Home / HADIS / MUNOFIQDA JAM BOʻLMAYDIGAN IKKI XISLAT

MUNOFIQDA JAM BOʻLMAYDIGAN IKKI XISLAT

Bir hadis sharhi

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomon axloqdan saqlanishga buyurganlari kabi, chiroyli xulqqa ega boʻlish uchun harakat qilishga chaqirganlar.   

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّه صلى الله عليه وسلم خَصْلَتَانِ لاَ تَجْتَمِعَانِ فِي مُنَافِقٍ حُسْنُ سَمْتٍ وَلاَ فِقْهٌ فِي الدِّينِ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat munofiqda jam boʻlmaydi: goʻzal shakl va dinda faqih boʻlish”, dedilar” (Termiziy rivoyati).

Bu hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻta xatarli boʻlgan munofiqlik balosidan ogohlantirmoqdalar. Hadis xabar shaklida kelgan boʻlsa ham buyruq maʼnosini ifoda qiladi.

“Ikki xislat munofiqda jam boʻlmaydi”, yaʼni munofiq odam ikki xislat bilan sifatlanmaydi. Munofiqlik yo haqiqiy, yaʼni imoni zohir va kufri ichida boʻlgan eʼtiqodiy yoki majoziy, yaʼni soʻzi bilan amali bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan ikkiyuzlamachilik boʻladi.

Ikki xislatdan biri “goʻzal shakl”, yaʼni dinda goʻzal xulq-atvorli boʻlishdir. Toʻgʻri yoʻldan yurish. Xayrli va solih odamlar shunday boʻladi. Shuningdek, tashqi va ichki olamini nuqsonlardan uzoq tutish moʻminlikning alomati sanaladi. 

Ikkinchisi “dinda faqih boʻlish”, yaʼni ilm oʻrganib, teran anglab, keyin hayotga tatbiq etishdir. Shuningdek, imon va kufr, islom va nifoq, savob va gunoh, halol va harom, jannat va doʻzax kabi masalalarni puxta bilishdir. Faqih boʻlishning haqiqati qalbdagi narsaning tilda ham zohir boʻlishida, foydali amallar qilish va taqvoni meros qilib olishda namoyon boʻladi. Yana dinda faqih boʻlish bilganlariga amal qilish demakdir. Ilm oʻrganib unga amal qilmasa, ilmi uning uchun zarar boʻladi. Ilmga amal qilish bir gʻoya boʻlsa, samarasi Allohdan qoʻrqishdir.

Haq taolo:

﴿إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ﴾

  “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qoʻrqarlar” (Fotir surasi, 28-oyat), degan. Demak, dinda faqih boʻlish va hayotda goʻzal shaklni koʻrsatish turmush tarzida, soʻzda, mehnatda, muomala va xulqda yaxshi tomonni namoyon etishi kerak. Sahobalar roziyallohu anhum islomga kirganida toʻligʻicha oʻzgargan.

Haq taolo:

﴿أَلَمْ يَأْنِ لِلَّذِينَ آمَنُوا أَن تَخْشَعَ قُلُوبُهُمْ لِذِكْرِ اللَّهِ وَمَا نَزَلَ مِنَ الْحَقِّ﴾

“Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil boʻlgan haq (Qurʼon)ga moyil boʻlish (vaqti) kelmadimi?!” (Hadid surasi, 16-oyat) degan soʻzi bilan moʻminlarni malomat (koyigan boʻlib, toʻgʻri yoʻlga daʼvat) qildi.

Bu oyat Nabiy sollallohu alayhi vasallam paygʻambar boʻlganlaridan keyin toʻrtinchi yili nozil boʻlgan. Bu haqda Ibn Masʼud roziyallohu anhu aytadi: “Islomga kirganimiz bilan Alloh taolo bizni bu “Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil boʻlgan haq (Qurʼon)ga moyil boʻlish (vaqti) kelmadimi?!” oyati bilan malomat qilgani orasida toʻrt yil oʻtdi” (Muslim rivoyati).

Biz mana shu dindamiz, oradan qancha asrlar oʻtdi. Bugun ham har kim oʻziga taqvo, yaxshilik, tavba qilish vaqti kelmadimi, degan savolni berishi kerak.

Baʼzilarning goʻzal shakli boʻlib, dinda faqih boʻlmasligi yoki aksincha boʻlishi mumkin. Ana shu ikki xislatdan biri topilgan inson munofiq hisoblanmaydi. Har bir banda shu xislatlarni jamlashga targʻib etiladi. Ulardan birortasiga ega boʻlmagan inson munofiq sanaladi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisda, goʻyoki “Ey ummatlarim, munofiq boʻlmayin desangiz, goʻzal shaklga ega va dinda faqih boʻlishga harakat qiling”, deyaptilar.

Binobarin, har bir inson hadisni hayotiga tatbiq qilib, goʻzal shakl kasb etish va hayot yoʻlida faqih boʻlishga intilib yashashi zarur ekan. Shu harakati bilan dunyo va oxirat saodatini taʼminlagan boʻladi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 

Check Also

OʻRTA OSIYODA “TURK” GURUHI VAKILLARI YASHAYDIGAN HUDUDLAR VA ULARNING ICHKI ETNIK TARKIBI

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Oʼrta Osiyo xalqlari orasida milliy mansublik tushunchasi yaxlit …