Home / ALLOMALAR / ABUL BARAKOT NASAFIYNING “AL-EʼTIMOD FIL EʼTIQOD” ASARI TAVSIFI

ABUL BARAKOT NASAFIYNING “AL-EʼTIMOD FIL EʼTIQOD” ASARI TAVSIFI

Abul Barakot Nasafiy (vaf. 710/1310) tafsir, fiqh, aqida va usulul fiqh kabi sohalarda sermahsul ijod qilib, islomiy ilmlar rivojiga katta hissa qoʻshgan buyuk olimlardan biridir.

Alloma aqidaga oid “Umdat aqidati ahli sunna val jamoa” (“Ahli sunna val jamoa aqidasi asosi”), “Bahrul kalom” (“Kalom ilmi dengizi”), “Umdatul aqoid” (“Aqidalar asosi”), “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” (“Eʼtiqoddagi tayanch”) nomli asarlarni taʼlif etgan[1].

Bularning barchasi moturidiya taʼlimoti asosidagi sunniylar aqidasiga bagʻishlangan asarlardir.

“Umdatul aqoid” muxtasar asar boʻlib, kalom ilmiga oid muhim masalalarni oʻz ichiga olgan. Asarning Jamoliddin Mahmud ibn Ahmad Quvnaviy (vaf. 770/1368-69)ga tegishli “Az-Zubda”, XIV asrda yashagan Ahmad ibn Aʼvaz Donishmand Aqshihariy Hanafiyning “Al-Inqod fiy sharhi umdatil eʼtiqod” nomli oʻnga yaqin sharhi mavjud[2].

Eʼtiborli jihati shundaki, “Al-Umda fiy aqidati ahli sunna val jamoa” asariga muallifning oʻzi ham sharh yozgan va uni “Al-Eʼtimod” deb nomlagan[3].

Hoji Xalifa “Kashfuz zunun”da: “Eʼtimodul eʼtiqod” asari shayx, imom Hofiziddin Abdulloh ibn Ahmad Nasafiy Hanafiyga tegishlidir”, deb keltiradi[4].

Biz oʻrganayotgan ushbu “Al-Eʼtimod fil-eʼtiqod” asari uzoq yillardan buyon nodir qoʻlyozmalar orasida saqlab kelingan. XX asrdan boshlab baʼzi arab va turk tadqiqotchilari tomonidan oʻrganila boshlangan.

Ushbu kitob Abu Mansur Moturidiy (vaf. 333/944) va Abul Hasan Ashʼariy (vaf. 324/936) aqida maktablarining orasini muvofiqlashtirgan asar hisoblanadi. Umumiy qilib aytganda, u ahli sunna val jamoa aqidasini jamlagan asardir.

“Al-Eʼtimod fil-eʼtiqod” asari moturidiylik maktabidagi boʻshliqlarni toʻldiradi. Chunki kitobni yozish hijriy VII asrda (XIII asr oxiri) nihoyasiga yetgan. Bu davrda esa, moturidiya maktabi kitoblari kam sonli boʻlgan. Shu sababli, bu kitob moturidiylik maktabi tarixini bogʻlovchi muhim halqa sifatida namoyon boʻladi.

Bu asar muallifning “Umdatul aqoid” nomli kitobiga sharh oʻlaroq yozilgan. Yuqorida taʼkidlanganidek, “Umdatul aqoid”ning sharhlari koʻp. Bu esa uning olimlar eʼtiborini tortganini, oʻzi va muallifi qadri nechogʻlik baland ekanini anglatadi.

Shuni taʼkidlash kerakki, muallifning oʻz kitobiga sharh yozishi uning boshqa asarlar orasida yuqori oʻrinda ekanidan darak beradi. Chunki muallifning oʻzi boshqalardan koʻra oldiga qoʻyilgan maqsadni yaxshi biladigan va kitobdagi nozik iboralarni kengroq ochib beradigan shaxsdir.

Abul Barakot Nasafiy ushbu asarni taʼlif etish sababini kitobning kirish qismida, Allohga hamd va Paygʻambarga salavot va salomlar aytgandan keyin quyidagicha keltiradi: “Ahli sunna val jamoa aqidasini bayon qilish borasida tasnif etgan “Al-Umda”[5] asarimga qiziqish katta ekanini koʻrdim. Garchi, u diroyatdan xoli boʻlmagan, rivoyatlar bilan toʻldirilgan boʻlsa ham, mushkulotlarni izohlaydigan, qiyin masalalarni ochiqlaydigan sharhga muhtoj edi. Shunda men bandalar Xoliqining tavfiqi bilan masalalari sharhlangan, dalillari mufassal bayon qilingan, “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” deb nomlangan bir kitobni jamlashni xohladim. Alloh Oʻziga tavakkal qiluvchi kishiga kifoya qiluvchi va ishlarini Unga topshiruvchi kishiga yordam beruvchidir. Menga Uning Oʻzi yetarli va U qanday ham yaxshi yordam beruvchidir”[6].

Muallif asarida moturidiylik va ashʼariylik aqidasi orasidagi lafziy ixtiloflarni keltirmaslikka uringan boʻlsa ham, ayrim oʻrinlarda ikki maktab orasidagi ixtiloflarni muvofiqlashtirishga harakat qilgan. Masalan, “Alloh taolo kofirga kufrni iroda qilishi” masalasida Imom Ashʼariy ixtiyor etgan soʻzni zikr etib, bu oʻz shayxi Abu Mansur bildirgan fikrga yaqin ekanini taʼkidlaydi. Imonning haqiqati borasida ashʼariy mazhabining fikrini bayon qilib, undan moturidiylik mazhabiga muvofiq keladigan fikrni oladi. “Muqallidning imoni” masalasida esa “Bunda moturidiya va ashʼariya mazhablari orasida ixtilof yoʻq. Ixtilof faqat moʻtazilalar bilandir”, deb zikr qiladi.

Muallifning moturidiylik va ashʼariylik maktablari orasini yaqinlashtirishga harakat qilgani ham kitobning nechogʻlik ahamiyatli ekanini koʻrsatadi. U ushbu saʼy-harakatiga toʻliq erishdi deb aytmoqchi emasmiz. Chunki hali koʻp masalalar muallaq boʻlib, ular orasidagi lafziy ixtiloflar davom etmoqda. Lekin olimning qilgan ishlari muhim ahamiyatga egadir.

“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asarining tarkibiy tuzilishi haqida aytadigan boʻlsak, u muqaddimadan tashqari 55 ta mavzuni oʻz ichiga olgan[7].

Lekin turk olimi Muhammad Yazichi asarning tarkibiy tuzilishi haqida: “Umumiy maʼlumotlar, ilohiylik, paygʻambarlik, vasiyat, qazo va taqdir, imon, semʼiyot, turli masalalar va imomat masalalaridan iborat 8 qismdan iborat boʻlgan asarda jami 54 bob mavjud”[8] deb boblar sonini 54 ta deb keltirgan. Chunki u “Haqiqatlarni isbotlash” deb nomlangan dastlabki mavzuni bob sifatida keltirmagan boʻlishi mumkin.

Ammo Azhar universiteti “Usuli din” fakulteti ustozi doktor Abdulloh Muhammad Abdulloh Ismoil “Haqiqatlarni isbotlash” bobini ham alohida keltirib bunday deydi: “Shuni koʻrishimiz mumkinki, muallif (yaʼni Nasafiy) oʻz kitobini ushbu masala bilan boshladi. U bu borada Abul Muin Nasafiy, Najmiddin Nasafiy va boshqa moturidiya maktabining yetuk olimlaridan boʻlgan oʻz salaflariga ergashgan. Buning sababi shuki, islomiy aqida kitoblarini ushbu masala bilan boshlash juda ahamiyatlidir. Chunki “Haqiqatlarni isbotlash” masalasi boʻlmasa, Allohning mavjudligi va undan boshqa haqiqatlar kabi tavhid ilmining haqiqatlarini isbot qilish mumkin emas. Shuning uchun olimlar ushbu masalani asos qilib olgan”.

Abu Isʼhoq Saffor Buxoriy (vaf. 534/1139) ham “Talxiysul adillati li qavoidit tavhid” asarini “Haq va botil haqidagi boʻlim” degan mavzu bilan boshlagan.

Demak, “Haqiqatlarni isbotlash” mavzusi ham alohida bob hisoblanar ekan. Shu sababli, “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari 55 bobni oʻz ichiga olgan, deb xulosa qilish mumkin.

Asarda dastlab boshqa islomiy aqida kitoblari singari asosiy masala, hukmlarning sharh va tahlili bayon etilgan. Masalan, Alloh taoloning zotiga taalluqli vojib boʻlgan sifatlarni Unga isbot qilish, U zotning mavjudligi, olamning yaratuvchisi ekani va yakka-yu yagona, qadim, mutakallim, barcha komillik sifatlari bilan sifatlangani bayon qilingan.

Shuningdek, dastlabki mavzular Alloh taolo zotiga loyiq boʻlmagan narsalarni inkor etishni oʻz ichiga olgan. Masalan, Uning zoti araz, javhar va jism emasligi hamda Alloh taolo zotiga loyiq boʻlmagan nuqsonli salbiy sifatlar bilan sifatlanmasligi bayon etilgan.

Shundan soʻng nubuvvat, risolat masalalari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam risolatini tasdiq etish, nubuvvat shartlari, imon masalasi, uning mohiyati, ziyoda yo kam boʻlmasligi haqidagi aqidaga oid turli mavzular bayon etilgan.

Bundan tashqari, asarda isbot qilishda faqat Qurʼon va sunnatga tayaniladigan masalalar ham qamrab olingan. Masalan, oxiratdagi hisob-kitob, sirot koʻprigi kabi masalalar, tarozi, jannat, doʻzax va boshqa misollarni keltirish mumkin[9].

Asardagi mavzularning umumiy jihatiga eʼtibor beradigan boʻlsak, Abul Barakot Nasafiy har bir mavzuda moʻtazila, mushabbiha, xavorij, karromiya, qadariya, murjia kabi adashgan toifalar gʻoyalarini keltirib, ularga naqliy va aqliy dalillar bilan raddiya bergan.

Nasafiy ushbu asarni umrining oxirlarida taʼlif etgan”[10]. Asarning yozilishi 698-yili 26 jumadul avval (1299-yil 1-mart) oyida yakunlangan[11].

“Al-Eʼtimod fil-eʼtiqod”ning asosiy manbalari Abul Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” va Nuriddin Sobuniyning “Al-kifoyatu fil hidoya” nomli asarlaridir. Bu jihatdan asar rejasi va iboralarining “Tabsiratul adilla”ning sharhi boʻlgan “Kitobut tamhid” bilan oʻxshashligi ham eʼtibordan chetda qolmaydi[12].

Boshqa tomondan, asarda Imom Gʻazzoliy va Faxriddin Roziy kabi ashʼariy olimlariga ham ishora qilingan. Bu shuni koʻrsatadiki, muallif oʻzidan oldingi Abul Muin Nasafiy yondashuvidan farqli oʻlaroq, moturidiya va ashʼariyaning bir-biriga xilof qilgan tomonlariga urgʻu bermaydi, balki ikki mazhabning mushtarak tomonlarini koʻrsatishga harakat qiladi[13].

“Al-Eʼtimod fil-eʼtiqod” asarining bugungi kungacha yetib kelgan turli qoʻlyozmalari orasida Sulaymoniya kutubxonasi, Fotih, 721-yil sanasi bilan №3085 raqami ostida roʻyxatga olingan nusxasi xattotlikdagi ravonligi bilan ham, muallif vafot etgan 710-yilga yaqinligi bilan ham eʼtiborni tortadi[14].

“Al-Umda” va “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asarlaridan ulamolar oʻz kitoblarida manba sifatida foydalangan. Jumladan, bu asarlar orasida Ibn Humomning “Al-musayara”, Taftazoniyning “Sharhul maqosid” asarlarini keltirish mumkin.

Yana Taftazoniyning “Aqoidi Nasafiy” asari bilan “Al-Umda” va “Al-Eʼtimo” asarlari solishtiriladigan boʻlsa, matnlarining qanchalik yaqin ekani yaqqol koʻzga tashlanadi.

Muhammad Yazichi asar haqida: “Xuddi shunday “Sharhi fiqhul akbar”ning muallifi Mulla Ali Qori ham “Al-Eʼtimod”dan manba sifatida foydalangan, degan fikrdamiz. Chunki “Sharhi fiqhul akbar”ga nazar tashlaydigan boʻlsak, ayniqsa, imomat bahsi unga juda ham oʻxshashdir”[15] deydi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod asari” moturidiya taʼlimotini keng sharhlab bergan, adashgan toifalar gʻoyalariga asosli raddiyalar bergan hamda ahli sunna val jamoa aqidasini jamlagan asar hisoblanadi.

 [1] Maxsudov D. Buyuk ajdodlarimiz “Abul Barakot Nasafiy hayoti va ilmiy ijodi”. – T.: Toshkent islom universiteti, 2013. – B.61.
[2] Maxsudov D. Buyuk ajdodlarimiz “Abul Barakot Nasafiy hayoti va ilmiy ijodi”. – T.: Toshkent islom universiteti, 2013. – B.13.
[3] Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. Muhammad Sharafiddin Yoltqoya tahqiqi. – J.II. – Bayrut: Dor ihyoʼut turosil arabiy. – B.1168.
[4] Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. Muhammad Sharafiddin Yoltqoya tahqiqi. – J.I. – Bayrut: Dor ihyoʼut turosil arabiy. – B.119.
[5] “Umdatul aqoid” asari nazarda tutilgan.
[6] Abul Barakot Nasafiy. Al-Eʼtimod fil eʼtiqod. Dr. Abdulloh Muhammad Ismoil tadqiqi. – Qohira: Maktabatul azhariyya lit turos, 2011. – B.106-107.
[7] Abul Barakot Nasafiy. Al Eʼtimod fil eʼtiqod. Dr.Abdulloh Muhammad Ismoil tadqiqi. – Qohira: Maktabatul azhariyya lit turos, 2011. – B.535-538.
[8] Muhammed Yazici. Ebüʻl-Berekât en-Nesefî, Hayatı, Şahsiyeti ve el-İʻtimâd fiʻl-iʻtikād Adlı Eseri. – Erzurum, 1992. – S.63.
[9] Vergl Rudolph Ulrich. Al-Maturidi und Sunnitische Theologie in Samarkand. – P. 221-235.
[10] Muhammed Yazici. Ebüʻl-Berekât en-Nesefî, Hayatı, Şahsiyeti ve el-İʻtimâd fiʻl-iʻtikād Adlı Eseri. – Erzurum, 1992. – S.63.
[11] Temel Yeşilyurt, Ebüʻl-Berekât en-Nesefî ve İslâm Düşüncesindeki Yeri. – Malatya, 2000. – S. 57-58; Uludagʻ universiteti teologiya fakulteti jurnali: Kılıç Aslan MAVİL. Bir Hanefî-Mâtürîdî Âlimi Ebüʻl-Berekât en-Nesefî. – S.82.
[12] Muhammed Yazıcı. Ebüʻl-Berekât en-Nesefî, Hayatı, Şahsiyeti, Eserleri ve el-İʻtimâd fiʻl-iʻtikâd Adlı Eseri (Yayımlanmamış Yüksek Lisans Tezi, Atatürk ÜSBE 1992). – S.67.
[13] Ulugʻdagʻ universiteti teologiya fakulteti jurnali: Kılıç Aslan MAVİL. Bir Hanefî-Mâtürîdî Âlimi Ebüʻl-Berekât en-Nesefî. – S.82.
[14] Asarning boshqa nusxalariga qarang: Boyazid davlat kutubxonasi, –№2801; Chorum viloyat xalq kutubxonasi, –№ 4078; Sulaymoniya kutubxonasi., Laleli, –№2317-2365, Rashid afandi, –№323.
[15] Muhammed Yazıcı. Ebüʻl-Berekât en-Nesefî, Hayatı, Şahsiyeti, Eserleri ve el-İʻtimâd fiʻl-iʻtikâd Adlı Eseri (Yayımlanmamış Yüksek Lisans Tezi, Atatürk ÜSBE 1992). – S.63.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMOM BUXORIY – BUYUK MUHADDIS!

Imom Abu Said Mursiy: “Oʻtgan barcha paygʻambarlar oʻzining qavmiga atiya qilingan, lekin bizning paygʻambarimiz hadya …