Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY SIYRATI

IMOM BUXORIY SIYRATI

Maʼlumki, hozirgi kunda dunyo miqyosida islom dini nufuzi ortib bormoqda. Qurʼoni karimni oʻrganish va unga amal qilish musulmonlar kundalik hayotida yanada mustahkam qaror topmoqda. Bu esa dunyodagi ayrim dinimiz dushmanlariga yoqmasligi tabiiy. Shu sababdan muqaddas dinimizga tosh otuvchilar ham koʻpaymoqda. Ayniqsa, dinimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar haqida turli uydirma gaplar tarqatish, odamlar ongida salbiy fikr uygʻotish harakatlari koʻpaydi.

Islom dinining muqaddas kitobi Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manba deb tan olingan “Al-Jomeʼ as-ahih” hadislar toʻplami muallifi, buyuk alloma Imom Buxoriy hazratlari nomiga qarata aytilayotgan tuhmat soʻzlar buning tasdigʻidir. Shu sababdan ham biz buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy hazratlarining nasl-nasablari va siyratlari haqida soʻz yuritishga qaror qildik.

Imom Buxoriy hazratlarining toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardazbeh Joʻfiy Buxoriydir. U kishi hijriy 194 yil shavvol oyining 13 kunida (milodiy 810 yil 19 iyul) Buxoro shahrida Ismoil ibn Ibrohim xonadonida tavallud topdi[1]

 Imom Buxoriy hazratlarining nasl-nasabi haqida maʼlumot bergan tarixchilar u zotning uchinchi bobosi Bardazbehning ismini ayrimlar Ahnaf deb keltirganini qayd etgan. Odatda eng aqlli, dono va qoʻli ochiq kishilar Ahnaf deb atalgan. Bundan koʻrinadiki, Imom Buxoriy hazratlarining uchinchi bobosining haqiqiy ismi Bardazbeh boʻlsa-da, u zot oqil va zukko boʻlganidan Ahnaf laqabi bilan ham atalgan. Ammo u kishi majusiy otashparast boʻlgan.

Imom Buxoriyning ikkinchi bobosi Mugʻiyra (Bardazbehning oʻgʻli) Buxoro hokimi Yamon Juʼfiyning qoʻlida islom dinini qabul qilgan. Shuning uchun Mugʻiyra va uning avlodlariga “Juʼfiy” nisbasi ham qoʻshib aytilgan. U kishining tavallud topgan joyi Buxoro boʻlgani uchun “al-Buxoriy – Buxorolik” deyiladi.

Imom Buxoriyning birinchi bobosi (Mugʻiyraning oʻgʻli) Ibrohim boʻlib, u zot haqida tarixiy manbalarda juda kam maʼlumotlar saqlanib qolgan. Ushbu maʼlumotlarda otasi Mugʻiyraning nomiga qoʻshilib Abu Ibrohim Mugʻiyra ibn Bardazbeh yoki Ismoilnikiga qoʻshilib Ismoil ibn Ibrohim deb keltirilgan.

Imom Buxoriy hazratlarining otasi Ismoil ibn Ibrohimning kunyasi Abul Hasan boʻlgan. U zot parhezkor ulamolardan boʻlib, Imom Buxoriy “Tarixul Kabir” kitobida ayrim maʼlumotlarni berib oʻtgan. Xususan, ushbu asarda otasi haqida: “U Hammod ibn Zaydni koʻrgan va ibn Muborak bilan ikki qoʻllab koʻrishgan”, deb keltirgan. U zot Paygʻambarimiz (s.a.v)ning xizmatlarida boʻlgan Molik ibn Anasdan dars olgan, Solih ibn Muborak, Abu Muoviya va boshqalardan rivoyat qilgan shaxs edi. Shu bilan birga, buyuk muhaddisning otasi Ahmad ibn Hafs, Yahyo ibn Jaʼfar Poykandiy va boshqalarga ustoz edi.

Imom Buxoriyning kichiklik paytlarida otasi vafot etib, yetim qoldi va akasi Ahmad bilan onasining tarbiyasida voyaga yetadi. U zotning bolalik yillarida asosan ilm oʻrganish bilan band boʻladi.

Xatib oʻz sanadi bilan qilgan rivoyatda Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq quyidagilarni aytadi: “Bir kuni Abu Abdullohdan: Ilmga tashnaligingiz qachon boshlandi?” – deb soʻradim. “Maktabda ekanimdayoq menga hadis yodlash ilhomi berildi”, – dedilar. Men yana: “Oʻshanda necha yoshda edingiz?” – deb soʻradim. Aytdilar: “Oʻn yoki undan kichikroq yoshda edim. Oʻn yoshdan soʻng boshlangʻich maktabdan chiqdim. Ustoz Doxiliy va boshqalarning saboqlariga qatnay boshladim. Bir kuni Doxiliy bizga hadis oʻqib berayotganlarida “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, – degan sanadni aytdilar. Men u kishiga: “Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan”, dedim. Shunda meni jerkib berdilar. U kishiga: “Asl manbaga qarang”, dedim. Uyga kirib kitoblariga qarab chiqdilar va mendan: “Aytganing toʻgʻri ekan, ey bola. Buni qanday bilding?” deb soʻradilar. Men: “Ibrohimdan Abu Zubayr emas, Zubayr ibn Adiy rivoyat qilganlar”, dedim. Mendan qalamni olib kitobdagi xatoni tuzatib qoʻydilar. “U kishining xatolarini tuzatganingizda necha yoshda edingiz?”, deb soʻralganda, Abu Abdulloh: “Oʻn bir yoshda edim. Oʻn olti yoshga yetganimda Ibn Muborak va Vakiʼning kitoblarini yodladim. Ularning hadis toʻgʻrisida yozgan soʻzlarini bilar edim. Oʻsha vaqtda onam va akam Ahmad bilan Makkaga bordik. Haj qilib boʻlganimizdan soʻng akam onamni olib qaytdilar. Men hadis ilmini oʻrganish uchun qoldim”, deb javob berdilar”[2].

Imom Buxoriy oʻzining kuchli xotirasi bilan alohida ajralib turar edi. Bu haqda Muhammad ibn Abu Hotim Varroq shunday deganlar: “Hoshid ibn Ismoil va yana bir kishining: “Abu Abdulloh Buxoriy yigitlik chogʻlari biz bilan birga Basra shayxlarining darslariga qatnar edilar. Bir necha kun oʻtsa-da biror narsa yozmadilar. U kishidan: “Sen biz bilan qatnaysan-u, lekin hech narsa yozmaysan, nima qilasan oʻzi?”, deb soʻrardik. Oradan oʻn olti kun oʻtgach, bizga: “Sizlar bu savolni menga bir necha bor berdingizlar. Nima qilishim haqida koʻp soʻradingizlar. Yozganlaringizni menga koʻrsatingizlarchi”, dedilar. Biz yozganlarimizni u kishiga koʻrsatdik. Yozgan hadislarimiz oʻn besh mingdan ortiq boʻlgan ekan. U kishi shuncha hadisni yoddan aytib berdilar. Hatto biz u kishidan xatolarimizni tuzatib oldik. Soʻngra: “Sizlar mening vaqtini bekorga oʻtkazib, borib-kelyapti deb oʻylayapsizlarmi?!” dedilar. Oʻshanda u kishiga hech kim tenglasha olmasligini bilganmiz”, deganlarini eshitdim”.  

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Imom Buxoriy hazratlarining nasl-nasabi ilmli, ziyoli, oqkoʻngil va dinimiz mohiyatini chuqur anglagan insonlar edi. Buyuk muhaddis yoshligidanoq hadis ilmini oʻrgandi, uni yod oldi. Keyinchalik oʻz bilimini oshirish uchun oʻsha davrning yirik ilm markazlariga safar qildi. Safar chogʻlaridayoq u zot oʻzining aql zakovati va kuchli xotirasi bilan odamlarni hayratga soldi.

Buyuk muhaddis haqidagi bunday maʼlumotlar yuqorida keltirilganidek, uning manziliga tuhmat soʻzlarni tarqatish orqali dinimiz barqarorligiga rahna soluvchi va musulmonlar birligiga putur yetkazishni istovchi kimsalarga kuchli raddiyadir. Bunday maʼlumotlarni yoshlarga yetkazish va ularning bu boradagi bilimini oshirish har qachongidan koʻra muhimdir.

[1] Imom Buxoriy taʼrifi. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markaz nashriyoti, 2019. – B. 14.
[2] Shamsuddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. – T.: Sharq, 2015. – B. 55.
Jonibek JUMAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …