Home / FOTO LAVHALAR / “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti”

“Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti”

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat chet tillar instituti hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Markaz ilmiy xodimlari, institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, tyutorlar va talabalar ishtirok etdi.

Markaz ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, fan-taʼlim, madaniyat, sohalarini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib, ushbu yoʻnalishlarda erishilayotgan yutuqlarni hayotiy misollar bilan koʻrsatib berdi. Shuningdek, Markaz tomonidan chop etilgan “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobi, Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 30-juzi, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” asarlari hamda “Buyuk allomalarimiz” haqidagi xalqchil risolalar va “10 ta haqiqat” plakatlari tadbir ishtirokchilariga tanishtirib oʻtildi.

Uchrashuvda Markaz ilmiy xodimi Sirojiddin Abduvoitov yigʻilganlar uchun ingliz tilida maʼruza qilib, coʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va keng targʻib etish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani haqida soʻzladi. Yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mazkur merosni keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, Markaz faoliyati, nashr etilayotgan adabiyotlar, rejalashtirilayotgan ilmiy loyihalar haqida maʼlumotlar berib oʻtdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga ajdodlarimizni yaqindan tanitsak, ilmiy merosini chuqur oʻrgatsak, ular hech qachon yoʻldan adashmaydi. Aksincha, yurtimizni taraqqiy ettirishga munosib hissa qoʻsha oladigan yetuk olimlar, ulugʻ allomalarimizga munosib vorislar yetishib chiqadi.

Tadbir yakunida maʼruzachilar ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …