Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY ILMIY VIQOR VA SALOBATNI ASRASH HAQIDA

IMOM BUXORIY ILMIY VIQOR VA SALOBATNI ASRASH HAQIDA

Barkamol avlod tarbiyasida milliy maʼnaviy merosning oʻrni va ahamiyati kattadir. Kishi ongu shuuriga chuqur singdirilgan ilmu maʼrifat, ezgu fazilatlar, odamiylik tamoyillari hayoti davomida yoʻlchi yulduz boʻlib xizmat qiladi.

Islom dinida va ulugʻ ajdodlar maʼnaviy merosida insoniyatning komillikka, baxt-saodatga erishuvi ilmiy va ilohiy bilimlar uygʻunligida roʻy berishi taʼkidlanadi. Shu maʼnoda alloma va mutafakkirlarning pokiza hayot tarzi va ilmda erishgan ulkan muvaffaqiyatlari ibrat maktabidir.

Ibbon ibn Abu Affosh roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli, meni duosi qabul boʻladiganlardan qilib qoʻying”, dedim. U zot: “Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoing qabul boʻlur. Chunki bir odam ogʻziga bir luqma haromni solsa, qirq kungacha duosi ijobat boʻlmaydi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyat qilgan)[1]. Hayotda inson muayyan maqsadga erishish, orzu-havaslarga yetishish ilinjida yashaydi, yaxshi niyatlarining ijobatini soʻrab, Allohga yuzlanadi. Yuqoridagi hadisdan iltijoning qabul boʻlish kafolati sifatida kasb va luqmaning halol boʻlishi shart ekani anglanadi.

Afsuski, bugungi jamiyatda ayrimlarning ushbu jihatga eʼtiborsizligini kuzatish mumkin. Hayotda qanday yoʻl tutish – har kimning shaxsiy ishi, albatta. Ammo kishining hayoti va faoliyati halollik, poklik, odillik kabi ezgu tamoyillarga asoslanmas ekan, uni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi.

Varroq Muhammad ibn Abu Xotim rahmatullohi alayh yozadi: “Imom Buxoriy rahmatullohi alayh dedi: “Hadis talabida Odam ibn Abu Iyos huzuriga borganimda mablagʻim tugab, oʻt va barg yeya boshladim. Buni hech kimga bildirmadim. Uchinchi kuni bir begona kishi oldimga kelib bir xalta tilla berdi”[2].

Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining ana shunday ogʻir, oʻta muhtoj holda ham taʼmadan tiyilib, oʻz qadr-qimmatini saqlagani taqvosining yuksakligiga yana bir dalildir.

Chunki oʻzini anglagan kishi uchun oʻzgalar nazaridan qolish eng katta yoʻqotishdir. Bundaylar har qanday vaziyatda ham umri davomida misqollab jamlangan noyob xazina, bisotidagi eng qimmatli javhar hisoblanmish – shaʼn, qadr-qimmat, or-nomus, ishonch kabi muqaddas tuygʻularni pokiza saqlashda qatʼiy turadi.

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh oʻzining daryo orqali safari chogʻida u zot bilan xushmuomalada boʻlgan bir kishiga ishonib, gap orasida yonida ming tilla borligini ham ayon qiladi. Biroq tongda u kishi: “Ming tilla solingan xaltacham yoʻqoldi”, deb dod soladi. Kema nazoratchilari tilla solingan xaltachani qidirishga kirishadi. Imom Buxoriy joyni tozalash asnosida bildirmasdan oʻsha xaltani daryoga uloqtiradi. Hech narsa topa olmay, tinchi buzilgan odamlar daʼvogarni malomat qiladi. Safar yakunida u kishi Imom Buxoriydan: “Sizdagi ming tilla qayerga ketdi?”, deb soʻraydi. U zot: “Ularni daryoga uloqtirdim”, degach, kishi: “Shuncha pulni-ya?!, deya hayratlanadi. Imom Buxoriy: “Hayotimdagi asl boylik siqa (ishonchli)lik davlatidir. Ozgina tillani deb siqa (ishonch)likni qanday barbod qilaman?”, deb javob beradi[3].

Takomilga intilgan inson shu tarzda doimo hayoti va faoliyatining xayrli boʻlishi uchun qaygʻurmogʻi lozim. Chunki “gʻam-gʻussa, noxushligu kasalliklarning barchasi qachonlardir kishi bilimsizlik tufayli qilgan yomonlik va gunohlarining mevasi, yaʼni ranj gunohning muqobili, quvonch esa Allohni tanish va ezgu ishlarning mukofoti”[4] ekanini yaxshi anglamogʻi darkor.

Bugungi globallashuv davrida xalqimizning azaliy milliy qadriyatlari va ulugʻ ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosining insonparvarlik va bagʻrikenglik mohiyatini yoshlar ongi va qalbiga chuqur singdirish komil insonni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga yuksak hurmat, ilmga va kasb-hunar egallashga ishtiyoq uygʻotish ularda yuzaga kelayotgan ayrim beqarorlik va ikkilanishlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Buning uchun jamiyat aʼzolaridan, avvalo, ota-onalar, ustoz-murabbiylar va olimlardan ixlosli ilm, halollik va ezgulikka asoslangan ibratli hayot tarzi talab etiladi.

Baxtiyor TURSUNOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Sahih Muslim. 2-jild. Doru ixyoit turosil arabiy. – Bayrut: – B. 703.
[2] Sahihi Buxoriy sharhi. I jild. – T.: Hilol-Nashr, 2022. – B. 26.
[3] Oʻsha manba. – B. 25-26.
[4] Rumiy J. Ichingdagi ichingdadir: Falsafiy asar // Masʼul muharrir N.Komilov/.- T.: Yozuvchi, 1997. – B. 64.

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI YAXSHI KOʻRISH (bir hadis sharhi)

عَنْ أبي هرَيرَةَ رَضي الله عَنْه، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلَّى الله عَلَيْه وَسَلَّمَ قَالَ: فَوَالَّذِي …