Xabaringiz bor, ayni kunlarda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefakt va mulyajlar bilan boyitish maqsadida yaratilgan media loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy va xorijlik olimlar tinimsiz izlanmoqda.
Ushbu loyihalar muhokamasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, jumladan, Markaz direktori bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev ham ishtirok etmoqda. Olim Markaz ilmiy xodimlari tomonidan taqdim qilingan loyihalardan biri – “Mirzo Ulugʻbek – buyuk qomusiy olim va davlat arbobi” nomli loyiha haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
– Mirzo Ulugʻbek akademiyasida faoliyat olib borgan olimlar, ularning ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi; oʻsha davrdagi fan va madaniyat, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar… shularning barchasi mazkur loyihada aks etishi lozim, – dedi u.
Mirzo Ulugʻbek va oʻsha davrga tegishli buyumlar, qoʻlyozmalarni, joiz boʻlsa, dunyodagi muzey va kutubxonalarga borib aniqlash, ularning mulyajini yaratish kerak.
Darhaqiqat, Baxtiyor Toʻrayev bildirgan taklif amalda oʻz inʼikosini topsa, bu Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuruvchilarda Mirzo Ulugʻbek shaxsi haqida yanada mukammal tasavvur hosil qilishga imkon bergan boʻlur edi.
Tas-ix: