Home / FOTO LAVHALAR / Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy tibbiyotdagi oʻrni

Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy tibbiyotdagi oʻrni

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida Ibn Sino ilmiy merosining zamonaviy tibbiyotdagi ahamiyati mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy hodimlari, universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, tyutor va talabalar ishtirok etdi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori E.Tangirov ochib, Markaz va universitet hamkorligi koʻp yillardan beri davom etib kelayotganini alohida taʼkidladi.

Markaz ilmiy xodimi Jonibek Jumayev ulugʻ ajdodimiz Abu Ali Ibn Sino hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish,  yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning jahon sivilizatsiyasi va ilm-fani taraqqiyotiga qoʻshgan bebaho hissasi haqida soʻzladi.

Uchrashuvda soʻzga chiqqan Markaz ilmiy xodimi Sirojiddin Abduvoitov yoshlarga Ibn Sino timsolini ibrat qilib koʻrsatish barobarida bobokalonimiz hayoti, ilmiy va falsafiy merosining ahamiyatli jihatlarini gapirib berdi. Shuningdek, Ibn Sinoning islom bilimlari rivojiga qoʻshgan ulkan hissasiga toʻxtaldi. Bundan tashqari yurtimizda yosh avlodni dinlararo bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash va mustahkamlash ruhida tarbiyalash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib berdi.

Tadbir ishtirokchilari Markaz tomonidan chop etilgan “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobi, Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 30-juzi, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” asarlari hamda “Buyuk allomalarimiz” haqidagi xalqchil risolalar va “10 ta haqiqat” plakatlari bilan tanishtirildi.

Tadbir yakunida maʼruzachilar ishtirokchilarning savollariga javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hashar uyushqoqlik bilan oʻtdi

Xalqimizga xos goʻzal urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz orasida hashar birdamlik, hamjihatlik ramzini ifodalaydi. U tufayli …