Home / ALLOMALAR / ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL BUXORIY (810-870) 3-qism

ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL BUXORIY (810-870) 3-qism

Imom Buxoriy gʻoyat begʻubor, halol-pokiza, diyonatli inson boʻlib, gʻiybatu nohaqliklardan yiroq kishi edi. U doimo: “Gʻiybat qilish harom ekanini bilganimdan boshlab hech qachon biror kishi haqida gʻiybat gapirmaganman”, deb taʼkidlagan.

Imom Buxoriy yashagan davrda Xolid ibn Ahmad Zuhliy Buxoroning amiri edi. Uzoq yillik xorijiy safarlardan qaytib, ona yurti Buxoroda oʻrnashgach, allomaning shonu shuhrati chor atrofga keng tarqaldi. Koʻplab hadis toliblari guruh-guruh boʻlib, uning huzuriga kela boshladi. Shunda, garchand mazhabga oid masalalaryoda bir qadar Imom Buxoriy bilan muxolafatda boʻlsa ham, Xolid ibn Ahmad Zuhliy uning rivoyatlarini kitobiga kiritgan.

Oradan koʻp oʻtmay, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hadislariga qiziqishi katta boʻlgan amir allomani saroyga kelib, oʻzi va oʻgʻillariga “Sahihul Buxoriy” va “Tarix” asarlaridan saboq berishini talab qiladi. U hukmdordan kelgan xabarchiga: “Men ilmni xor qilib, uni hukmdorlar eshigiga olib bormayman”, deb javob beradi.

Shunda amir agar Imom Buxoriy saroyga kelishni istamasa, farzandlari uchun alohida, maxsus vaqt ajratib saboq berishini, u darslarda boshqa talabalar ishtirok etmasligini taʼkidlab, yana vakil yuboradi. Lekin alloma bu talabga ham rad javobini beradi: “Ilm olmoq Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam meroslaridan boʻlib, bunda har bir inson – xosu avom teng huquqqa ega”, deydi. Amirda undan dars olish ehtiyoji boʻlsa, uyiga yoki masjidga kelishini soʻrab: “Taklifim sizga maʼqul boʻlmasa, siz hokimsiz, meni saboqlarimdan (ilmiy yigʻinlarimdan) man qiling (toʻxtating), bu menga odamlardan ilmimni berkitmayotganim uchun qiyomat kunida Alloh huzurida bir uzr boʻladi”, deb aytadi. Mana shu dadil javobdan keyin amir qattiq gʻazablanadi va allomani shahardan chiqarib yuborish chorasini koʻradi.

Imom Buxoriy Buxorodan chiqib ketgach, Poykandga keladi. Dushmanlar Buxoroda allomaga qarshi toʻqigan igʻvo va tuhmatlarini har tarafga tarqatishga zoʻr berib, xalq orasida keng yoygan edi. Shu bois boʻhton xabarlar Imom Buxoriydan oldin Poykandga kelib yetgan boʻlib, shahar ahli bu xususda ikkiga boʻlingan edi. Bir qismi Imom Buxoriyni tuhmatdan himoya qilib, tarafini olsa, ikkinchisi fisqu fasodchilarni qoʻllab-quvvatlardi. Alloma Poykand ahli orasidagi ixtilofdan voqif boʻlgach, bu shaharda yashashni oʻziga munosib koʻrmadi.

Ayni vaqtda Imom Buxoriyning Poykandga kelganini bilgan Samarqand ahli uni oʻz shahriga taklif qildi va u yerda muqim qolib, ustozlik qilishini soʻradi. Alloma ular tomon yoʻl oldi va Samarqand yaqinidagi Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiyning (vaf. 870 yildan keyin) uyida toʻxtadi. Lekin Buxoroda qoʻzgʻalgan fitna Samarqandga ham yetib kelganidan xabar topib, uning ahli goʻyo Poykanddagi kabi ikki guruhga boʻlinganini bilgach: “Allohim, qanchalik keng boʻlgani bilan yeru dunyo menga torlik qilib qoldi, endi meni oʻz rahmatingga qabul et”, deb duo qildi.

Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy ilm ahlidan boʻlgan. Alloma uning Xartangdagi uyida 256/870 yil 31 avgustda, Iydul fitr – Ramazon hayiti kechasi vafot etgan va shu qishloqda yerga qoʻyilgan. Dafn marosimi bilan bogʻliq xarajatlarni ham Xartangiy koʻtargan va bu haqda “Manoqibul Buxoriy” (“Buxoriyning fazilatlari”)da hikoya qilgan. Oradan koʻp oʻtmay oʻzi ham olamdan oʻtgan.  Vaotidan oldin oʻzini allomaning yoniga dafn etishlarini vasiyat qilgan.

SAMARQAND ALLOMALARI kitobidan

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …