Home / ALLOMALAR / SAYYID ABDULLOH MUSHKIN QALAM VASFIY TERMIZIY HAYOTI VA ADABIY MEROSINING GERMENEVTIK TADQIQI

SAYYID ABDULLOH MUSHKIN QALAM VASFIY TERMIZIY HAYOTI VA ADABIY MEROSINING GERMENEVTIK TADQIQI

Har bir mamlakatning oʻz tarixi, diniy va milliy qadriyatlari borligi barchamizga maʼlum. Ona yurtimiz – Oʻzbekiston zamini ham azaldan oʻzining bebaho qadriyatlari boʻlgan maʼnaviy va moddiy boyliklari bilan dunyo xalqlari turmush tarziga va madaniyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Dunyo olimlari hamon ajdodlarimizga, boy madaniy merosimizga alohida hurmat va ehtirom bilan qaraydi. Yurtimizning har bir goʻshasida ulugʻ zotlarning qoʻnim topgan maskanlari borligi bizning ulugʻ zotlar avlodi boʻlganimizdan dalolat beradi. Samarqandiylardan – Imom Moturidiy Samarqandiy, Abu Lays Faqih Samarqandiy, Hakim Samarqandiy, Ashraf Samarqandiy, Fitrat Samarqandiy, Nizomiy Aruziy Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy, Bayoziy Samarqandiy, Mutribiy Samarqandiy,  Buxoriylardan – Imom Buxoriy, Abu Hafs Kabir Buxoriy, Abu Hafs Sagʻir Buxoriy, Ubaydulloh Masʼud Buxoriy, Imlo Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, Shavkat Buxoriy, Sayyid Muhammad Buxoriy, Shoshiylardan (hozirgi Toshkent shahri), Badriddin Shoshiy, Badr Shoshiy, Qaffol Shoshiy, Andijondan – Burhonuddin Margʻinoniy, Zahiriddin Muhammad Bobur Andijoniy, Avhaduddin Axsikatiy, Xorazmiylardan – Al-Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Nasafiylardan – Imom Nasafiy, Najmiddin Umar Nasafiy, Qalonsaviy Nasafiy, Ziyouddin Nasafiy, Aziziddin Nasafiy, Sayyido Nasafiy, Keshiylardan – Abd ibn Humayd Keshiy, Abu Shakur Solimiy Keshiy, Fargʻoniylardan – Ahmad Fargʻoniy,  Chagʻoniylardan (hozirgi Denov, Sariosiyo, Uzun, Shoʻrchi, Oltinsoy hududlari) Tohir Chagʻoniy, Roziyuddin Chagʻoniy, Hasan Chagʻoniy, Xoja Alouddin Attor, Xoja Hasan Attor, Mavlono Yaʼqub Charxiy, Muhammad Zohid Vaxshuvoriy,  Soʻfi Olloyor, Sayqaliy Hisoriy, Mavlaviy Jununiy, Termiziylardan – Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Bakr Varroq Termiziy, Adib Sobir Termiziy, Abu Jaʼfar Termiziy, Umar Termiziy, Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy, Xoja Samandar Termiziy, Mirsafo Termiziy, Mushkin qalam Termiziy, Judoiy Termiziy, Sayyid Ali Termiziy (Pirbobo), Fathiy Termiziy, Kashfiy Termiziy, Arshiy Termiziy kabi yurtimizning yuzlab allomalari nomini tilga olish mumkin. Yuqorida nomlari tilga olingan mutafakkir zotlarning boy ilmiy-adabiy merosini oʻrganish va keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etish muhim masalalardan sanaladi. Shu nuqtayi nazardan ushbu maqolada Termiziylarning yetuk namoyandalaridan biri – Mushkin qalam Vasfiy Termiziy hayoti va merosi haqida soʻz yuritiladi.

Xorij manbashunos olimlari bugungi kunga qadar termiziylar adabiy merosi boʻyicha keng qamrovli tadqiqot ishlarini amalga oshirgan. Adib Sobir Termiziy hayoti va merosi tadqiqi borasida fors olimi Muhammad Donishgarning ilmiy ishlari muhim ahamiyatga molik[2:9], Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy hayoti va merosi boʻyicha fors olimlaridan Badiuzzamon Furuzonfar[10:106] va Tavfiq Hoshimpur Subhoniyning bir qator ilmiy ishlarini sanash mumkin [5:24]. Shuningdek, Amir Muizziy, Munjik Termiziy va bir qator termiziylar adabiy merosi va asarlari poetikasi haqida Ehson Shavorib Muqaddam [6:7], Muhammad Ali Nosih [1:17], Muhammad Donishgar, Ahmadrizo Yalmaho [4:3-9], Nosir Hiriy [3:10-18] va Abbos Iqbol [11:88] kabi olimlarning ilmiy izlanishlari diqqatga sazovor. Ushbu mavzu borasida esa A.Murodov, M.Kenjabek, J.Mirzayev, B.Murtazoyev va J.Choʻtmatov oʻz tadqiqotlarida avtobiografik maʼlumotlarni taqdim etgan. A.Murodov “Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan” nomli asarida Sayyid Abdulloh Mushkin qalam Vasfiy Termiziy mohir xattot va rassom boʻlganini tilga oladi [7:25].

Ismi Mir Sayyid Abdulloh, taxallusi “Vasfiy”dir. Muhammad Solih Kashfiyning “Manoqibi Murtazoviy” asari muqaddimasida Kurush Mansuriy “Mir Sayyid Abdulloh Kirmoniy” yoki “Mir Sayyid Muzaffar” kabi ismlarni ham muallifga nisbat bergan. Uning sheʼriyatdagi taxallusi “Vasfiy” boʻlsa, oʻz zamonasining mohir xattoti boʻlgani sababli “Mushkin qalam” unvoni berilgan. “Buyuk Termiziylar” kitobida Vasfiy Termiziy taxallusi “Vosifiy” deb yozilgan. Biroq muallif oʻz sheʼrlarida “Vasfiy” taxallusini qoʻllagan. Muhammad Solih Kashfiy Termiziyning “Manoqibi Murtazoviy” asarida ham “Vasfiy” deb tilga olinadi. Mir Sayyid Abdulloh Shoh Qosim Anvorning avlodi va Shoh Neʼmatulloh Valiyning farzandi boʻlganini Kurushi Mansur taʼkidlab oʻtadi. [8:11]. “Termiziy” nisbasini olishi esa bevosita “Termiziy” sayyidlar avlodidan boʻlgani bilan bogʻliq. Vasfiyning ota-bobolari Hindistonga koʻchib borib, shu yerda qoʻnim topgan. Mutafakkir umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Akbarshoh va Jahongirshoh saroyida mohir xattot va shoir sifatida keng shuhrat qozongan. Shoir oʻz taxallusi va unvoni borasida shunday deydi:

“Vasfӣ” taxallusi manu “Mushkin qalam” xitob,
In nomho zi shohu shohanshoh yoftam.

Mazmuni: Menga taxallusim “Vasfiy” va “Mushkin qalam” deb murojaat qilishadi, bu nomlarni Shoh Neʼmatulloh Valiyning maʼnaviy tarbiyasi hamda Podshohlarning podshohi mehribonligidan topdim.

Muallif asarlarni koʻchirganida kotib “Abdulloh Mushkin qalam” deb yozgan. “Mushkin qalami” unvoni  mohir xattot, kotib va rassom boʻlgani uchun berilgan.

Tavalludi va vafoti. Mir Sayyid Abdulloh 1560-yillar atrofida Dehli shahrida dunyoga kelgan. Bu zotning tavallud sanasi aniq maʼlum emas. “Manoqibi Murtazoviy” asarida Akbarobod shahrida tavallud topgan boʻlishi mumkinligi taxmin qilinadi. Vafoti sanasi 1625-yildir. Baxtovarxon ismli tarixchining “Xattotlar haqida risola” asarida Vasfiyning vafoti 1615-yil deb koʻrsatilgan. Mutafakkir qabri bugungi kunda Hindistonning Ajmir shahrida joylashgan. Ammo koʻplab tarixiy manbalarda Vasfiy 1625-yil vafot etgani aytilgan. Shuning uchun ushbu sana tarixiy haqiqatga yaqinroq boʻlishi mumkin.

Vasfiy Termiziy hayoti va manoqibi (axloqiy xarakteri) borasida ikki oʻgʻli – Muhammad Solih Kashfiy va Muhammad Amin Arshiy tomonidan “Foyizul qulub” (Muhammad Solih Kashfiy) va “Fotihul qulub” (Muhammad Amin Arshiy) asarlarida keng maʼlumot berilgan. Ushbu asarning oʻziga xos jihati shundan iboratki, unda Mushkin qalamning individual xarakteri, valiylik maqomi, ilm borasidagi muhabbati, shaxsiy fazilati, olimlarga ehtiromi, parhezkorligi va faqirona hayoti tasvirlangan. Shuningdek, ushbu asarlarda boshqa valiylar axloqi haqida ham toʻxtab oʻtilgan. Muhammad Solih Kashfiy asarning koʻp joylarida “Valoyati ilm Amir Abdulloh Mushkin qalam quddisa sirruhu” (“Ilm sarboni Amir Abdulloh Mushkin qalamni Alloh sirini muhofaza etsin”) iborasini takror keltiradi. Muhammad Mumin Arshiy otasi vafot etganda “Zi dunyoi daniy qutbi zamon raft” (“Arzimas olamdan zamona qutbi safar qildi”), dafn etilgan joyni “Ravzai jovid” (“Abadiy bogʻ”) [9:964-967], deb keltiradi.

Vasfiy qaysi tariqatga ergashganini quyidagi fakt orqali bilish mumkin. Maʼlumki, Vasfiy yashagan davrda Abdulqodir Jiloniy asos solgan Qodiriya tariqati Hindistonda ham keng tarqalgan edi. Shu tariqat taʼlimoti va gʻoyalari taʼsiri ostida shakllangan Chishtiya tariqati ham keyinchalik musulmonlar orasida tarqala boshlaydi. Tabiiyki, Vasfiy Termiziyga ijtimoiy muhit oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shuningdek, mutafakkir sheʼrlariga ham ushbu tariqat gʻoyalari sezilarli darajada taʼsir koʻrsatgan. Bundan koʻra kuchliroq dalil esa Muhammad Solih va Muhammad Amin yozgan asarlardagi maʼlumotlarda Vasfiyning Chishtiya tariqati namoyandasi sifatida koʻrsatilganidir. Vasfiyga ushbu tariqat sir asrori haqida Shayx Fayzulloh Sahoranpuriy dars bergan. “Foyizul qulub” asaridagi voqealar koʻproq Vasfiyning Xoja Muiniddin Chishtiy xonaqohida oʻtkazgan damlarini oʻz ichiga oladi. Mutafakkir oʻzini Abdulqodir Jiloniyning maʼnaviy shogirdi sifatida bilar edi. “Fehristi nusxahoi xatti Pokiston” kitobida keltirilishicha, “Fotihul qulub” va “Foyizul qulub”da kelgan maʼlumotlar “sharhi holi botini Mushkin qalam”, yaʼni Mushkin qalamning botiniy olami sharhlar majmui hisoblanadi. Ushbu asarlar ikki ulugʻ farzandi tomonidan yozildi va bu risolani doktor Muin Nizomiy nashrga tayyorlagan” [9:964-967]. Muhammad Solih Kashfiy otasi tilidan naql etadiki,

در ایام شباب اکثر مطالعه تذكرة أوليا می نمودم و
 ازسخنانحقاقیقبیانشفیوضمیبردم

[9:964-967]

(Yoshlikda koʻproq valiy zotlar haqida asarlarni oʻqirdim va ularning haqiqat maqomiga eltuvchi soʻzlaridan fayz olardim).

Ushbu asarda Kashfiy otasining fazilati barakasidan ulugʻ martabaga erishgani va xalq orasida keng shuhrat qozonganini ham alohida eʼtirof etadi.

Yoshligi va ilm oʻrganishi. Vasfiy ilk boshlangʻich taʼlimni ota-onasidan olib, soʻngra zamondosh ulamolardan biri Fayzulloh Bahornapuriydan tasavvuf ilmini oʻrganadi. Sanoiy Gʻaznaviy, Fariduddin Attor, Jaloliddin Rumiy, Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy kabi sharq mutafakkirlari merosidan bahramand boʻlib, orifona sheʼrlar yozishga intiladi. Nasx va nastaʼliq xat turlarini juda chiroyli yozardi. Qodiriya tariqati ustozlaridan tariqat sayru sulukini oʻrganadi va maʼnaviy merosini shu gʻoyalar taʼsirida yozadi.

Boy maʼnaviy merosi. Termiziyshunos olim Kurush Mansurning taʼkidlashicha, Vasfiy Termiziydan sheʼriy “Devon” va beshta masnaviy janridagi sheʼr qolgan. Shoir sheʼriyati mazmuni koʻproq axloqiy mavzularga oiddir. Ijodkor individual xarakteriga bogʻliq hasbiya baytlaridan birida oʻzining kamgapligi, odamlar bilan boʻlar-boʻlmas narsalarda tortishishni yoqtirmaganini shunday izohlaydi.

نه حرف با کس و نه گوش با حرف کس
برهم زدی شعر سوال جواب را

[9: 13].

Mazmuni: Na bir kishi bilan ortiqcha suhbat, na bir kishining boʻlar-boʻlmas soʻziga quloq solish bor, sen shu xislat bilan savol-javob (behuda bahs-munozara) qilish shioridan voz kechding.

Xattotlik mahorati. Oʻrta Osiyoda xattotlik sanʼati taraqqiyoti Amir Temur va temuriylar davridan boshlangan. Husnixat sanʼati dastlab Xuroson poytaxti Hirotda rivojlanib, u yerda Sulton Ali Mashhadiy boshliq yirik xattotlik maktabi tashkil topadi. Maktabning oʻziga xos xususiyati shundan iborat ediki, bu yerda asosan Mir Ali Tabriziy yaratgan nastaʼliq xat uslubi Sulton Ali tomonidan takomillashtiriladi. Bu uslub yirik va mayda nastaʼliq kitobat ishlarida keng qoʻllanib, badiiy va tarixiy asarlar faqat nastaʼliq xatida kitobat qilingan. Diniy va baʼzi ilmiy asarlar esa koʻproq meʼmorchilik, naqqoshlik sanʼatida va Sharq epigrafiyasida ishlatilgan. XVI asrda Temuriylar saltanati inqirozga yuz tutib, siyosiy hukmronlik Shayboniylar qoʻliga oʻtishi bilan Buxoroda madaniy hayot maʼlum darajada taraqqiy topadi. Hirot xattotlari, rassomlari va madaniyat arboblaridan bir qismi Buxoroga keladi. U yerda Buxoroning oʻziga xos yangicha kitobat va husnixat sanʼati rivoj topadi. XVI va XVII asrlarda yashab ijod etgan Buxoro xattotlari husni xat bobida oʻziga xos uslub – Buxoro xattotlik maktabini yaratadi [7: 48].

Demak, Temuriylar davrida xattotlik, naqqoshlik va rassomlik keng rivoj topib, butun Movarounnahr, Xuroson va Hindiston kabi oʻlkalarda tarqalgan. Ayniqsa, Boburiylar sulolasi davrida Hindistonda xattotlik, naqqoshlik, rassomlik va sharqona binokorlik taraqqiy topadi. Bu nafis sanʼat turlarini Akbarshoh va Shohjahon yanada kengroq rivojlantirishga intilib, mohir xattot, rassom va naqqoshlarni oʻz saroyiga xizmatga jalb qiladi. Bular qatori Mushkin qalam Vasfiy Termiziy, Muhammad Solih Termiziy, Arshiy Termiziy, Nomiy Termiziy va Judoiy Termiziylarni sanash mumkin. Ushbu zotlar orasida Mushkin qalam Vasfiy Termiziy chiroyli husni xati bilan ajralib turardi. 

Vasfiy Termiziy Akbarshoh va Shohjahon hukmronligi davrida saroyda xattotlik bilan shugʻullanadi. Bir qancha asarlarni nastaʼliq xati bilan koʻchiradi. Saroy mulozimlari uning husni xatini koʻrib “Mushkin qalam” deb unvon beradi. Vasfiyning har ikki oʻgʻli – Kashfiy va Arshiy ham oʻz zamonasida mohir xattot boʻlgani bevosita otasi kasbini davom ettirganidan dalolat beradi.

Vasfiy Termiziy Boburiylar hukmronligi davrida xattotlik maktabini yanada jonlantirishda jonbozlik koʻrsatadi. Uning husni xati koʻpchilikni oʻziga maftun qilardi. Zamondoshlari uni ushbu hunari uchun “Mushkin qalam” (“Qalam xushboʻy”) deyishardi. Nastaʼliq xatida Shohgʻiyos va Roqimiy kabi xattotlarga shogird tushgan.

“Mirʼotul olam” va “Shohjahonnoma” asarlarida Vasfiy Termiziy ijodi borasida quyidagilar yozilgan: “Koʻplab oshiqona sheʼrlari bor, tabiati toza eranlardandir” [8: 12]. Bundan kelib chiqadiki, Vasfiy Termiziy sheʼriyati oshiqona, orifona va badiiy tasvirlarga boy ekan.

Mushkinqalam Vasfiy Termiziyning ikkita oʻgʻlining nomi manbalarda zikr etiladi. Muhammad Solih Kashfiy Termiziy va Mirmuhammad Mumin Arshiy Termiziy. Qizlari va boshqa farzandlari borligi yoki yoʻqligi haqida biz tekshirgan manbalarda maʼlumot uchratmadik.

Vasfiy Termiziy oʻzidan keyin boy maʼnaviy meros qoldirgan. Orifona, oshiqona va ruhiy tarbiyaga oid sheʼrlari tili ravon va tushunish osonligi bilan xalq orasida tez tarqaladi. Uning ijodida gʻazal va masnaviy janrlari yetakchi oʻrin egallaydi. Sheʼrlarida Paygʻambarlar tarixi, insonning yaratilishi, komil inson axloqi tasviri muhim obraz sanaladi. Baʼzi xorijlik adabiyotshunoslar Vasfiy Termiziyni shialik oqimi bilan ayblaydi. Holbuki, mutafakkir ahli sunna val jamoa yoʻlida ekanini sheʼrlarida ochiq-oydin bayon etgan:

من محبّ چار یار مصطفی
خارجی گو خون شود زین ماجرا
هر کرا یک زرّه دانش یار شد
از فراصت مخلص این چار شد
چار انصور هم به هم آمد از آن
کو شوند این چار از پرده عیان

[8: 35].

Mazmuni: Men toʻrt yorning (Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu anhum) doʻstiman, xorijiylar bu koʻrgulikni koʻrib qaygʻuga botishini aytgin. Agar har kimning ozgina ilmi boʻlsa, farosat yuzasidan ularga muxlis boʻlardi. Bu toʻrt yorlar borliqqa kelishi uchun, oldin toʻrt unsur (suv, tuproq, shamol, olov)ni yaratdi.

Muhammad Solih Kashfiy Termiziy “Manoqibi Murtazoviy” asarida otasining sheʼriyatidan misol keltirmoqchi boʻlsa, لوالدی (Otamdan) deb boshlaydi.

“Rayhonatul adab” tazkirasining 4-jildida Vasfiy Termiziyning axloqiy maʼnoga boy ushbu baytlari keltirilgan:

مردمان را به چشم وقت نگر
وز خیال پریرو دی بگزر
چند گویی فلان چنانش مام
چند گویی فلان چنانش پدر
ناف آهو نخست خون بوده است
سنگ بوده است ز ابتدا گوهر
کهتران مهتران شوند به عمر
کس نزاده است مهتر از مادر

[8: 10].

Mazmuni: Odamlarga vaqt koʻzgusi bilan boq. Erta-indin xayolidin voz kech. Qachongacha otam shunday, onam bunday edi, deb maqtaysan. Ohuning kindigi, ilk laxta qondan iborat edi, qimmatbaho gavhar ham dastlab tosh boʻlganini esla. Xoja yoki xodim boʻlishni vaqt koʻrsatadi, chunki onadan hech kim xoja boʻlib tugʻilmagan.

Darhaqiqat, insonni zamon oʻtishi bilan kimligini bilishingiz mumkin. Insonning oʻz feʼl-atvorini doimiy yashirib yurish imkonsizdir. Zamon inson axloqi oinasi ekanini hayotiy tajribaning oʻzi koʻrsatgan. Mutafakkir birovga baho berishda shoshqaloqlik qilmaslik lozimligini aytmoqda. Shoshqaloqlik yuzasidan odamlar orasida qanchalar fitna va urushlar kelib chiqqani tarixiy haqiqat. Har bir ishni erta yoki indin qilaman deb, oʻz umringga ishonma, bu xomxayollik seni halokat zindoniga uloqtirishi tayin. Shu baytlar davomida Vasfiy kiyikning kindigi dastlab bir laxta qon boʻlgani va noyob gavharlar ham ilk oddiy tosh boʻlganini eslatmoqda. Bu misollar orqali alloma nima demoqchi! Aytmoqchi boʻlgan narsasi shuki, hech kimga uning tashqi koʻrinishi yoki faqirligiga qarab baho bermang. Balki shu kabi faqir va haqir insonlar ertaga dunyoni boshqarishi yoki valiy zotlardan boʻlib voyaga yetishi mumkin. Hech kim dengiz tubida qanday qimmatbaho gavhar borligini bilmaydi, Allohning oldida shagʻalning qadri balandmi yoki marvarid toshlarmi bizga qorongʻu. Inson taqdiriga nisbatan xulosaviy fikrni aytish birovning taqdirini bilaman deyish bilan barobar. Ushbu misralar soʻngida inson farzandi onasi qornidan xoja yoki xizmatkor boʻlib tugʻilmasligini bayon etgan.

Kotiblik va rassomlik badiiy sanʼatidan namunalar. Mushkin qalam Vasfiy Termiziy oʻz davrida bir qancha mumtoz shoirlarning sheʼriy devonlarini chiroyli husni xat bilan koʻchirgan. Shu bilan birga, rassomchilik borasida mahorati baland edi.

 Vasfiy Termiziy nafaqat mohir xattot va kotib, balki sharq miniatyura sanʼatida ham oʻz mahoratini koʻrsatgan sanʼatkorlardan biridir. 

 Xulosa. Ushbu maqolada Termiziylar adabiy maktabining yetuk vakillaridan boʻlmish Mushkin qalam Vasfiy Termiziy hayoti va boy merosi haqida soʻz yuritildi. Mutafakkir hayoti va merosi haqida maʼlumot berilgan adabiy va tarixiy manbalar koʻzdan kechirildi. Tadqiqot doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida Mushkin qalam Vasfiy Termiziyning yangi tarjimayi holi ilmiy maʼlumotlar asosida roʻyobga chiqdi. Boburiylar hukmronligi davrida asli Termizlik boʻlgan Nomiy Termiziy, Fozil Termiziy, Vasfiy Termiziy, Kashfiy Termiziy, Arshiy Termiziy, Hoshim Termiziy kabi shoir, xattot va mutasavvif zotlarning Hindistonda faoliyat yuritgani tarixiy haqiqat. Shu nuqtayi nazardan oʻtmishda dunyoning turli madaniyat oʻchoqlarida ilmiy faoliyat olib borgan allomalarimiz hayoti va merosini oʻrganish, keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Adib Sobir Termiziy. Devon/Tasʼhih va muqaddimai Muhammad Ali Nosih. – Tehron: Ilmiy, 1343. – S. 17.
  2. Adib Sobir Termiziy. Devon/Tasʼhih va muqaddimai Muhammad Donishgar. – Tehron: Baynal-milal hudo, 1370. – S. 3-9;
  3. Amir Muizziy. Devon/Tasʼhih va muqaddimai Nosir Hiyriy. – Tehron: Marzbon, 1382. – S. 10-18.
  4. Ahmadrizo Yalmaho//Naqdi Devoni Adib Sobir Termiziy. – Tehron: Kitobi mohi adabiyot va falsafa, mohi obon, 1384. №97.
  5. Maqoloti Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy/ Tasʼhihi Tavfiq Hoshimpur Subhoniy. – Tehron: Nashri anjumani osoru mafoxiri farhangiy, 1395. – S. 3-24.
  6. Munjik Termiziy. Devon/Tasʼhih va muqaddimai Ehson Shavorib Muqaddam. – Tehron: Merosi maktub, 1391. – S. 7.
  7. Murodov A. Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan. – T.: Fan, 1971. – B. 48.
  8. Muhammad Solih Kashfiy Termiziy. Manoqibi Murtazaviy/bo tasʼhehi Kurushi Mansur. – Tehron: Intishoroti Ravzana, 1342 h. – S. 11.
  9. Orif Navshohiy. Fehristi nusxahoi xattii forsii Pokiston. – Tehron: Merosi maktub, 1396. – S. 964-967
  10. Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy. Majmuai mavoiz va kalimoti Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy ba hamrohii tafsiri surai “Muhammad” va “Fath”/bo tasʼhihot va havoshiyi Badiuzzamon Furuzonfar. – Tehron: Markazi nashri donishgohiy, 1339. – S. 106; Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy.
  11. امرالشعرامحمدبنعبدالملکمعزی. دیوان. / بسعیاهتمامعباسعقبال. – تهران: کتابفروشیاسلامی, 1318. – ص. 888
KAROMIDDIN JAMAHMATOV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari, 
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti (DSc)

Check Also

“SAHIHUL BUXORIY” ROVIYSI ABU ISʼHOQ IBROHIM IBN MAʼQIL NASAFIY HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI

Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari Qurʼoni karimdan keyingi manba hisoblanadi. Koʻpchilik bu toʻplam va unga …