
Oʻzbekistonga kelib, oʻzbekcha kiyinish uslubini oʻrganib, ushbu qadrli yurtning anʼanalarini ehtirom bilan qabul qildim. Biroq bugun Malayziya milliy libosidaman – bu bilan Malayziya bilan Oʻzbekiston, xususan, Markaz bilan universitetim oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalari timsolini ifoda etmoqchiman.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ikki oy davomida tadqiqot oʻtkazish imkoniyati men uchun ulkan neʼmat boʻldi. Bu davr mobaynida ilm va maʼrifat ruhini, uzluksiz izlanish va yuksak maʼnaviyatni his qildim. Markaz faqat qoʻlyozmalar, yo asarlar xazinasi, yo ilmiy almashuv maydoni emas, balki hadis ilmining oʻtmishdagi porloq nurini bugungi ilm ziyosi bilan uygʻunlashtirgan maʼrifiy koʻprikdir.
Oʻzim guvoh boʻlgan ilmiy muhit, masʼuliyat va yuksak axloqiy fazilatlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Bu yerda har hafta ilmiy anjumanlar boʻlib oʻtadi, taniqli olimlar tashrif buyuradi, darslar, kurslar tashkil etiladi, qoʻlyozmalar muhokama qilinadi yoki yangi nashrlar taqdim etiladi. Ilmiy faollik har kuni seziladi. Samarqand va Buxoroning tarixiy siyrati ana shu jonli muhitda goʻyo yana bir bor hayotga qaytayotgandek boʻladi.
Talabalik chogʻimda Buxoro va Termizni borib koʻrishni orzu qilganman. Bu muqaddas shaharlar har bir ilm tolibi uchun maʼnaviy manba, ustozlar makonidir. Toshkent, Termiz, Nurota, Navoiy va Shahrisabzga bordim. Har bir joy – tarixiy xotiralarga boy, har bir qadam – ibrat va ilhom manbai boʻldi.
Afrosiyob poyezdida safar qilar ekanman, qoʻlimdan kitob tushmadi. Vaqtimni ilmga bagʻishlab, navbatdagi kitobim uchun oʻndan ortiq bob yozdim. Shuningdek, Markazga samimiy minnatdorligim ifodasi sifatida maxsus bir asar bitdim va uni tez orada hadya sifatida taqdim etaman.
Markazdagi ilmiy muhit – tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyat. Bu yerda oʻtmish bilan kelajak uygʻun, anʼana va zamonaviylik hamnafas. Markazning salohiyati va faoliyati butun dunyodagi islomiy ilm ahli uchun yetuk bir timsoldir.
Eng koʻp hayrat va havas uygʻotgan narsa – Oʻzbekiston xalqining ochiqkoʻngilligi, kattalarga, ustozlarga, qoʻshnilarga chuqur hurmati va mehmondoʻstligi boʻldi. Bu yurtda musofir doʻstu birodardek qarshi olinadi.
Oʻzbek taomlari ham oʻziga xos. Mevalaringiz esa, ayniqsa, gilos va balxi tut kabi mevalar nafaqat tanga, balki doʻstlik va samimiyat bilan sugʻorilgan qalbga ham ozuqa berdi. Har kunlik jamoaviy tushlik majlisi men uchun unutilmas xotiraga aylandi. Bularning bari ilmiy izlanishlarim va faoliyatimga ruh va ilhom bagʻishladi.
Ikki oy davomida maqolalar yozdim, Oʻzbekistonning turli joylarida maʼruzalar oʻqidim, Markaz faoliyatida faol ishtirok etdim. Bularning barchasi – Allohning inoyati boʻlib, Markaz rahbariyati va fidoiy xodimlarining bagʻrikengligi, ilmga mehri va ragʻbati evaziga roʻyobga chiqdi. Shuning uchun Markaz mutasaddilariga, menga ilm yoʻlini ochgan barcha xodimlarga, shuningdek, bunga imkoniyat yaratgan Oʻzbekiston hukumatiga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Oʻzbekistondan faqat ilmiy ishlanmalar va xotiralar bilan emas, balki qalbim toʻla eʼtirof va minnatdorlik bilan qaytyapman. Chunki bu yurtda birgina islomning jonlanishini emas, balki uning qalb urishi bilan butun mintaqa maʼnaviy-maʼrifiy muhitiga hayot bagʻishlayotganini his qildim.
Allohdan tilagim – bu munosabatlar bardavom boʻlsin va kelajakda yanada koʻproq samara bersin.
Soʻzim yakunida esa, yana shirin diydor umidida aytadigan gapim (oʻzbekcha): “Men xayrlashmayman, balki “koʻrishguncha” deyman”.
Tas-ix: