Home / FOTO LAVHALAR / Ilmiy xodimlar – Turkiyada malaka oshirishda

Ilmiy xodimlar – Turkiyada malaka oshirishda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimining 3 nafar ilmiy xodimi Turkiya qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasi (Türkiye Yazma Eserler Kurumu Başkanlığı Kitap Şifahanesi ve Arşiv Dairesi Başkanlığı) hamda Sulaymoniya yozma asarlar kutubxonasida malaka oshirish dasturining navbatdagi bosqichida ishtirok etishni boshladi.

Markazda qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq etishga masʼul ilmiy xodim va restavratorlarning sohaga oid bilim va malakasini oshirishga moʻljallangan ushbu dasturni amalga oshirish 2022-yilning yanvar oyida boshlangan boʻlib, u davlatimiz rahbarining 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy qilingan.

2023-yil avgust oyidagi ilmiy amaliyot davomida amaliy mashgʻulotlarga koʻproq eʼtibor qaratilgan edi. Bu galgi oʻquvlarda esa asosiy eʼtibor olingan bilimlarni yanada mustahkamlash va qoʻlyozma manbalar taʼmiri bilan bogʻliq jarayonning navbatdagi bosqichlarini oʻzlashtirishga qaratildi.

Amaliyotchilarning Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasi rahbari doktor Husayn Kutan va Kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasi rahbari Nil Baydar bilan oʻtgan uchrashuvlarida ham shu haqda soʻz bordi.

Muloqotlar davomida restavratsiya ishlari bilan birga kitoblarni saqlash va muhofaza qilish, kataloglashtirish va kutubxona ishini yuritish boʻyicha ham malaka oshirish belgilandi.

Xodimlarning ilmiy amaliyoti bir oy davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

 

Check Also

Rossiya musulmonlariga yangi nashrlar taqdimot qilindi

Avval xabar berilganidek, Qozon shahridagi Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya musulmonlarining VI xalqaro forumi” boʻlib oʻtmoqda. …