Home / FOTO LAVHALAR / Qoʻlyozmalar tadqiqi sohasiga oid xalqaro seminar boshlandi

Qoʻlyozmalar tadqiqi sohasiga oid xalqaro seminar boshlandi

Bugun, 29-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bilan hamkorlikda “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida seminar-trening ish boshladi.

Unda Fransiyadagi “College de Franse” doktori Mariya Eftimiyu, Fransiya Milliy ilmiy-tadqiqotlar markazi professori Frensis Richard,  Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari, mahalliy olimlar, tadqiqotchilar, restavratorlar  ishtirok etdi.  

Tadbir ochilishida Markaz direktori ishtirokchilarni qutlab, ushbu seminar qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq qilish sohasidagi mutaxassislar bilim va koʻnikmalarini bir qadar oshirishga imkoniyat yaratishi hamda oʻzaro tajriba almashish maydoni boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Dastlabki kunning asosiy qismida mavzu yuzasidan professor Frensis Richard hamda doktor Mariya Eftimiyu maʼruza qildi.  Unda olimlar Oʻrta Osiyoda oʻziga xos qoʻlyozma anʼanasi vujudga kelgan davrdan litografiya va bosmaxona kabi texnologiyalar kirib kelgan paytgacha boʻlgan muddatda yaratilgan manbalar kolleksiyalari, ulardagi qoʻlyozma nusxalarning saqlanishini,  qoʻlyozma qogʻozlarning turlari, foydalanilgan siyoh va ranglar, sahifalash tartibi va bezaklari xususida atroflicha maʼlumot berdi. Shuningdek, qoʻlyozmalarda ishlatilgan kalit soʻzlar, varaq belgilari, muqova va kolofonlariga ham alohida toʻxtaldi.

Kunning ikkinchi yarmida sohaning mahalliy mutaxassislari oʻz shaxsiy ish tajribasi va faoliyat olib borayotgan ilmiy muassasalar haqidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Shu bilan birga, seminar doirasida “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” haqida ham fikrlar bildirildi. Taʼkidlandiki, mazkur konsepsiya yurtimizda tarixiy-diniy merosni oʻrganish, uning ilm-fan va maʼnaviyatdagi ahamiyatini chuqur anglash, shuningdek, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qoʻlyozma manbalar — nafaqat ilmiy meros, balki diniy bagʻrikenglik va maʼnaviy qadriyatlarning ham yuksak namunasidir.

Xorijlik mutaxassislar tomonidan qoʻlyozmalarni arxeologik predmet sifatida oʻrganuvchi kodikologiya sohasida ilmiy yondashuvlar, tahlil va metodlar taqdim qilindi. Ular tomonidan koʻtarilgan masalalar mamlakatimizdagi ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Seminar ertaga oʻz ishini davom ettiradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yoshlarni yot gʻoyalardan asrash va milliy-mafkuraviy qadriyatlarni mustahkamlash tadbiri

Zamonaviy jamiyatda tez oʻzgarayotgan axborot muhiti va keng tarqalayotgan turli gʻoyaviy taʼsirlar sharoitida yosh avlodni …