Home / MAQOLALAR / OʻZBEKLAR MAROSIMIY MADANIYATIDA DARVESHONA

OʻZBEKLAR MAROSIMIY MADANIYATIDA DARVESHONA

Oʻzbeklarning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida diniy, nikoh toʻyi, taqvimiy marosimlar bilan birga jamoaviy marosimlar, ayniqsa darveshona alohida oʻrin egallaydi. Maʼlumki, “darvesh” forscha soʻz boʻlib, “faqir”, “bechora”, “miskin” maʼnolarini bildiradi, tasavvuf tariqati vakilini anglatadi [6:56]. Shuningdek, darvesh darovez soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, eshiklardan rizqini terib yuruvchi degan maʼnoni ham ifodalagan.

Darveshlar haq (Alloh)ga yetishish uchun foniy dunyo lazzati va havasidan voz kechib, boqiy dunyo saodatiga erishishga harakat qilgan. Ular boriga qanoat qilib, Allohga tavakkal qilgan holda zikr tushgan. Darveshlar ziyoratgoh va avliyolar maqbaralarida koʻp boʻlib, asosan xonaqoh va boshqa diniy imoratlarda kun kechirgan. Jamoa boʻlib harakatlanadigan darveshlar qaysi qishloq, guzar va rabotdan oʻtmasin, ularga suv, yegulik va taom ulashilgan. Shu sababli qadimdan koʻcha ahli va yoʻldan oʻtuvchilar uchun uchun ehson tariqasida qilinadigan marosim Darveshona deb nomlangan. Ayrim olimlar ushbu anʼanani darveshlar jamoasidan tarqalgan bayram, deb talqin etadi [7:55].

Xalq uchun tashkil etiladigan jamoaviy marosimlar haqida Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida ham maʼlumot uchraydi. Qomusiy olim xalq uchun, ayniqsa, faqirlar uchun uyushtiriladigan marosim va bayramlar haqida maʼlumot bergan. Dunyoviy ishlar uchun oʻtkaziladigan bayramlarni mukarram va ulugʻ kunlar deb hisoblab, podshoh va raislar tomonidan oʻtkazilgani keltirilgan. Marosim orqali ular nafsini sevintirishga, ruhini shodlantirishga erishgan, odamlar muhabbatini qozongan va duosini olgan. Ular oʻsha kuni oddiy xalq uchun ham turli marosimlarni joriy qilgan. Oddiy xalq marosimni ado etib, podshoh va amirlar shodligiga qoʻshilar va ularga ixlos bilan boʻysunib, xizmat qilayotganini izhor etardi. Ana shu bayramlar faqirlar hayotining tangligini kenglikka aylantiruvchi, umidvorlar orzusini yuzaga chiqaruvchi, musibat yetganlarni xavf-xatar va kulfatdan xalos etuvchi sabablardan biri boʻlgan [4:238]. 

Buxoro vohasi ziyoratgohlari vaqf hujjatlarida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, bu joylarda doimiy ravishda qozonlarda ovqat qaynab, miskin va faqirlar yegulik bilan taʼminlab turilgan. Shayx Sayfiddin Boharziy (Shayxul olam) ziyoratgohi vaqfnomasida xonaqoh oshxonasida har kuni non va ovqat pishirilishi, haftada olti kun goʻshtli, bir kun goʻshtsiz taom tayyorlanishi, taomdan atrofda yashovchi aholi, kambagʻal va ziyoratchilarga berilishi shart ekani yozilgan. Yana qish oylarida haftaning dushanba va juma kunlari barcha darveshlarga suyuq shirinlik yo holva berish shart qilingan [3:104-105]. Qasri Hinduvon qishlogʻidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohida Subhonqulixon tomonidan yil davomida qozon qaynab turishi vaqfi joriy etilgan. Ziyoratgohdagi  saqoxona (sharbatxona)da toʻyimli va quvvat beruvchi sharbat tayyorlanib, tashrif buyuruvchilarga tarqatilgan [5:81]. Shaharning musofirxona va qalandarxonalari ham och va boshpanasizlarni qabul qilgan. Sumiton qishlogʻidagi Chor Bakr ziyoratgohida esa yil davomida ikkita qozon doimiy qaynagan va yoʻlovchilar taomdan bir kosa yeb oʻtib ketgan [10:32]. Yuqoridagi ehson taomlaridan farqli oʻlaroq darveshona yilda bir marta belgilangan muddatda oʻtkazilgan.

Asosan bahor faslida oʻtkaziladigan anʼanaviy marosim haqida Islom dinida hech qanday taʼrif yoki maʼlumot yoʻq. Ammo dinimizda ushbu marosimning asl mohiyati – silayi rahim muhim oʻrin tutadi. Yurtimizning, asosan, janubiy vohalari (Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqandning ayrim hududlari)da har yili bahor faslining birinchi yarmida darveshona marosimi oʻtkazib kelinadi. Qishning yakunlanishi, ilk bahor kelishi paytida oʻtkaziladigan darveshona turli nomlar – darbishona, darshana, darnishona, davrshona, davra oshi, yil boshi, xalqona, koʻcha oshi, ehson oshi, el oshi va eshon davrasi kabi nomlar bilan ataladi. Shuningdek, marosim Buxoro shahrida oshi darveshoni, oshi darveshi, vohaning Navmetan mavzesida oshi darveshon, Qorakoʻl tumanida elomon oshi, Andijonda darshana, Qashqadaryoning Langarida varushona deb yuritilgan. Xalqimiz bu mahalni ilikuzildi payti deb ham nomlagan.

Marosim bahorni kutib olish, yangi hosil yiliga ruhan tayyorlanish, yaxshi maqsadda qurbonlik qilish, tantana, xursandchilik qilib, mehnat mavsumiga shaylanish kabi ijtimoiy foydali funksiyalarni bajargan [7:55]. Darveshona quyidagi maqsadlar bilan tashkil etilgan. Birinchidan, qish qahatchiligi va qiyinchiligidan sabr-bardosh bilan oʻtib, koʻklamga yetib olgan aholining shukronaligi namunasi sanalgan. Ayrimlar bahorning tut pishiqchiligiga yetolmagan. Keksalar shuning uchun shiraga yetkazsin, deb duo qilgan. Ikkinchidan, qishloq yoki mahalladan balo-ofat daf boʻlishi, yengillik boʻlishi va musibat boʻlmasligi uchun ehson tarqatilgan. Ayniqsa, vabo, terlama kabi kasalliklardan bezgan qishloq ahli mana shunday sadaqa berib, och-nahor, uy-joyi yoʻq insonlar uchun taom tarqatgan. Uchinchidan, dehqonchilikning boshlanish vaqti boʻlgani sabab mirishkor va ziroatchilar hosil yaxshi boʻlishi, yil barakali kelishini tilagan. Oʻzbek qarluqlarida qurgʻoqchilik yillarida mazkur marosim oʻtkazilgan. Ekinlar ekilgach, yomgʻir kelmasa, xudoyi qilib, Allohdan yomgʻir soʻrab, duo qilgan [9:51-52].  Eski yil yakuni, yangi yil boshlanishi ramzi darveshona sanalgan. Taqvimlarni yaxshi oʻzlashtirilgan xalqimiz 5-fevralni chorva oyi boshlanishi, 15-fevralni esa dehqon oyining boshlanishi, deb hisoblagan. Toʻrtinchidan, mahalla yoki qishloq jamoasini bir dasturxon, yagona qozon atrofida jamlash orqali mehr-oqibat, birdamlik va hamjihatlik taʼminlangan. Darveshonada koʻpchilikning qatnashishi, hammaning yaxshilik tilab duoga qoʻl koʻtarishi va koʻp kishining iltijosini Alloh eshitadi degan tushunchaga rioya etilishi oʻziga xos xususiyatdir [8:30]. Shu sababdan marosimda qishloqning yoshu qarisi baravar ishtirok etishi shart boʻlib, turkiylarning qadim eʼtiqodi boʻyicha hosil maʼbudlari sharafiga qurbonlik keltirilgan.  

Yurtimizning baʼzi hududlarida darveshona ikki xil shaklda oʻtkazilgan. Kichik darveshona 23-24-mart, katta darveshona 26-27-mart kunlari tashkil etilgan. Kichik darveshonada katta darveshonaning tashkiliy masalalari muhokama qilinib, pishiriladigan taomlar, olib kelinadigan yeguliklar ayollar oʻrtasida taqsimlangan. Katta darveshonada erkak va ayollar alohida-alohida vaqtda qatnashgan. Erkaklar peshingacha, ayollar esa tushdan keyin ishtirok etgan [11].   

Buxoroda oʻrta asrlardan buyon oshi darveshona va oshi harifonani oʻtkazish urf boʻlgan. “Oshi darveshona” deyishdan maqsad oʻz davrida Alloh yoʻlida tarki dunyo qilgan darveshsifat insonlar, yetim-yesir, uy-joysiz qolgan kambagʻal va beva-bechoralarga muruvvat dasturxonini yozishdir. Ikkinchisi “Oshi harifona” doʻstlar orasida mehr-oqibat yoʻqolmasligi uchun doʻstlar birlashib, pul yiqqan holda dam olish yoki bayram kunlari jam boʻlgan. Ular yigʻilganda doʻstona suhbat va amri maʼruf qilib, ilm oʻrgangan. 

Buxoro tumanining Novmetan hududida oʻtkazilgan oshi darveshon (darveshlar maʼrakasi)da 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan aholi qatnashgan.  Sharoitidan kelib chiqqan holda har kim nimaiki topsa, borini dasturxonga qoʻygan, xatmi Qurʼon qilishgan. Marosimda mahalla aholisi xonadonidan olib chiqadigan masalliqqa qarab taom, masalan, moshxoʻrda yoki boshqa dukkakli ovqat tayyorlangan. Ehson taomi guzardagi masjid hududida pishirilib, baham koʻrilgan. Taomdan yetim yesir, ogʻir bemor, qariya va bevalarga tarqatilgan. Mahallaning keksa axborotchilariga koʻra, 1950-60-yillarda marosim guzar yoki koʻcha vakillari bilan oʻtkazilib, asosan oshi sofi va oshi qobuli taomlari pishirilgan. Ayni shu kunlarda mahalla ahli muhtoj oilalarga yordam berish, yangi masjid qurish va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish masalalarini muhokama etgan[1]. 2012-2014-yillarda Xushun mahallasidagilar marosimni mahallada ketma-ket musibat boʻlganda, ularning xalq boshidan arishini soʻrab oʻtkazgan.

Marosim jamoasiga toʻplanganlar imkoniyatiga qarab maʼlum miqdorda mablagʻ ajratadi. Baʼzi hollarda vakillar uyma-uy yurib, “Sadaqa yormasi chiqaryapmiz”, “Sadaqa raddi balo, kelayotgan ofatlarni daf qilar, ataganlaringni qoʻshinglar”, “Yigit pirlariga darveshona chiqaramiz” kabi  chaqiriq bilan marosimda tayyorlanishi kerak boʻlgan taom uchun mablagʻ yigʻilgan.

Aksariyat hollarda, vakillar darveshona uchun qishloq aholisidan imkoniyatiga qarab pul yigʻadi. Oʻziga toʻq va badavlat xonadonlar koʻproq hissa qoʻshadi, baʼzida ular savob umidida butun marosim xarajatlarini qoplaydi.  Darveshona marosimining yana bir oʻziga xos tomoni, savobli ishlarni amalga oshirishga intilishdir. Yigʻilgan pulning maʼlum bir qismi buzilib qolgan yoʻllarni taʼmirlash, masjidlarni obod etish, kam taʼminlangan oila farzandlariga sovgʻalar (velosiped, kiyim-bosh) ulashishga sarflanadi.   

Baʼzi hududlarda darveshonani 36 yoshni qarshilayotgan muchaldoshlar oʻtkazishi anʼanasi mavjud. Edilbek qishlogʻida muchalini nishonlayotganlar qishloq ahliga osh beradi. Chimqoʻrgʻon qishlogʻida har yili 40 yoshga toʻlgan erkaklar darveshona qilib beradi [12]. Unda sayl tomoshasi va sahnalari tashkil etiladi. Arqon tortish (ayollar oʻrtasida ham), tosh koʻtarish va kurash singari qadimiy sport oʻyinlari oʻtkaziladi.    

Darveshonani qishloq oqsoqollari va nuroniylar “omonligu omonlik hech koʻrmaylik yomonlik” deb boshlab beradi. Marosimda bosh boʻluvchilarni Buxoroda guzarvakil, Qashqadaryoda rais, eshon buva, koʻcha boshi, Andijonda oqsoqol deb atagan. Jizzaxda esa marosim kunini aniqlab, uni elga maʼlum qilish qishloq imomi zimmasida boʻlgan.

Darveshona marosimida tayyorlanadigan taom aniq belgilanmagan. Hududlarda etnik, tabiiy joylashuv, demografik, xoʻjalik va ijtimoiy xususiyatlardan kelib chiqib, turli ovqatlar tayyorlangan. Darveshona aslida darveshlarga beriladigan osh maʼnosini bildirsa-da, ammo turli xil suyuq va quyuq taomlar pishirilgan. Marosim uchun maxsus qozon boʻlib, u degi darveshona – darveshlar qozoni deb nomlangan. Sababi, qozon taomi asosan musofir, muhtoj va gʻariblarga xizmat qilgan. 

Har yili erta bahor faslida qishloq va shahar mahallalarida 2-3 kishi uyma-uy yurib pul yoki oziq-ovqat toʻplashgan. Ilgari asosan halim taomi biror kishining hovlisida yoki masjidda pishirilgan. Tashkilotchilar tomonidan xonadonlardan toʻplangan ehsonlar evaziga xudoyi – darveshona qilingan [7:55].

Marosim uchun moshova, goʻja yoki yorma, halim kabi toʻq tutuvchi taomlar tanlangan [1]. Dasturxonning kamtarona va asosiy taomi yorma oshi (qoʻy goʻshti, noʻxat va bugʻdoy) va non sanalgan. Shuningdek, Qashqadaryoning Shahrisabz hududida shoʻrva, Yakkabogʻda halim, boshqa joylarida guruch osh, Andijonda shoʻrva va osh, Dehqonobodda esa yorma, Xorazmda shovla, Buxoroda oʻmoch va moshova qilingan. Yorma yoki yarma  7 xil mahsulot – yanchilgan bugʻdoy, mosh, loviya, guruch, marvarid arpa (perlovka), noʻxat, qizil loviya va bugʻdoydan tarkib topib, mahsulotlar pishib yorilishi sababli shunday nomlangan. Bugʻdoyni ayollar keli toshlarda tuyib beradi [13]. Taomga har xil bahoriy koʻkatlar, sabzavotlar, hatto oʻrik qoqi ham solingan. Ayrim hududlarda qatiqli osh ham tayyorlangan va xamir ustiga suzma suzilib, tanovul qilingan [14]. Ushbu marosim taomi uchun ehson tariqasida xoʻroz, qoʻchqor, katta mol, ot va tuya qurbonlik qilingan. Surxondaryoning Niholzor qishlogʻida yilda oʻlimlar soni koʻpayib ketsa, qurbonlikka tuya berilgan [15]. Taom shifobaxsh va koʻp kasalliklarga davo hisoblangan. Andijonliklarda ushbu taom tish kasalligida shifo boʻladi degan tushuncha shakllangan. Qashqadaryoning Maylijar qishlogʻida taom uchun jonliq sifatida semiz qoʻy olinadi. Uning goʻshti kechasi bilan qaynatilgach, shoʻrva va tegirmonda yanchilgan bugʻdoy bilan birga yarma taomi tayyorlanadi.

Darveshona dasturxoniga har bir xonadon imkoniyatidan kelib chiqib, atala, koʻk somsa, qovurmoch, qatiqli osh va boshqa milliy taomlarni tayyorlaydi. Marosimdan bir kun oldin ayollar sumalak pishirib, darveshonada tarqatgan. Bahorning ilk koʻkati jagʻ-jagʻ oʻsimligidan, albatta, pishiriqlar tayyorlashgan. Jizzaxda dasturxonga talpiq[2], koʻk chuchvara, burrak[3] qoʻyilgan. Baʼzi hududlarda marosim dasturxoni choʻzmasiz oʻtmagan. Xamir zuvalalari 9, 11, 13, yaʼni toq sonda boʻlingan. Soʻngra yupqa koʻrinishida yoyilib, kichik non shakliga kelgach, qizib turgan yogʻda pishirilgan. Yegan-ichganlarimizning savobi oʻtganlarga yetsin deb, oxirgi choʻzmaga kelganda yogʻdan yarim choʻmich olib, olovga tashlangan. Oʻlik toʻysa, tirik toʻyadi, singari eʼtiqodlarga amal qilingan [11]. Choʻzmani asosan farzandsiz ayollar pishirib, el duosini olgan. Hamma olib chiqqan taomlarini bir-biriga ulashadi. Qand-qurslar dasturxonga sochiladi [16]. Marosim taomi tayyor boʻlgach, xabarchilar “jamoa jappa darveshonaga kelinlar, qozon ochildi” deb qishloq aholisini chaqirib chiqadi. Marosimga aytuvchilar xabarchi, jarchi, Jizzaxning Kumushkon qishlogʻida tavachi deyilgan. Marosim taomi qozonini oqsoqol ochib, uning boshida Qurʼon tilovat qilingan, soʻngra suzilgan.  

Darveshona Buxoro vohasida deyarli oʻtkazilmaydi, shaharning ayrim xonadonlaridagina kichik darveshona oʻtkaziladi. Tojiklar degi qoʻraba oshi darveshi mekunem, xudoyiba guzareton, doira mezanem (oʻchoqqa darvesh oshi qilamiz, ehson dasturxoniga oʻting, doira uramiz), deb mehmonlarga xabar qiladi. Oʻn kilogramm guruchdan osh damlanadi. Bu ishni asosan ayollar bajaradi.

Darveshona marosimi katta sayl tarzida oʻtkazilgan. Qishloqning har bir xonadoni koʻrpa, dasturxon, taom uchun kerakli laʼli va idish-tovoq olib boradi. Marosim ishtirokchilari qishda toʻplangan kasalliklarni koʻchaga tashlash maqsadida daryo va kanal boʻyida toʻplanib, ovqatlangan. Qashqadaryoning ayrim qishloqlarida zaxkash boʻylaridagi zovur yoqa degan joylarda marosim tashkil etilgan. Odamlarda oqar suv kasalliklarni oqizib ketadi, degan tasavvur boʻlgan. Beruniy maʼlumotiga koʻra, Navroʻzning qadimiy odatlaridan biri sifatida odamlar tong payti kanal yoki hovuzga borib, oqib turgan suvga roʻpara turgan holda barakali boʻlish, ofatlarni daf etish uchun ustidan suv quygan [4:257]. Odamlar dardu sitam, xastalik va yomon kunlar unutilib, oqib ketishi uchun qoʻl-yuzini oqar suvda yuvgan,  marosim idish-tovoqlarini obi ravonda chaygan.  

Boshqa hududlarda qishloq markazidagi katta joy, keng dala yoki maktab futbol maydonida darveshona oʻtkazilgan. Barchaning yetib kelishi oson boʻlishi uchun oraliqdagi hududni tanlashga harakat qilingan. Qashqadaryoning Nurobod qishlogʻida ushbu marosim qadimdan beshta oʻchoq mavjud joyda tashkil etilgan va ular har yili tozalangan. Mazkur hudud avliyo joy, shayit joy sifatida ulugʻlangani bois nurobodliklar marosim qozonlarini ayni shu maydonga osgan [17]. Loyqasoy qishlogʻida qadimiy Tulkitepa degan joy boʻlib, anʼanaga koʻra aholi shu yerga yigʻiladi. Ular bu yerda toʻrtta qozon ilib, marosim taomini pishiradi [18].   Xorazmda ushbu marosim ota-bobolari va ajdodlari dafn qilingan qabristonlarda oʻtkazgan [2:109].

Katta yoʻl yoki daryo yoqasida qurilgan doshqozonlarda qaynayotgan ovqatga barchaning haqqi boʻlgan. Oʻtgan-ketganlar yoʻliga ilhaq turilgan. Koʻringan kimsa alohida izzat-ikrom bilan chorlangan va bir kosa taom suzilib, manzirat qilingan. Yosh-yalang xizmatga shay turgan. Vohalardagi katta darveshona marosimida dasturxon toʻriga faqirlar, beva bechoralar oʻtqizilgan.  Darveshona taomi birinchi navbatda azadorlarni yoʻqlash maqsadida ularning xonadoniga yuborilgan. Qishloq vakillari sanalgan koʻchaboshilar uyma-uy yoʻqlov oshi tarqatgan [19]. Shuningdek, qozonda qolgan yorma taomi uzoqda boʻlgan, saylga kelolmaganlarga yoshlar orqali berib yuboriladi.  Ayrim hududlarda, mabodo marosim taomi ortib qolsa, oʻtgan-qaytganlarga tarqatilgan, baʼzi hollarda baliqlarga ozuqa sifatida suvga oqizilgan[4].

Marosimning muhim tartiblaridan biri taomning koʻchada tanovul qilinishi va uyga olib ketilmasligidir. Ehson koʻchaniki, jamoaniki, hayrot shaklida boʻlgani uchun uyda yeyish mumkin boʻlmagan. Umuman marosim yeguligi va buyumlari uyga qaytmaydi. Dasturxondan qolgan masalliqlar uvol boʻlmasligi uchun hayvonlarga berilgan. Hatto ortib qolgan oʻtinlar ham toʻlaligicha yoqilgan yoki oʻsha hududda kelasi yil uchun gʻamlab qoʻyilgan [20].

Darveshona yigʻini soʻngida el maslahati ham boʻladi. Qashqadaryoda qishloq mol-qoʻyini boqadigan choʻpon, toʻy-tepchik, maʼraka-marosimda xizmat qiladigan arbobu xodimlar va el oshpazi saylanadi. Bu odatga hozirda ham amal qilinmoqda. Har yilgi darveshonada shunga oʻxshash masalalar muhokama qilinadi. Ishboshilar saylab va albatta, Navroʻzning qanday oʻtkazilishi kelishib olinadi  [1].

Umuman olganda, darveshona oʻzbek halqining ijtimoiy, maʼnaviy hayotida alohida oʻrin egallagan marosimdir. U turlicha shakl va koʻrinishda oʻtkazilsa-da,  mehr-oqibat, birdamlik, hamjihatlik, uyushqoqlik va jamoaviylik xususiyatlarini oʻzida saqlab qolgan. Xalqimizda odam taftini odam oladi, degan naql bor. Inson borki, albatta, mehrga, oqibatga, oshno boʻlib yashaydi. Darveshona marosimi ham sof insoniy fazilat, oʻlmas qadriyat va tarixiy anʼanalarni namoyon etishi bilan ajralib turadi. Ilgari darveshona taomini faqat darveshu qalandar yoʻlovchilar, gadolarga tarqatilgan boʻlsa, hozir unda asosan qishloq ahli ishtirok etadi. Shunday boʻlsa-da, marosimning umumiy funksiyasi, maqsad mohiyati oʻzgargan emas. Marosim tarixini chuqur tadqiq qilish va xalqimiz hayotidagi oʻrnini oʻrganish yoshlarga ajdodlar tajribasi haqida maʼlumot berish imkonini beradi. Bu esa, asriy qadriyatlar davomiyligini taʼminlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdullayeva X. Xalqona udumlar. Darveshona – xayru ehson marosimi // Qashqadaryo gazetasi. 2017-yil 18 mart. (Elektron resurs) http://qashqadaryogz.uz. (Murojaat 24.03.2024-yil)
  2. Abidova Z. Xorazm vohasi ziyoratgohlari va qadamjolari (tarixiy-etnologik tadqiqot): tar. fan. boʻy. fal. dok. diss. – Toshkent, 2018. – B.109.
  3. Asrorova L. Buxoroni sharif etgan zot – Sayfiddin Boxarziy. – Toshkent: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2021. – B.104-105.
  4. Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. – Toshkent: Oʻzbekiston, 2020. – B.238.
  5. Bobojonov Sh. Bahouddin Naqshband tarixiy-meʼmoriy majmuasi. – Toshkent: Navroʻz, 2019. – B.81
  6. Islam. Ensiklopedicheskiy slovar. – Moskva: Nauka, 1991. – S.56.
  7. Qoraboyev U. Oʻzbek xalqi bayramlari. – Toshkent: Sharq, 2002. – B.55.
  8. Qurbonova M. Buxoro vohasi oʻzbek va tojiklarining anʼanaviy taomlari. (XIX asr oxiri va XX asr boshlari): Tarix fanlari nomzodi diss. – Toshkent, 1994. – B.30.
  9. Shaniyazov K. Uzbeki-Karluki (istoriko-etnogra­fiches­kiy ocherk). – Tashkent: Nauka, 1964. – S.51-52.
  10. Husenov S., Rajabova I. Chor Bakr. – Toshkent: Sharq, 2001. – B.32.
  11. Dala yozuvlari. Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani, Uchtepa dahasi. 2024-yil, fevral.
  12. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumani, Edilbek, Chimqoʻrgʻon qishloqlari. 2024-yil, fevral.
  13. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumani, Langar qishlogʻi. 2024-yil, yanvar.
  14. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani. 2024-yil, fevral.
  15. Dala yozuvlari. Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, Niholzor qishlogʻi. 2024-yil, fevral.
  16. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Koʻkdala tumani, Moylijar qishlogʻi. 2023-yil, noyabr.
  17. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumani, Fayzobod mahallasi, Nurobod qishlogʻi. 2023-yil fevral.
  18. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani, Loyqasoy qishlogʻi. 2024-yil, fevral.
  19. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Gʻishmon qishlogʻi. 2022-yil, aprel.
  20. Dala yozuvlari. Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʻ tumani, Serob qishlogʻi. 2024-yil, yanvar.
[1] 1950-yilda tugʻilgan, Novmetanda yashovchi Roziya Odilovadan yozib olindi.
[2] Talpiq – yoyilgan xamirga koʻkatlar solinib, yogʻda pishirib olinadigan taom.
[3] Burrak – toʻrtburchak shaklda tandirga yopiladigan koʻk somsa.
[4] 1947-yilda tugʻilgan Imsim Abduvasiyevadan yozib olindi. 2023-yil, noyabr.
SHAVKAT BOBOJONOV,
TerDU mustaqil tadqiqotchisi (DSc),
TDPU dotsenti v.b., PhD

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …