Home / FOTO LAVHALAR / “Tangalar qadim tarixdan soʻzlaydi”

“Tangalar qadim tarixdan soʻzlaydi”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida galdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari, mamlakatimiz va xorijdagi oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Armaniston, Eron va Yevropa davlatlaridan olimlar qatnashdi.

Seminarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi boʻlimi mudiri Prof.Dr. Gʻaybulla Boboyorov “Oʻrta Osiyo musulmonlarining ilk tangalari: arab, fors va turkiy madaniyatlar uygʻunligi” mavzusida maʼruza qildi.

Olim Oʻrta Osiyo musulmonlarining asrlar davomida muomalada boʻlgan koʻplab tangalari islom anʼanalari bilan uyqash degan biryoqlama yondashuvdan farqli ravishda, pul birliklaridagi turli tasvirlar, ramziy belgilar va boshqalar orqali islom dunyosining bayroqdoriga aylangan Oʻrta Osiyo xalqlari, ayniqsa, turkiylar oʻtmishining oʻrganilmagan jihatlariga oydinlik kiritish mumkinligini taʼkidladi.

Mintaqada tanga zarb etish arablar istilosidan qariyb ming yil oldin boshlangan. Oʻshanda bu yerning pul tizimiga yunon, eron, hind va xitoy tangalari birmuncha taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, ilk Oʻrta asrlarning soʻnggi yuzyilliklariga kelib, mintaqa numizmatikasida arab, toʻgʻrirogʻi, musulmon anʼanalari, keyinchalik arab, fors va turkiy madaniyatlar uygʻunlashuvi kuzatiladi. Ayrim oʻrinlarda esa turkiy anʼanalar yetakchi boʻlgani eʼtirofga molik.

Maʼruzachi Ummaviylar boshqaruvidan Temuriylar davrigacha bosilgan tangalarning oʻziga xos elementlarida qadriyat va madaniyatlarning aks etishi, tarixning muayyan bosqichlari namoyon boʻlishini taʼkidlar ekan, tangalar doim hukmron sulola qudratini koʻrsatganini, shu bois endilikda yuksak tarixiy qiymatga ega ekanini qayd etdi.

Olim, shuningdek, Oʻrta Osiyo tangalarining saqlanish darajasi, ularning muzeylar boʻylab taqsimlanishi va joylashtirilishi masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi. Uning fikricha, ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolgan, faqat tovar ayirboshlash vositasi emas, balki yasalishi sanʼat darajasiga koʻtarilgan tanga pullar ustida izlanishlar olib borish va numizmatikani yanada rivojlantirish borasida qilinadigan ishlar talaygina.

Maʼruza ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi, seminar savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Buyuk sarkarda, adolat va ulugʻvorlik timsoli”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir …