Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY” KITOBINING ASL NUSXASI BORMI?

“SAHIHUL BUXORIY” KITOBINING ASL NUSXASI BORMI?

Imom Buxoriy oʻzining “Sahihul Buxoriy” kitobini oʻz qoʻllari bilan yozgan. Soʻngra, uni hadis oʻrganadigan koʻplab shogirdlariga oʻqib va rivoyat qilib bergan. “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Buxoriyning oʻzidan juda koʻplab talabalar eshitgan. Bu haqida Imom Buxoriyning eng mashhur shogirdlaridan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (vaf. 320 h.): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifni oʻzidan toʻqson ming kishi eshitgan”, deb aytadi[1]. Haqiqatda, “Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyatlari orasidan Imom Abu Abdulloh Firabriyning rivoyati juda mashhur boʻlib ketgan. Buning sababi, u kishining uzoq umr koʻrgani va kitobining nusxasi toʻliq boʻlganidir.

“Sahihul Buxoriy” kitobini eshitadigan talabalarning baʼzilari eshitish va ogʻzaki naql bilan kifoyalanib qolmasdi. Balki, ustozidan eshitgan hadislarni yozib borardi. Shu bois, ularning qoʻlida Imom Buxoriyning huzurida yodlagan ogʻzaki nusxalariga muvofiq boʻlgan “Sahihul Buxoriy” kitobining qoʻlyozma nusxalari ham paydo boʻlardi.

Ular Imom Buxoriydan eshitib yozib olgan narsalari bilan kifoyalanib qolmasdi. Balki, ular oʻzlari yozib olgan nusxalarini oʻta diqqat bilan ustozlari Imom Buxoriyning nusxasiga solishtirib koʻrardi va uchragan xato va kamchiliklarni toʻgʻrilab olardi. Imom Buxoriyning qoʻlidagi asl nusxaga muvofiq boʻlgan nusxalar tugaganidan keyin, oʻzlarining nusxalariga tugagan vaqtini va ustozining nusxasi bilan solishtirilganini yozib qoʻyardilar. Shu sababli, bizlarning qoʻlimizda “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasini qamrab olgan bir necha nusxalar paydo boʻlgan. Bu esa Imom Buxoriyning hayotlik chogʻida roʻy bergan edi.

Tarix bizlar uchun Imom Buxoriyning shogirdlari orasidan bugungi kunimizgacha ismlari va nusxalari mashhur boʻlganlarini saqlab qoʻygan. Ular: Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Tolha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy va Abu Abdulloh Mahomiliylardir.

Soʻngra, ulardan “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitgan va taʼlim olgan, son-sanoqsiz talabalar paydo boʻldi. Ular ham oʻzlarining qoʻlidagi nusxalarni oʻzlaridan oldingi talabalarning nusxalariga solishtirib koʻrardilar. Hatto, nusxalarning koʻpligi va rivoyatlarning aniq sanad bilan bogʻlangani uchun “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Buxoriyga nisbat berish mutavotir darajasiga yetdi.

“Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyati va tadvini dastlab yozilgan kunidan boshlab bugungi kunimizgacha insonlarning orasida mutavotir shakl bilan naql qilingan. Ulamolar va oddiy odamlar bu kitobni rivoyat qilish, oʻrganish, taʼlim olish va tushunishga harakat qilishgan. “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasidan sodir boʻlgan nusxalardan koʻchirib yozilgan nusxalarning koʻpligi buni isbotlaydi.

“Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi Imom Buxoriyning vafotidan keyin shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning qoʻlida qolgan. “Sahihul Buxoriy” kitobining rivoyati Abu Abdulloh Firabriy orqali mashhur boʻlgan. Abu Abdulloh Firabriydan “Sahihul Buxoriy” kitobini juda koʻp sonli shogirdlari taʼlim olgan. Ulardan yettitasi yoki toʻqqiztasi mashhur boʻlgan. Abu Abdulloh Firabriydan taʼlim olgan shogirdlari “Sahihul Buxoriy” kitobining matnini ustozini qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirib olganlar. Ular Abu Isʼhoq Mustamliy, Abu Muhammad Hammuviy, Abu Haysam Kushmihaniy, Abu Zayd Marvaziy va boshqalar[2]. Birorta tahqiqchi va ahli ilm ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Har qanday aqlli odam bu ummat sanadi muallifiga bogʻlanmagan birorta kitobni qabul qilmasligini biladi. Ummatning ijmosi kuchli sharʼiy dalillardan hisoblanadi.

Ibn Rushayd Sabtiy aytadi: “Bugun mashriq va magʻribda “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriyning yoʻlidir. Uning rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun insonlar unga suyanadi. Uning qoʻlida “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi boʻlgan va undan Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlari koʻchirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga guvohdir. Soʻngra, “Sahihul Buxoriy” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmo bogʻlangan. Natijada hujjat aniq boʻlgan”[3].

Imom Buxoriyning mashhur shogirdi Abu Abdulloh Firabriy nusxasining turli xil shaharlarda shogirdlari tomonidan koʻchirib yozilgan 14 ta nusxasi bor. Bu nusxalar ustozi Abu Abdulloh Firabriyning nusxasiga muvofiqdir. Abu Abdulloh Firabriyning nusxasi esa ustozi Imom Buxoriyning nusxasiga muvofiqdir. Abu Abdulloh Firabriyning shogirdlarini har biridan juda koʻplab odamlar rivoyat qilgan. Shu darajada koʻpki, rivoyat qilishda ularning yolgʻonga toʻplanishi va kelishib olishi mumkin emas. Abu Abdulloh Firabriyning oʻzida ham xuddi shunday holat. “Sahihul Buxoriy” kitobining Abu Abdulloh Firabriydan boshqa roviylari haqida ham xuddi shunday oʻylashimiz kerak.

“Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Firabriydan juda koʻplab siqa (ishonchli) roviylar jamoasi rivoyat qilgan. Ularning eng mashhurlari qoʻyidagilar: Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy (vaf. 376 h.), Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad Hammuviy (vaf. 381 h.), Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf. 389 h.), Abu Ali Muhammad ibn Umar Shabbaviy, Ibn Sakan Said ibn Usmon Bazzoz (vaf. 353 h.), Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy (hijriy 301-371 y.) va Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Jurjoniy (vaf. 373 h.)lardir.

Abu Valid Bojiy aytadi: Hofiz Abu Zar Abdurahmon ibn Ahmad Haraviy bizlarga Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliydan rivoyat qiladi. Abu Isʼhoq Mustamliy: “Men “Sahihul Buxoriy” kitobini Muhammad ibn Yusuf Firabriyning huzuridagi asl nusxadan koʻchirib oldim. Shunda uni hali toʻliq boʻlmaganini koʻrdim. Kitobda koʻplab yozilmagan boʻsh joylar bor edi. Orqasida biror narsa yozilmagan tarjimai hollar va tarjimai hollari yozilmagan hadislar bor edi. Shunda baʼzisini baʼzisiga qoʻshib qoʻydik”, degan[4].

Ibn Rushayd ham oʻzining “Ifadat an-nasiyh fiy at-taʼrif bi-sanad al-jomeʼ as-sahih” nomli kitobida: “Abu Isʼhoq oʻzining kitobini “Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasidan naql qilgan”, deb aytadi[5]. Abu Zar Haraviy “Sahihul Buxoriy” kitobini Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy, Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy va Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad Hammuviylardan rivoyat qilgan. Uning rivoyati rivoyatlar orasida eng kuchlirogʻiga aylangan. Bunga Abu Zar Haraviy “Sahihul Buxoriy” kitobini rivoyat qilgan ustozlarining orasidan Abu Isʼhoq Mustamliyning borligi kifoya qiladi. Haqiqatda, Abu Isʼhoq Mustamliy “Sahihul Buxoriy” kitobini oʻzi uchun “Sahihul Buxoriy”ning asl nusxasidan koʻchirib olgan.

“Sahihul Buxoriy” kitobining asl nusxasi oradagi muddat uzoq boʻlib ketgani uchun bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Ulamolar oʻzlaridan oldingi ulamolaridan taʼlim olgan koʻplab kitoblarda, kitobning asl nusxasi bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Bu esa hech narsani oʻzgartirmaydi.

Qadimgi kitoblarning koʻpida bunga oʻxshash holat mavjud. Ibn Isʼhoq (vaf. 151 h.)ning “As-siyra an-Nabaviya” kitobi va Imom Sibavayh (vaf. 180 h.)ning “Nahv” kitobi bunga misol boʻla oladi. Koʻp odamlar ulamolar qadimgi kitoblarni bugungi kunimizgacha eshitish va ijoza orqali rivoyat qilganini bilmaydilar. Tolibi ilmlar bu kitoblarni muallifiga bogʻlangan sanadlar bilan rivoyat qilganlar.

Shuningdek, oradagi muddat juda uzoq boʻlgani uchun “Sahihul Buxoriy” kitobining Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan asl nusxasini yoʻqligi hech narsani oʻzgartirmaydi. Chunki, u kishining shogirdlari oʻsha asl nusxadan koʻplab nusxalarni koʻchirib olganlar. Soʻngra, ulardan keyingi shogirdlari ham Imom Buxoriy yozgan asl nusxaga muvofiq boʻlgan koʻplab nusxalarni koʻchirib olganlar. Shu sababli, “Sahihul Buxoriy” kitobining nusxalari yer yuziga keng tarqalib ketgan. Chunki, har bir asrda yashagan roviylar “Sahihul Buxoriy” kitobini yozib olib, uni sahih nusxalari bilan solishtirib koʻrardilar. Soʻngra, ustozlaridan Imom Buxoriyning oʻziga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qilardilar.

Shuning uchun “Sahihul Buxoriy” kitobining Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan asl nusxasi yoʻqolib ketgan boʻlsa ham, “Sahihul Buxoriy” kitobining hozirgi nusxalari oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Chunki, “Sahihul Buxoriy” kitobi Imom Buxoriyning shogirdlarini orasida tarqalib ketgan va har birining sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan nusxalari koʻpayib ketgan. Unga bir necha sharhlar yozilgan. Allohning fazli va karami bilan barcha nusxalari bir xil boʻlgan.

Bu sharhlardan va “Sahihul Buxoriy” kitobining eʼtibor qilish lozim boʻlgan nusxalaridan biri Imom Xattobiy (hijriy 319-388 y.)ning “Aʼlamul hadis” deb nomlangan sharhidir. Bu kitob Imom Buxoriyning zamoniga eng yaqin boʻlgan sharhdir. Bizlar Imom Buxoriyning hijriy 256 yil vafot etganini bilamiz. Demak, Imom Xattobiy “Sahihul Buxoriy” kitobini oʻzlarining ustozlari orqali Imom Buxoriydan rivoyat qilgan roviylarni koʻrgan.

Imom Buxoriyning mashhur shogirdi Abu Abdulloh Firabriyning nusxasi mashhur boʻlib, undan naql qilish keng tarqalgan. Faqat shu nusxadan naql qilish bilan cheklanib qolmagan. “Sahihul Buxoriy” kitobi bundan boshqa yoʻldan ham naql qilingan. Bu Imom Xattobiyning yoʻlidir. U oʻzining “Sahihul Buxoriy” kitobiga yozilgan “Aʼlamul hadis” nomli sharhida: “Men kitobning koʻproq qismini Xolf ibn Muhammad Xiyomdan, u Imom Buxoriyni oʻzidan “Sahihul Buxoriy” kitobini eshitgan shogirdi Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf. 295 h.)dan Firabriyning yoʻlidan boshqa yoʻl bilan eshitdim”, degan.

“Sahihul Buxoriy” kitobining eng qadimgi qoʻlyozmasi hijriy 4 asrlarga borib taqaladi. Yaʼni, Imom Buxoriyning vafotidan bir necha oʻn yillar keyin. Bu Imom Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziyning nusxasi. U “Sahihul Buxoriy” kitobini hijriy 318 yil ustozi Abu Abdulloh Firabriydan eshitgan. Abu Abdulloh Firabriy esa “Sahihul Buxoriy” kitobini hijriy 252 yil Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgan.

Har bir avlod va har bir tabaqaning qoʻlida “Sahihul Buxoriy” kitobini naql qilingan nusxalari boʻlgan. Roviylarning barchasi bu kitobni oʻzlaridan oldingi ustozlaridan, ularning qoʻlidagi nusxalarga muvofiq holda rivoyat qilgan. Imom Abu Zar Haraviy (vaf. 434 h.) va Karima Marvaziya (vaf. 463 h.)larning nusxasi sanadi Abu Abdulloh Firabriyga bogʻlangan mashhur rivoyatlardan hisoblanadi.

“Sahihul Buxoriy” kitobi bizning zamonamizgacha sahih holda yetib kelganiga aqliy dalillardan biri, buzgʻunchi va yolgʻon ahllari “Sahihul Buxoriy” kitobiga biror narsani ziyoda qilishdan noumid boʻlganlaridir. Agar “Sahihul Buxoriy” kitobi oʻzining muallifiga yolgʻondan nisbat berilganda, albatta, sahih boʻlmagan hadislarni unga kirgizish mumkin boʻlardi. Bunday holat aslo uchramagan. Bu esa “Sahihul Buxoriy” kitobini Imom Buxoriyga nisbat berish toʻgʻriligini isbotlaydi.

Imom Buxoriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishda oʻzidan boshqa hadis imomlaridan yolgʻizlanib qolmagan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar oʻnlab Sunan, Moʻjam, Musnad kitoblarida va hadis juzlarining ichida bor. “Sahihul Buxoriy” kitobidagi har bir hadisning turli xil hadis kitoblarida oʻnlab rivoyatlari bor. Bu esa “Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislar haqida shak-shubha qiluvchi kishining shak-shubhasini ketkazadi.

Muhammad Fuad Abdulboqi oʻzining “Al-luʼluʼ val-marjon fiy-ma ittafaqo ʼalayhi ash-Shayxon” nomli kitobida shunday degan: “Imom Muslim “Sahihul Buxoriy” kitobida rivoyat qilingan 1906 ta hadisda Imom Buxoriy bilan ittifoq boʻlgan”. Har bir odam Musnad, Jomiʼ, Sunan va boshqa hadis kitoblarini koʻradigan boʻlsa, u yerda “Sahihul Buxoriy” kitobida kelgan koʻplab hadislarni koʻradi. “Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislar bulardan boshqa hadis kitoblarida ham uchraydi.

“Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislarni “Mustaxraj” nomli boshqa hadis kitoblarida ham topamiz. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar “Mustaxraj” nomli kitoblarda Imom Buxoriyning nomi zikr qilinmagan sanadlar bilan keltirilgan. Bu hadislar Imom Buxoriyning ustozlaridan yoki ustozlarining ustozlaridan rivoyat qilingan. Bu esa Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobidagi hadislarni qoʻllab-quvvatlaydi. Chunki, bu hadislar Imom Buxoriyning yoʻlidan boshqa yoʻldagi turli xil sanadlar bilan ham rivoyat qilingan. Bu esa “Sahihul Buxoriy” kitobining sahihligi va bizning asrimizgacha sahih holida yetib kelishi haqidagi qissalarning xulosasidir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

[1]. Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Ustozlar jamoasining tahqiqi. Al-bidoya va-n-nihoya: 15 jildli. – Bayrut: Doru-l-kutubu-l-ilmiya, 1407 h. J: 11. B: 28.

[2]. Imom Abu Valid Sulaymon ibn Xolaf ibn Saʼd ibn Ayyub Bojiy. At-taʼdil vat-tajriyh: 3 jildli. – Magʻrib: Vizarotu-l-avqof va-sh-shuʼuni-l-islamiya, 2010. B: 287.

[3]. Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifadat an-nasiyh fiy at-taʼrif bi-sanad al-jomeʼ as-sahih. – Tunis: Ad-dar at-Tunisiya. B: 18-19.

[4]. Imom Abu Valid Sulaymon ibn Xolaf ibn Saʼd ibn Ayyub Bojiy. At-taʼdil vat-tajriyh: 3 jildli. – Magʻrib: Vizarotu-l-avqof va-sh-shuʼuni-l-islamiya, 2010. B: 287.

[5]. Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifadat an-nasiyh fiy at-taʼrif bi-sanad al-jomeʼ as-sahih. – Tunis: Ad-dar at-Tunisiya. B: 25.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …