Home / HADIS / KISHINI OʻZIGA YAQIN OLMOQ HARGIZ UNI URMOQNI ANGLATMAYDI!

KISHINI OʻZIGA YAQIN OLMOQ HARGIZ UNI URMOQNI ANGLATMAYDI!

(Bir hadis sharhi)

“Sahihi Muslim”da Oisha roziyallohu anhoning: “Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam koʻksimga ogʻritadigan qilib turtib qoʻydilar”, degan soʻzlari kelgan. Islomga gʻarazi boʻlgan baʼzi kimsalar ushbu hadisni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taʼna qilish uchun ishlatadi. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon biror kishiga qoʻl koʻtarmaganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oishani urgan deb daʼvo qilishdan oldin ushbu voqeani batafsil oʻrganib chiqish lozim.

Voqea bunday boʻlgan.     

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam mening oldimda tunaydigan kechasi kelib, rido va oyoq kiyimlarini yechib, oyoq tomonga qoʻydilar, toʻshakka chalqancha yotdilar. Ozgina vaqt oʻtganidan keyin meni uxlab qoldi, deb oʻyladilar. Sekingina ridosini olib, oyoq kiyimlarini kiydilar va eshikni ochib, tashqariga chiqdilar. Soʻngra eshikni sekingina yoptilar. Shunda yopinchigʻimni olib, orqalaridan chiqdim. Baqiʼ qabristoniga kelib toʻxtadilar. Bu yerda uzoq turib qoldilar. Soʻngra qoʻllarini koʻtarib, uch marta duo qildilar. Soʻng qaytdilar, men ham qaytdim. Shoshib yursalar, men ham shoshib yurdim. Sekinlashsalar, men ham sekinlashdim. Yugursalar, men ham yugurdim. U kishidan oldin yetib kelib, uyga kirib oldim.

Endi yotganimda, u kishi kirib kelib: “Ey Oisha, senga nima boʻldi, nima uchun hansirayapsan?” dedilar. “Hech narsa boʻlgani yoʻq”, dedim. “Menga oʻzing aytib berasan yoki Alloh taolo xabar beradi”, dedilar. “Ey Rasululloh, ota-onam sizga fido boʻlsin!” deb, boʻlib oʻtgan voqeani aytib berdim. “Oldimda koʻringan sharpa senmiding?” dedilar. “Ha”, dedim.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam koʻksimga ogʻritadigan qilib turtib qoʻydilar. Soʻngra: “Alloh va Rasuli senga zulm qiladi, deb uylaysanmi?” dedilar. “Ha”, dedim.

U zot: “Jabroil alayhissalom oldimga kelib, meni chaqirdi. Men oldiga chiqdim. Yotganing uchun oldingga kirmadi. Seni uxlab qolgansan deb uylabman. Uygʻotishni xohlamadim. Oʻzingni yolgʻiz his qilib xavotirlanishingdan qoʻrqdim. Shunda u (Jabroil): “Rabbingiz sizga Baqiʼ qabristonida yotganlarning oldiga borib, ular uchun istigʻfor aytishingizni buyurdi”, deb aytdi”, dedilar. “Ey Rasululloh, men ular uchun qanday istigʻfor aytaman?” dedim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu diyordagi moʻmin va musulmonlarga salom boʻlsin! Alloh bizdan oldin oʻtganlarga va keyin oʻtadiganlarga rahm qilsin. Albatta, Alloh xohlasa, biz ham sizga qoʻshiluvchimiz”, deb aytgin”, dedilar.

Oisha roziyallohu anho: “فَلَهَدَنِي فِي صَدْرِي لَهْدَةً أَوْجَعَتْنِي” (Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam koʻksimga ogʻritadigan qilib turtib qoʻydilar), dedi.  

Arab tilidagi “لَهَدَ” soʻzi “koʻkrakka turtib qoʻyish yoki urib qoʻyish” maʼnolarini bildiradi. Lekin bu harakat taʼlim berish yoki hazillashish chogʻlarida qilinadi (bizdagi yelka qoqqan kabi). Bu odamlar hayotida koʻp uchraydi. Bir kishi doʻstining baʼzi soʻzlaridan ajablanib yoki hazillashib, uning yelkasi yoki koʻksidan turtib qoʻyadi. Biror kishi buni aziyat berish yoki xorlash deb tushunmaydi. Bu harakat oʻziga xos erkalash, yaqin olish alomatidir.  

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Oisha roziyallohu anhoning oʻrtasidagi suhbatning tinch va xotirjam davom etishi bu turtib qoʻyish ham taʼlim va tanbeh uchun boʻlganidan dalolatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu vaqtda uydan chiqib ketish sababini bayon qilib berib, Oisha roziyallohu anhodan uzr soʻrab qoʻyganlar. Gʻazablangan va jon ogʻritish uchun urgan kishi hech qachon uzr soʻramaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzr soʻraganlaridan keyin boʻlib oʻtgan voqeani batafsil bayon qilib berganlar.

Agar bu turtib qoʻyish haqiqiy urish boʻlganida Oisha roziyallohu anho buni biror kishiga bildirishi kerak edi. Lekin unday qilmadi. Balki Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatni davom ettirishga va qabrlarni ziyorat qilganda mustahab boʻlgan duolar haqida soʻrashga shoshildi.

Qissa sohibasi Oisha roziyallohu anhoning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon qoʻllari bilan biror jonni urmaganlar, biror ayolni ham, biror xizmatkorni ham”, degan soʻzlari bu haqiqiy urish boʻlmaganini bildiradi.

Oisha roziyallohu anho bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin xabar bergan. Agar bu turtib qoʻyish haqiqiy urish boʻlganida, Oisha roziyallohu anho oʻzining “hech qachon biror ayolni urmaganlar”, degan gapini istisno qilardi. Lekin Oisha roziyallohu anho bu taʼlim berish uchun boʻlganini bilgan.

Bularning barchasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gʻoyat goʻzal xulq sohibi boʻlganlariga yana bir dalildir.            

 ABDUVOSI SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
 ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …