Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZDA YANA BIR XALQARO ILMIY SЕMINAR BOʻLIB OʻTDI

MARKAZDA YANA BIR XALQARO ILMIY SЕMINAR BOʻLIB OʻTDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Qoʻlyozmalarni tadqiq va tarjima qilish borasida xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari – Sankt-Peterburg davlat universiteti sharqshunoslik fakulteti Uzoq Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi dotsenti Irina Katkova, “Qirgʻiz-Turk Manas universiteti” tadqiqotchisi Derya Idikurt va Parijdagi “College de France” tadqiqot markazi Qurʼonshunoslik boʻlimi rahbari  Dr. Mari Eftimiyu ishtirok etdi. 

Seminarda dastlab Markazning qoʻlyozmalar boʻlimi boshligʻi Y.Isayev qadimiy manbalarni toʻplash, oʻqish va ularni kataloglashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Ayni paytda Markazda ilmiy amaliyot oʻtayotgan Irina Katkova va Derya Idikurt ham oʻz mavzulari doirasidagi tadqiqot ishlari va ular natijalari haqidagi maʼlumotlarini taqdim etdi. Shu bilan birga, Qurʼon qoʻlyozmalarning kodikologiyasi yoʻnalishida izlanish olib borayotgan fransiyalik tadqiqotchi Dr. Mari Eftimiyu oʻz ilmiy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Taʼkidlash joizki, xorijlik tadqiqotchilar qoʻlyozmalar bilan ishlash va ularni arxeologik predmet sifatida tadqiq etishda yetarli ilmiy salohiyatga ega. Ularning Markaz fondidagi qoʻlyozmalar asosida olib borilayotgan oʻrganishlar davomida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar, yozma manbalarni qogʻoz turi, uni tayyorlash usullari va xususiyatlariga koʻra tasniflashga oid bilim va koʻnikmalari mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirishda muhim oʻrin tutadi.

Ilmiy seminar erkin munozara va qizgʻin savol-javoblar tarzida oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …