Home / ALLOMALAR / ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL BUXORIY (810-870) 4-qism

ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL BUXORIY (810-870) 4-qism

Manbalarda keltirilishicha, Imom Buxoriy oʻz ijodiy faoliyati davrida yigirmadan ziyod asar yozgan. Ularning eng mashhurlari quyidagilardan iborat: “Al-Jomiʼus sahih” (“Ishonchli toʻplam”), “Al-Adabul mufrad” (“Adab durdonalari”), “Kitobul favoid” (“Foydalar kitobi”), “Rafʼul yadayni fis salot” (“Namoz vaqtida ikki qoʻlni koʻtarish”), “As-Sunan fil fiqh” (“Fiqh haqidagi sunnatlar”), “Al-Asmo val kuno” (“Ismlar va kunyalar”), “Avoliyus sihoh”(“Sihohga kirmagan zaif hadislar”), “Asmous sahoba” (“Sahobalarning ismlari”), “Badʼul maxluqot” (“Olam yaratilishining ibtidosi”), “Tafsirul Qurʼon” (“Qurʼon tafsiri”), “Kitobuz zuʼafo” (“Zaif hadislar kitobi”), “Kitobul vahdon” (“Bitta hadis aytgan sahobalar kitobi”), “Kitobul hayʼat” (“Hayʼat kitobi”), “Al-Mabsut fil hadis” (“Hadis ilmi haqidagi ulgʻayish va kamolot kitobi”), “At-Tarixul kabir” (“Katta tarix”), “At-Tarixul avsat” (“Oʻrta tarix”), “At-Tarixus sagʻir” (“Kichik tarix”), “Xolq afʼolul ibod” (“Bandalarga xos feʼl-atvorlarning yaratilishi”), “Al-Musnadul kabir” (“Katta musnad”), “At-Tafsirul kabir” (“Katta tafsir”), “Kitobul hiba” (“Hadyalar kitobi”), “Kitobul ilal” (“Illatli hadislar kitobi”), “Birrul volidayn” (“Ota-onaga yaxshilik”), “Kitobul ashribat”(“Ichimliklar haqida kitob”), “Qazoyos sahoba vat tobiʼiyn” (“Sahoba va tobeinlarning hukmi”) , “Al-Jomiʼul kabir” (“Katta toʻplam”), “Al-Jomiʼus sagʻir fil hadis” (“Hadis borasidagi kichik toʻplam”), “Al-Qiroatu xalfal imom” (“Imomga iqtido qilgan kishining qiroati haqidagi kitob”).

Buyuk muhaddisning shoh asari, shubhasiz, “Al-Jomiʼus sahih”dir. Bu toʻplam “Sahihul Buxoriy” nomi bilan mashhur. Imom Buxoriy turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga boʻlgan, ularning eng ishonchlilarini ajratib olib, kitoblar va boblarga taqsimlab, alohida jamlanma tuzgan. Bu toʻplam yozilgunga qadar hech bir asar bu kabi tartibga ega boʻlmagan.

Ibn Salohning (1181-1245) taʼkidlashicha, Imom Buxoriyning mazkur asariga 7275 ishonchli hadis kiritilgan boʻlib, takrorlanmaydigan rivoyatlar 4000 tani tashkil qiladi.

Bu sharafli ishni birinchi boʻlib Imom Buxoriy boshlab bergan. Keyingi muhaddislar unga ergashib, shu zaylda hadis toʻplamlarini tuza boshlagan. Allomaning ushbu yirik asari dunyo yuzini koʻrganiga taxminan 1200 yil boʻldi. Oʻsha davrdan hozirgi vaqtgacha u islom olamida Qurʼondan keyin turadigan moʻtabar manba sanaladi.

“Sahihul Buxoriy”ning koʻplab qoʻlyozma nusxalari dunyoning turli shaharlariga tarqalgan. Asarning shuhrati va unga ehtirom shu darajaga borganki, Oʻrta asrlarda baʼzi adib va xattotlar uchun “Sahihul Buxoriy”dan nusxa koʻchirish tiriklik manbaiga ham aylangan. Jumladan, taniqli adib va tarixchi Nuvayriy (vaf. 1332 y.) Imom Buxoriyning ushbu asaridan sakkiz nusxa koʻchirib, har birini ming dirhamdan sotgani haqida maʼlumotlar mavjud.

“Sahihul Buxoriy” va alloma qalamiga mansub boshqa asarlarning dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari soni besh mingdan oshadi.

“Al-Jomiʼus sahih”ga koʻplab sharhlar bitilgan boʻlib, koʻplab davlatlarda u qayta-qayta nashr ham qilinmoqda.

 SAMARQAND ALLOMALARI kitobidan

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …