عن سالِمِ بنِ عبدِ اللَّهِ بنِ عُمرَ عن أبيهِ أنَّ رَسولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ مَرَّ علَى رَجُلٍ مِنَ الأنْصَارِ، وهو يَعِظُ أخَاهُ في الحَيَاءِ، فَقالَ رَسولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: دَعْهُ فإنَّ الحَيَاءَ مِنَ الإيمَانِ.
Solim ibn Abdulloh ibn Umar otasidan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansorlardan birining yonidan oʻtdilar. U birodarini (ortiqcha) hayo borasida koyiyotgan edi. Shunda u zot: «Uni tek qoʻy, albatta, hayo imondandir!» dedilar».
* * *
Hadisi sharifda zikri kelgan kishi ansorlardan edi. Bu sahoba oʻzining bir birodariga hayo borasida nasihat qilayotgan edi. Yaʼni oʻsha nasihat qilinayotgan sahobiy oʻta hayolik ekan. Uning hayosi oʻta kuchliligidan baʼzi ishlardan tiyilib qolayotgan shekilli, nasihat qiluvchi «bunchalik hayo qilmaslik kerak», deb tanbeh berayotgan edi. Buni koʻrgan Nabiy sollallohu alayhi vasallam nasihat qiluvchiga qarata: «Uni oʻz holiga qoʻy, hayosini kamaytirishga harakat qilma, bu yaxshi emas. Chunki hayo imonning hissasidir», dedilar.
Hayo nafsni ayb-nuqsonli ishlardan toʻsishdir. Yaʼni inson shaʼniga putur yetkazadigan ish va amallardan tiyilish hayoning barakoti va sharofatidir.
Hayoning sharʼiy, tabiiy, aqliy va urfiy turlari bor.
Sharʼiy hayo – insonni shariatga zid amallardan toʻsadi. Bunday ishlarni amalga oshirib qoʻyganidan soʻng, uning qalbida siqilish paydo boʻlishi asli hayodandir.
Tabiiy hayo – insonni oʻz tabiatiga zid ishlardan toʻsadi. Tabiiy hayo xayrli ham, yomon ham boʻlishi mumkin. Bu narsa inson tabiatiga qarab turlicha boʻladi. Uning tabiati shariatga mutanosib boʻlsa, hayosi maqtaladi. Chunki bunday hayo oʻz sohibini shariatimiz qoralagan va yomon sanagan ishlardan toʻsadi. Bu holatda tabiiy hayo bilan sharʼiy hayo bir xil boʻladi.
Bordiyu inson odamlar orasida yaxshi ish qilishdan, namoz oʻqishdan uyalsa, bu shariatga zid hayo boʻladi, yaʼni xayrli hayo boʻlmaydi. Baʼzan kishi tabiati uni shariat talab qilgan amallardan toʻsadi. Bu sharʼiy hayo emas, balki tabiiy hayo sababli sodir boʻladi. Bunday hayo xayrli ham, maqtagulik ham sanalmaydi. Masalan, kishining namoz oʻqishga odatlanmagani uchun namoz oʻqishga uyalishi yomon koʻrilgan hayo hisoblanadi. Yoki bir inson oʻziga kerakli sharʼiy masalani soʻramoqchi boʻladiyu, olim yoki faqihning oldiga borib soʻrashdan uyaladi, «hayo» qiladi. Uning bu ishi yomon hayodir.
Aqliy hayo – sogʻlom aql sohiblarining hayosi. Bu xildagi hayo maqtasa arziydigan hayodir, chunki sogʻlom aqlning hayosi hamisha shariatga muvofiq boʻladi. Shuning uchun sogʻlom aqldan paydo boʻlgan hayo «sharʼiy hayo», deb ham ataladi.
Lekin aqli sogʻlom boʻlmasa, uning aqliy hayosi shariatga xilof ishga boshlasa, bu xildagi hayo aqliy emas, balki tabiiy yoki urfiy hayo boʻladi.
Sogʻlom aqlli kishi doimo shariatga muvofiq ish tutadi. Chunki baʼzi vaqtda insonning tabiati aqlidan shu qadar ustun keladiki, tabiiy taqozolarni aqlning taqozolari deb tushunib qoladi. Yaʼni urf-odat insonga shu qadar gʻolib keladiki, «Bu ish aqlga toʻgʻri kelmayapti», deb qoladi. Aslida, bu aqliy emas, urfiy hayo boʻladi, u ish aqliga emas, urf-odat, anʼana va koʻnikmalariga toʻgʻri kelmayotgan boʻlib chiqadi. Masalan, «odamlar nima deydi», deb shariatga ham, aqliga ham xilof ravishda, urf-odatlarni tark etishdan uyaladi. Bunga toʻy yoki maʼrakalarni dabdabali oʻtkazishga urinishni misol keltirish mumkin. Aslida, oʻlik chiqqan xonadondagi marosimlar shariatda buyurilmagan boʻlishi mumkin. Insonning aql-idroki oʻsha marosimlarni ortiqcha deb bilsa ham, odamlardan uyalib, shuni oʻtkazishga majbur boʻladi. Ana shuni «urfiy hayo» deyiladi.