Home / MAQOLALAR / MISRDAGI “SAHIHUL BUXORIY” MAKTABI “Sahihul Buxoriy” Misr oʻlkasiga qanday kirib borgan? (2-qism)

MISRDAGI “SAHIHUL BUXORIY” MAKTABI “Sahihul Buxoriy” Misr oʻlkasiga qanday kirib borgan? (2-qism)

Naql qilinayotgan har qanday xabarning qabul qilinish-qilinmasligi oʻsha sanadga bogʻliqdir. Xabarning matnini oʻrganib chiqish undan keyingi oʻrinda turadi. Binobarin, agar sanad toʻgʻri boʻlib, unda xabarning matniga futur yetkazadigan illat mavjud boʻlmasa, bunday xabarni naql qilish durustdir. Aks holda uni naql qilish toʻgʻri ish emas. Naql qilingan xabarlarning har biri bilan xuddi shu meʼyorga asosan ish koʻriladi.

Sahobalar, tobiʼiylar va ulardan keyingi salafi solihlar hadis va hadis ilmiga doir barcha fanlarga ana shunday yondashganlar. Shuning uchun ham roviylar va muhaddislar Yer yuzida tarqalib hadislarning sanadlari bilan matnlari ustida izlanishlar olib borganlar. Mustalahul hadis, roviylar tabaqasi, jarh va taʼdil,[9] roviylar bibliografiyasi kabi ilmlar ana shundan kelib chiqqan. Bundan maqsad hadislarni har qanday oʻzgartirishlardan xoliligicha saqlab qolish va bu borada aniqlik bilan harakat qilish boʻlgan. 

Ular hadislarning matnlarini saqlab qolishda ulkan mehnatlar qilishgan. Ularning qabul qilish-qilinmasligi, sahih-sahihmasligi yuzasidan hukm chiqarish uchun maʼlum shartlarni ishlab chiqishgan. Jumladan, hadis sahih va maqbul boʻlishi uchun uning roviysi oʻsha hadisni xotirasida yoki kitobida saqlab qoʻygan boʻlishi lozim boʻlgan. Odatda muhaddislar har ikkala shartga ham amal qilishgan, yaʼni avval hadislarni yozib olib, soʻng yodlaganlar.

Asta-sekin hadis kitoblari yozila boshlagan va bu ish keng tarqalgan. Asar egasi oʻzi yozib olgan hadislarni kitobning oʻzidan oʻqib, odamlarga rivoyat qiladigan boʻlgan. Odamlar undan hadis eshitish, qoʻlidagi kitobdan nusxa koʻchirish uchun uzoq va yaqin yurtlardan muhaddisning huzuriga oqib kelishgan.

Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-Sahih” asari tarix davomida ogʻzaki naql qilish va nusxalari qoʻlma-qoʻl boʻlish orqali mutavotir yoʻl bilan bizga qadar yetib kelgan. Bu haqda Muhammad ibn Yusuf Firabriy bunday degan: “Muhammad ibn Ismoilning “Sahih” kitobini (uning oʻz ogʻzidan) toʻqson ming kishi eshitgan. Uni mendan boshqa rivoyat qiladigan hech kim qolmadi”.[10]

Imom Buxoriyning ogʻzidan hadis eshitgan kishilar eshitish va ogʻzaki naql qilish bilan cheklanib qolishmagan, balki uning (Imom Buxoriyning) hadislarini alohida bir kitob qilib yozib borishgan. Bundan maqsad “Sahihul Buxoriy”ning oʻzlarida mavjud yozma nusxasini Imom Buxoriyning ogʻzidan eshitgan ogʻzaki nusxalariga qoʻshib, ularni Imom Buxoriyning oʻzidagi nusxaga solishtirib koʻrish boʻlgan. Bu bilan ular qoʻllaridagi nusxalarda mavjud boʻlgan nuqsonlarni tuzatib olishni istaganlar. Nusxa koʻchirish, solishtirib koʻrish va Imom Buxoriyning oʻzidagi nusxaga muvofiqlashtirish ishlari nihoyasiga yetganidan soʻng ularni alohida nusxa qilib yozishgan.

Imom Buxoriydan qilingan rivoyatlarning eng mashhurlari:

Imom Buxoriydan qilingan rivoyatlarning eng mashhurlari uchtadir. Ular:

Birinchisi: Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf.295/908) rivoyati.

Mazkur rivoyat Abu Solih Xalaf ibn Muhammad Xayyom[11] orqali mashhur boʻlgan. Undan buyuk imom Abu Sulaymon Xattobiy (vaf. 388/998) rivoyat qilgan. Xattobiyning “Aʼlom al hadis” (buyuk muhaddislar) nomli asari Ibrohi ibn Maʼqil Nasafiyning rivoyatida asos hisoblanadi.

Ikkinchisi: Hammod ibn Shokir Nasafiy (vaf.311/923) rivoyati. 

Mazkur rivoyatda kelgan hadislar soni Firabriyning rivoyatida kelgan hadislardan ikki yuzta kamdir. Ushbu rivoyat ikki yoʻl bilan yetib kelgan:

  1. Bakr ibn Muhammad Jaʼfar rivoyati.
  2. Ahmad ibn Muhammad ibn Rumayh Nasaviy rivoyati.

Bayhaqiy oʻzining “as-Sunan al-Kubro” asarida ustozi Abu Abdulloh Hokimdan, u Ahmad ibn Muhammad ibn Rumayhdan, u Hammod ibn Shokirdan, u esa Imom Buxoriydan rivoyat qilish orqali mazkur ikkinchi rivoyat yoʻlidan koʻp naql qilgan.

Uchinchisi: Abu Abdulloh Firabriy (231/845-320/932) rivoyati.

Abu Abdulloh Firabriy “Al-Jomiʼ as-Sahih”ni uning muallifi imom Abu Abdulloh Buxoriyning oʻzidan bir necha marta eshitgan. Hatto ayrim manbalarda uning ikki marta – birinchisi 248 yili Farabr shahrida, ikkinchisi 252 yili Buxoroda eshitgani zikr qilingan.[12] Firabriy mazkur asarni uch marta, yaʼni 253, 254 va 255 yillari Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgani ham aytiladi.[13]

“Sahihul Buxoriy” asari islom ulamolari nazdida Qurʼondan keyingi eng ishonchli manbadir. Chindan ham bu asar islomning ahkomlari, taʼlimoti va tartibotlarini oʻzida eng koʻp jamlagan, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning zamonlariga eng yaqin zamonda vujudga kelgan asarlardan biridir.[14]

Darhaqiqat, odamlar bu asarni bir-birlaridan eshitganlar. Uni muallifning oʻzidan eshitib yod olish uchun Buxoroga safar qilganlar. Shuning uchun ham uni toʻqson ming kishi eshitgan. “Sahihul Buxoriy”ni eshitgan ana oʻsha insonlar orasida Imom Firabriy ham bor edi. Uning “Sahihul Buxoriy”ni qilgan rivoyati Allohning izni bilan mashhurlikka erishdi.

Imom Firabriy rivoyatining boshqa rivoyatlardan farqli jihatlari va mashhurlik sabablari:

Birinchisi: Firabriydagi odillik, xotiraning kuchliligi hamda ulamolarning unga aytgan maqtovlari.

Ikkinchisi: Firabriyning nusxasi toʻliq va mukammalligi, ichida nuqsonlari yoʻqligi.

Uchinchisi: Firabriy oʻzidagi bu nusxani Imom Buxoriyning qoʻlida boʻlgan asl nusxadan koʻchirib olganligi.

Toʻrtinchisi: Imom Buxoriy vafotidan keyin ham uzoq vaqtga qadar saqlanib qolgani eʼtiboridan Firabriyning sanadi oliyligi.

Beshinchisi: Firabriy uni Imom Buxoriyning oʻzidan eshitganligi.

“Sahihul Buxoriy”ni Firabriydan rivoyat qilganlar:

 Odamlar imom Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni yod olish yoki yozib olish uchun dunyoning turli taraflaridan oqib kelganlar. Ularning eng mashhurlari quyidagilar deb ayta olamiz:

  1. Imom, muhaddis Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Dovud Balxiy Mustamliy (vaf. 376/986). U Firabriydan “Sahihul Buxoriy”ni 314 yili eshitgan.
  2. Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad ibn Hammuyah ibn Yusuf ibn Aʼyun Hammaviy, Saraxs xatibi (vaf. 381/991).
  3. Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy ibn Muhammad ibn Makkiy ibn Zuroʼ Kashmihaniy (vaf. 389/999).
  4. Abu Ali Muhammad ibn Umar ibn Shabbuyah Shabbaviy Marvaziy.
  5. Abu Ali Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Misriy Bazzoz (vaf.353/964).
  6. Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad ibn Abdulloh ibn Muhammad Marvaziy (vaf.371/981).
  7. Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Makkiy Jurjoniy (vaf.373/983 yoki 374/984).
[9] Jarh va taʼdil: hadis roviysi haqida uning rostgoʻylik (ishonarlilik) va xolislik darajasiga koʻra hukm chiqarish. Isnod: hadisning roviylarini bir-biriga ulash; hadisni aytuvchiga bogʻlash. Al-Qomus. Arabcha-oʻzbekcha qomusiy lugʻat. 1-jild, 395-bet.
[10] Tarixu Bagʻdod, 2-jild, 12-bet.
[11] Uning tarjimai holini bilish uchun qarang: “Siyaru aʼlomin-nubalo”, 16-jild, 70-bet. 16-jild, 204-bet. “Mezon al eʼtidol”, 2-jild, 185-bet. “Lisonul mezon”, 2-jild, 771-bet. “An-nujum az-zohira”, 4-jild, 64-bet. “Shazarot az-zahab”, 3-jild, 39-bet.
[12] Taqyidul muhmal, 1-jild, 64-bet.
[13] Oʻsha asar, 26-bet.
[14] Abdulhay Kattoniy. At-tanvih val ishoda bi maqomi rivoyati Ibn Saoda.
Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

XIX ASR OXIRI VA XX ASR BOSHLARIDAGI SAMARQAND MAʼRIFATPARVARLIK ADABIYOTI NAMOYANDALARIDAN BIRI SABRIY MUFTAQIRIY MEROSI

Sabriy naqshbandiya tariqati vorisi, XX asr boshlari adabiy jarayoniga oʻziga xos hissa qoʻshgan, shoir, shayx …