Home / FOTO LAVHALAR / Arxeologik tadqiqotlarni davom ettirish muhimdir

Arxeologik tadqiqotlarni davom ettirish muhimdir

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning turkiyalik va rossiyalik sovrindorlari, mamlakatimiz va xorijdagi oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Italiya, Xitoy, Pokiston, Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniyadan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Italiyadagi Bolonya universiteti tarix va madaniyat fakultetining Hindiston va Markaziy Osiyo arxeologiyasi va sanʼati tarixi kafedrasi dotsenti prof. dr. Simone Mantellini “Zarafshon vodiysining oʻrta qismida islomlashuv” mavzusida maʼruza qildi.

Olim Zarafshon vodiysida arablar istilosidan oldingi va keyingi davrlarning arxeologik topilmalar vositasida aniqlangan farqli jihatlari, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda yuz bergan oʻzgarishlar borasida koʻrgazmali maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Qishloq xoʻjaligidagi madaniylashuv jarayonlarining borishi, jumladan, ekin va chorvaning shu davrlardan bizgacha yetib kelgan turlariga ham batafsil toʻxtaldi.

Taʼkidlash lozimki, tadqiqotchi keltirgan maʼlumotlar Samarqanddagi Kofir qalʼa qadimiy yodgorligidagi qazilma ishlarida qoʻlga kiritilgan natijalarga asoslangan. Oʻtgan yili Simone Mantellini boshchiligidagi guruh qalʼa va Shahristonning ilgari oʻrganilmagan ikki obyektida arxeologik qazishmalar olib borgan. Oʻzbekiston-Italiya arxeologik loyihasi doirasida ilmiy hujjatlar asosida oʻtkazilgan bu tadqiqotlar mazkur hududda arxeologiya parkini yaratishga yoʻnaltirilgan.

Kofir qalʼa Buyuk Ipak yoʻlining ajralmas qismi boʻlgani uchun bu hududda sayyohlar uchun markaz vazifasini oʻtaydigan arxeologiya parkini barpo etish va tadqiqotlarni davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

Ishtirokchilar maʼruzaga katta qiziqish bildirib, barcha savollariga batafsil javob oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriyning islom tarixiga oid nodir asari taqdimoti

Joriy yilning 27-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk muhaddis olim, …