Home / MAQOLALAR / ODAMLAR ORASINI ISLOH QILISH

ODAMLAR ORASINI ISLOH QILISH

Har doim odamlar orasini isloh qilishga urinish va samarali vositachilik qilish ulugʻ maqsad va ijobiy natijalarni roʻyobga chiqarishda eng taʼsirli yoʻldir. Bu ikki tomonni isloh qilishda kuch ishlatishdan koʻra koʻproq samara bergan. Chunki kuch-quvvatning taʼsiri tez ketadi. Ammo yaxshi saʼy-harakatning taʼsiri inson qalbidagi gina-kuduratni sugʻurib olishga, odamlarning bir-biridan rozi boʻlib yashashiga, tortishayotgan tomonlarning murosaga kelishiga yordam beradi. Shuningdek, isloh qilish kechirimli boʻlishga, xato qilganni uzr soʻrashga, bagʻrikenglik, ahil-inoqlikka chorlaydi. Natijada odamlarning qalbi gina-kuduratdan poklanadi va yumshaydi.

Alloh taolo moʻminlar orasini isloh qilishga targʻib qilib, quyidagi oyatlarni nozil qilgan:

“Ularning koʻpgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yoʻq, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor. Kim oʻsha ishni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulugʻ ajr beramiz”[1].

“Albatta, moʻminlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz oʻrtasini isloh qiling”[2].

“Bas, Allohga taqvo qilinglar va oʻz oralaringizni isloh etinglar”[3]

Bu oyatlar hamisha insonlarning ahil-inoq yashashiga undaydi. Har bir shaxs jamiyat manfaati va saodati yoʻlida jon kuydirmogʻi kerak. Oʻshanda adolat qaror topadi, inson koʻngli xotirjamlikni tuyadi va birodarlik rishtalari mustahkamlanib, ahillik kuchayadi. Musulmon kishi hayotda shariat koʻrsatmalari asosida oʻrta yoʻldan yurib, odamlar orasini isloh qilishi maqtovga loyiq ishdir. Bu islom dinining yuksak gʻoyalaridan biri hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam isloh qilish muhim boʻlgani uchun hatto, yolgʻon gapirishga ham ruxsat berganlar. Ummu Kulsum binti Uqba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar orasini isloh qilgan kazzob emas. Yaxshilikni aytadi va yaxshilikni yetkazadi”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Imom Muslim ushbu soʻzlarga qoʻshimcha qilgan: “Men (Ummu Kulsum binti Uqba) U zotning odamlar “yolgʻon” deydigan narsadan birortasiga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Faqat uch narsaga: urushda, odamlar orasini isloh qilishda va erning oʻz xotiniga va xotinning oʻz eriga yolgʻon gapirishiga ruxsat berganlar”.

Islom dinida yolgʻon harom va katta gunoh hisoblansa ham undan kattaroq zararni qaytarish uchun ruxsat berilgan. Chunki odamlar orasini isloh qilish, koʻpchilik manfaati yoʻlida dushmanni dogʻda qoldirish va er-xotinning ahilligini saqlab qolish uchun yolgʻon gapirish  foydalidir.

Oysha roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshik oldida tovushini baland koʻtarib tortishayotganlarning ovozini eshitib qoldilar. Ularning biri ikkinchisidan qarzidan oʻtib berishini va biror yengillik qilishini soʻrardi. Narigisi esa: “Allohga qasamki, bunday qilmayman!” der edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga chiqib: “Maʼruf ishni qilmaslikka Allohning nomiga ont ichayotgan kishi qani?” dedilar. U: “Men, ey Allohning Rasuli. Bularning qay birini istasa, oʻsha boʻlaqolsin”, dedi”.

Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bergan savollari bilan yaxshilikni qilmaslikka qasam ichgan sahobani qattiq koyidilar. Musulmonchilikda eng savobli ishlardan biri yaxshilik yoʻlidagi oʻzaro yordamdir. Bu qarzdorga chiroyli muomalada boʻlish, jamiyat aʼzolariga begʻaraz koʻmak berish va ularning qaygʻu-alamini yengillatishdan iboratdir.

Biroq har bir shaxs oʻzi uchun xohlayotgan tinchlik, saodat va boshqa neʼmatlarni birodariga ham chin dildan tilamasa, ahil-inoq jamiyat vujudga kelmaydi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻzi uchun xohlagan yaxshilikni birodariga ham sogʻinishni imonning shartiga kiritganlar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Oʻzingizga yaxshi koʻrgan narsani birodaringizga ravo koʻrmaguningizcha hech biringiz chinakam moʻmin boʻla olmaysiz”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shunday ekan hamisha moʻmin birodarlarimizga yordam qoʻlini choʻzib, xusumatchilarning orasini isloh qilib turaylik. Albatta, yarashishni qabul qilish bagʻrikenglik, oliyjanoblik va oʻzaro hurmat belgisidir.

[1]Niso surasi, 114-oyat.
[2]Hujurot surasi, 10-oyat.
[3]Anfol surasi, 1-oyat.
Otabek BAXRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

RAMAZON OYINING FAZILATLARI BARCHAMIZNING BIR UMRLIK FAZILATLARIMIZGA AYLANSIN

Bu yil muqaddas Ramazon oyining uygʻonish, yangilanish va yasharish fasli boʻlgan bahor bilan hamqadam kelishi …