Home / ALLOMALAR / ABU JAʼFAR AHMAD IBN MANIʼ IBN ABDURAHMON BAGʻOVIY

ABU JAʼFAR AHMAD IBN MANIʼ IBN ABDURAHMON BAGʻOVIY

Xurosonlik hadis hofizi (vaf. 244/858)

Ahmad ibn Maniʼ Xurosonning Bagʻshoʻr shahridan boʻlib, Bagʻoviy nisbati bilan mashhur boʻlgan. Allomaning toʻliq ismi Abu Jaʼfar Ahmad ibn Maniʼ ibn Abdurahmon Bagʻoviy. U mashhur mufassir va muhaddis alloma Abulqosim Abdullohning ona tomondan bobosi boʻlgan. Ahmad ibn Maniʼ dastlabki taʼlimni Xurosondagi Soʻfyon ibn Uyayna, Abu Bakr ibn Ayyosh, Abdulloh ibn Muborak va Yazid ibn Horun kabi koʻplab muhaddislardan saboq olgan. U hadis ilmini oʻrganish va rivoyat qilish boʻyicha “Hofiz” unvoniga sazovor boʻlgan. Keyinchalik islom olamida mashhur ilm markazlaridan biri boʻlgan Bagʻdod shahriga kelib, umrining oxiriga qadar bu yerda hadis ilmidan saboq bergan. Imom Buxoriy, Isʼhoq Sogʻoniy, Ibn Huzayma va nabirasi Abulqosim Abdulloh Bagʻoviylar u zotning tolibi ilmlaridan boʻlgan. Imom Buxoriy ustozi Ahmad ibn Maniʼ rivoyat qilgan hadislarni “sahih” ligini taʼkidlab, ularni asarlariga kiritgani haqida maʼlumot bergan. Ulamolar Ahmad ibn Maniʼning ilm-salohiyati va qobiliyatini zamondoshi Ahmad ibn Hanbalga tenglashtirgan. Allomaning qirq yil davomida har uch kunda Qurʼoni karimni xatm qilgani, shuningdek, barcha daromadini ilm-fan uchun sarflagani rivoyat qilinadi. Ahmad ibn Maniʼ sakson toʻrt yoshida vafot etgan. Uning kitoblaridan boshqa mulki atigi yigirma toʻrt dirham boʻlgan. Manbalarda  allomaning “Musnad” asari boʻlgani keltiriladi, ammo bugungi kunda saqlangan nusxasi haqida aniq maʼlumot yoʻq.

I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …