Home / MAQOLALAR / YAXSHILIK BЕRILGANLAR

YAXSHILIK BЕRILGANLAR

Bugungi kunda el tanimagan ayrim kimsalarning ijtimoiy tarmoqlarga chiqib fatvo berayotganini va baʼzilar ularning nomiga hatto “faqih” soʻzini qoʻshib ishlatayotganining guvohi boʻlayapmiz. Ushbu maqolamizda faqih soʻzi va unga bogʻliq maʼlumotlarni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislari orqali yoritib, eʼtiboringizga havola qilamiz.

قال حميدُ بنُ عبدِ الرحمان: سمعتُ معاويةَ بنَ أبي سفيانَ رضي الله عنه يقول: سمعتُ النبىَّ صلى الله عليه وسلم يقولُ: “مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ في الدِّينِ، وَإِنَّمَا أَنَا قَاسِم وَاللهُ يُعْطِي، وَلَنْ تَزَالَ هَذِهِ الأُمَّةُ قَائِمَةً عَلَى أَمْرِ اللهِ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَالَفَهُمْ حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ”

71 – Humayd ibn Abdurahmon dedilar: Men Muoviya roziyallohu anhuni bunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Men Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni: “Alloh kimga yaxshilikni ravo koʻrsa, uni dinda faqih (din olimi) qilib qoʻyadi.Men faqat (oʻljalarni) taqsimlovchiman, uni beruvchisi Allohdir. Bu ummat Allohning amri kelguncha (yaʼni, qiyomat kuni kelguncha), ularga qarshi chiqayotganlarning zarari tegmay Alloh taoloning amrida (yaʼni, haq dinda) mudom sobit boʻladi”,­ deb aytayotganlarini eshitdim. Imom Buxoriy rivoyati. (Olti sahih hadis toʻplamlari mualliflari bu hadisning sahihligida ittifoqdirlar).

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelgan vahiyni yozadigan kotiblari boʻlgan, Makka fathi kuni taxminan 19 yoshida islomni qabul qilgan. Xalifa Umar ibn Xattob tomonidan Shom oʻlkasiga voliy (hokim) etib tayinlangan. Hijratning oltmishinchi yili Damashqda, 78 yoshida vafot etgan.

Ushbu hadisning ahamiyati:

Ilm inson hayotida eng muhim neʼmatlardan biri boʻlib, jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan sanaladi. Alloh taolo ilmli bandalarini darajasini baland qilib, olimlarning fazilati haqida:

﴿قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لا يَعْلَمُونَ﴾

“….Ayting: “biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!”…”, ­ deydi[1].

Ilmning inson hayotida nechogʻlik katta oʻrin tutishi mazkur oyatdan ham  maʼlum boʻladi, chunki har bir millatning salohiyati, kuch­-qudrati va kelajagi uning olimlari bilan belgilanadi. Jumladan, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu haqda: “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, “Ilm olish har bir erkagu ayol moʻmin­-musulmonga farzdir”, deb bizlarni ilm sari intilishga buyurganlar.

Yuqoridagi hadisda ham paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilmli boʻlishga, xossatan din ilmini chuqur oʻrganishga chaqiradilar. Inson sharʼiy ilm talabida boʻlib, Alloh taoloning dinida yetuk ilmga ega boʻlishi yoki talabi ilm yoʻlini ixtiyor etishi ham unga berilgan ilohiy inoyat hisoblanadi. Kimga din ilmi, shariat ilmidan berilgan boʻlsa, Qurʼon oyatlari va hadislarning aqidaviy va fiqhiy mohiyatini chuqur anglaydigan faqih boʻlsa, bu Alloh taoloning unga ulugʻ yaxshiligi ekanligini maʼlum qiladi. Bu Qurʼoni karimda ham oʻz ifodasini topgan. Alloh taolo Baqara surasining 269­-oyatida:

﴿يُؤْتِي الْحِكْمَةَ مَن يَشَاءُ ۚ وَمَن يُؤْتَ الْحِكْمَةَ فَقَدْ أُوتِيَ خَيْرًا كَثِيرًا ۗ وَمَا يَذَّكَّرُ إِلَّا أُولُو الْأَلْبَابِ

“U Oʻzi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan boʻlsa, darhaqiqat, unga koʻp yaxshilik berilibdi. Vaʼz­-eslatmalarni faqat ahli donishlargina oladilar”[2] deb ilm­-maʼrifatning berilishi insonga ulkan ilohiy neʼmat ekanligini bayon qiladi.

Alloh taolo olimlarning ismini muqaddas qilib, xalqlari orasidan Oʻzi yaxshi koʻrganlarini bu martaba bilan neʼmatladi. Olimlarni hidoyatga boshlab, ular sababli bandalari orasidan oʻzi yaxshi koʻrgan bandalarini hidoyat bilan ziynatladi. Olimlarni boshqalarga nisbatan afzal qilib, ularga ilm va hikmatni oʻrgatdi. Ularni dinda faqih (donishmand, bilimdon) qilib, dinning taʼvilotlarini[3] qalblariga joyladi va shu orqali Oʻzining hanif dinini qoim qildi. Olimlarning darajasini ilm bilan koʻtarib, halimlik bilan ziynatladi.Ular sabab halol va harom, haq va botil, foyda va zararlar maʼlum boʻladi. Olimlar bandalarning yoʻl koʻrsatuvchi chiroqlari, bu ummatning ustunlari va hikmat bulogʻidirlar. Bu holat har bir zamon va har bir vaqtda shundaydir.

Shuning uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham oʻzlarining bu hadislarida: “Alloh taolo kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (donishmand) qilib qoʻyadi,”[4] deb kishini oʻz dinida faqihlik darajasida ilm sohibi boʻlishi unga berilgan ulkan yaxshiliklardan biri ekanligini taʼkidladilar.

Hadisning umumiy maʼnosi:

“Alloh kimga yaxshilikni ravo koʻrsa, uni dinda faqih (donishmand) qilib qoʻyadi”.

Darhaqiqat, bu din fahm va ilmning qoim turishi ila oliy darajaga erishdi. Alloh taolo xalqlari orasida olimlarning darajasini baland qildi. Shuningdek, boshqa olimlardan dinda faqih boʻlganlarining darajasini baland qildi.

Faqih – shariat hukmlarini eng nozik jihatlarigacha tushunadigan, yuksak malakaga ega boʻlgan donishmand kishiga aytiladi. Shayx Juzjoniy “faqih” atamasiga quyidagicha taʼrif beradi: “Faqih”, yaʼni fiqh olimi boʻlmoq uchun faqatgina shariat hukmlarini yuzaki bilib, yod olish yetarli emas, balki ushbu hukmlarning butun sabab va hikmatlarini bilmoq va shariat asoslarini anglamoq zarurdir. Shuning uchun ham shariat hukmlarini sodda uslubda bilgan kishi olim deyilsa ham, faqih deyilmaydi. Fiqhshunos olimlarning taʼkidlashicha, ilm va fiqh orasida har kim ham anglay olmaydigan farq bor. Yaʼni ilm umumiy maʼnoda, fiqh esa xos maʼnoda ishlatiladi. Shu sababli har bir faqih olim boʻladi, ammo har bir olim faqih emasdir”[5].

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham oʻzlarining hadisi shariflarida kimga shariat ilmi berilgan boʻlsa, Alloh taoloning yaxshi koʻrgan bandalari ekanligini, faqihlar ham oʻzlariga berilgan buyuk neʼmat – shariat ilmining qadriga yetish lozim ekanligiga ishora qildilar. Zero, bu ilm hammaga ham berilavermaydi, aksincha, Alloh taolo uni jamiyat orasidan bunga salohiyati bor kishilargagina muyassar koʻradi. Ushbu hadisning zamirida ikkinchi botiniy maʼno ham mavjud. Yaʼni kim dinda shariat ahkomlarini bajarish uchun oʻziga yetarli ilmni olmagan boʻlsa-­yu, yana ulamolarga yaqin boʻlishga ham intilmasa, demak Alloh taolo unga yaxshilikni iroda qilmabdi. Chunki inson shariat ilmi bilan dunyo va oxirat saodatiga yetadi.

Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshqa hadislarida din ilmini oʻrgangan har bir kishi faqih boʻlavermasligini, aksincha din ilmini yuzaki oʻrgangan soxta va fitnachi faqihlar ham borligini aytib, ulardan ehtiyot boʻlishga chaqirganlar:

Ibn Mojadan rivoyat qilingan hadisda bu haqda shunday deyiladi:

255- عن ابن عباس، عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: “إن أناسا من أمتي سيتفقهون في الدين، ويقرءون القرآن، ويقولون: نأتي الأمراء فنصيب من دنياهم، ونعتزلهم بديننا. ولا يكون ذلك! كما لا يجتنى من القتاد إلا الشوك، كذلك لا يجتنى من قربهم إلا ” قال: محمد بن الصباح، كأنه يعني “الخطايا”

Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mening ummatimdan bir toifa odamlar paydo boʻladi. Ular din ilmini juda tez (yuzaki) egallaydilar va Qurʼon ham oʻqiydilar. Ular: Boshliqlarimizga borib ularning molu davlatlarini tortib olamiz va oʻzlarini dinimizdan chetlatamiz (yaʼni kofir deb eʼlon qilamiz), deb aytadilar. Bunday qilish mumkin emas! Qatoda (aloe guldan) tikandan boshqa narsa hosil qilib olinmaganidek, ularga yaqin boʻlishdan xatolardan boshqa narsa olinmaydi,” dedilar.

Hadis matniga eʼtibor qiladigan boʻlsak, bu yerda din ilmini juda tez, yaʼni yuzaki egallaydigan “faqihlar” paydo boʻlishidan ogoh etilmoqda va ularga ergashish u yoqda tursin, hatto yaqiniga bormaslik buyurilmoqda.

Bugungi kunda musulmonlar duch kelayotgan fitnalarning eng zararlisi va xatarlisi Islom dinining asosiy manbasi boʻlgan Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz hadislarini din ilmini yuzaki oʻrgangan chalasavod “faqihlar” tomonidan notoʻgʻri talqin etilmogʻi hisoblanadi. Chunki ayrim odamlar ularni faqih sanab aytgan soʻzlarini qabul qilishadi.

Hadisda taʼriflanganidek, dinimiz va aqidamiz borasida yetarli ilmga ega boʻlgan, Alloh taolo yaxshilikni ravo koʻrgan ulamolarimizga yaqin boʻlishimiz, ularning koʻrsatmalariga amal qilishimiz eng maqbul va toʻgʻri yoʻl hisoblanadi. Sof islomiy eʼtiqod va tushunchalarni notoʻgʻri talqin qilayotgan va musulmonlar orasida fitna qoʻzgʻashga intilayotgan fitnachi “faqih”larning yolgʻonlariga aldanib qolmasligimiz zarur. 

“men faqat (oʻljalarni) taqsimlovchiman, uni beruvchisi Allohdir”

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam janglardan tushgan oʻljalarni sahobalarga taqsimlab berar edilar. Ularning baʼzilariga taqozosiga koʻra koʻproq oʻljadan berar edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ishlarining hikmatiga tushunmagan sahobalardan baʼzilari bunga eʼtiroz bildirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga: Bu oʻljalarni beruvchisi Alloh, men faqat ularni Alloh taolo buyurganidek Allohni berganini taqsimlab beruvchiman, xolos. Vahiyda nima buyurilsa, men oʻshani bajaruvchiman. Buni faqat shariat ilmi berilgan kimsalargina anglab yetadilar, degan maʼnoda yuqoridagi hadisni aytdilar.

“Bu ummat Allohning amri kelguncha (yaʼni, qiyomat kuni kelguncha), ularga qarshi chiqayotganlarning zarari tegmay Alloh taoloning amrida (yaʼni, haq dinda) mudom sobit boʻladi”

Imom Buxoriy hazratlari: Rasulullohning “Bu ummat” degan soʻzlaridan murod “ilm ahli” nazarda tutilgan, deydilar. Imom Navaviy “Bu ummat” soʻzidan murod, moʻminlarning bir toifasidirki, ular orasida faqihlar ham, muhaddislar ham bor, deydilar.

“Allohning amri (ishi) kelguncha”

Hadisdagi bu soʻzning maʼnosini ulamolarimiz “Bu ummat ichidagi bir toifa, yaʼni ulamolar to qiyomatga yaqin vaqtgacha Alloh taoloning haq dini boʻlgan Islom dinini qoim qilish va dinni turli fitnachilardan himoya qilishda mudom boʻladilar”, deb tafsir qilishgan. Chunki qiyomat qoim boʻladigan vaqtda boshqa hadislarda xabar berilganidek, yer yuzida birorta tirik moʻmin kishi boʻlmaydi.

“ularga qarshi chiqayotganlarning zarari ularga tegmaydi”, yaʼni musulmonlarga qarshi turli fitnalar va urushlarni keltirib chiqarayotganlar musulmonlarni haq din – Islomdan adashtira olmaydilar, musulmonlarning sof eʼtiqodlariga zarar yetkazolmaydilar.

Shuningdek, ushbu Hadisi sharifdan yana quyidagi foydalarni xulosa qilishimiz mumkin.

  1. Faqihlar Alloh taoloning yaxshi koʻrgan bandalari ekanligi.
  2. Faqih kishini hurmat qilish, uni din ahkomlari toʻgʻrisidagi soʻzlariga amal qilish kerakligi.
  3. Ulamolarning boshqa odamlarga nisbatan fazilatli ekanligi.
  4. Dinda faqih boʻlgan olimni boshqa olimlardan fazilatli ekanligi.
  5. Dinda faqih boʻlmagan, islomning mohiyati va qonun­-qoidalarini bilmagan kishi din ilmiga oid masalalarni ulamolar tan olgan faqihdan soʻrab bilmogʻi zarurligini.
  6. Bandalarning rizqini beruvchi zot Alloh taolo ekanligi.
  7. Musulmonlar agar sof eʼtiqodlaridan adashmay, soxta faqihlar aldoviga tushib qolmay dinlariga amal qilsalar, ularga qarshi boʻlganlarning hech biri zarar berolmasligini ushbu hadisdan anglab yetamiz. 
[1] Qurʼoni karim  maʼnolarining tarjima va tafsiri muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. ­– T.: TIU. 2006. Zumar surasi. 9-oyat.
[2] Baqara surasi, 269­-oyat.
 [3] Hukm va mohiyatlari
[4] Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy. Sunanu Termiziy. 5-­juz, – Bayrut. Daru ihyou­t­ turos. 2645­-hadis.
 [5] Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy. “Buxorolik buyuk faqih Abu Zayd Dabusiy”. –T.: TIU. 2007. –B.7.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …