Home / ALLOMALAR / ABU ZAYD AL-BALXIY – ISLOM PSIXOLOGIYASI VA PSIXOTЕRAPIYASI ASOSCHISI SIFATIDA

ABU ZAYD AL-BALXIY – ISLOM PSIXOLOGIYASI VA PSIXOTЕRAPIYASI ASOSCHISI SIFATIDA

Ayni davrda zamonaviy ilmlarning taraqqiyoti bilan birga tarixda yozilgan islom olimlarining asarlarini oʻrganishga ham ehtiyoj mavjud boʻlib, bu XXI asr kishisiga ham dunyoviy, ham diniy jihatdan maʼlum bir masalaga yondasha olishga imkon beradi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, islom olimlari oʻz davrida din ilmlari bilangina cheklanib qolmay, turli fan sohalarida noyob asarlar yozib qoldirishgani tarixdan maʼlum. Shunday olimlardan biri Abu Zayd al-Balxiydir.

Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Ayasofiya kutubxonasida koʻpchilikni hayratda qoldira oladigan bir manba saqlanib kelinmoqda. U bir-biridan mustaqil ikki qismdan iborat boʻlib, IX asrda tibbiyot sohasidagi mashhur ensiklopedist olim Abu Zayd Ahmad ibn Sahl al-Balxiy tomonidan alohida ikki yoʻnalishda “Tana va qalb ozuqasi” nomi ostida yozib qoldirilgan. Geografiyadan adabiyotgacha oʻz hissasini qoʻshgan bu olimning, afsuski, faqat ushbu, yaʼni psixoterapiyaga oid asarigina saqlanib qolgan. Olimning davrigacha boʻlgan muddatda inson salomatligiga doir qilingan ishlarga qoʻshimcha tarzda u aqliy va psixik salomatlikning muhim ekanligi yuzasidan zamonaviy fikrlarni ilgari surgan qoʻllanma yozib qoldirgan. Oʻziga xos qobiliyati orqali Abu Zayd al-Balxiy shaxslardagi psixopatalogk muammolarni nisbatan yengil hisoblangan psixologik buzilishlarni: stres, depressiya, qoʻrquv, xavotir, fobiya va obsessive-kompulsiv buzilishlarni kognitiv-bixeviorial terapiya orqali tushuntirgan va diagnoz qilgan. Bu esa hozirgi zamonaviy psixologiyadagi terapiyaning tarmoqlariga mos keladi. Shuningdek, u qalb muolajasi va Allohga ibodatning psixologik ahamiyatini oʻz ichiga oladi.

Abu Zayd al-Balxiy tana va ruhiy kasalliklarning belgilari, ularni aniqlash, oldini olish, davolash va salomatlikni dastlabki holatiga qaytarish yuzasidan aniq izohlar keltirgan. U insonning psixologik holati va hissiy jihatlarini tibbiy jihatini koʻrsatib berdi.

Abu Zayd al-Balxiy qomusiy olim edi. Uning ilm-fanga qoʻshgan katta hissasi juda koʻp turli sohalarni qamrab oldi. Shu sababli ular bizning zamonaviy ongimizda bir-biriga bogʻliq emasdek tuyuladi. U shuningdek, oʻz davridan koʻp asrlar oldin yozilgan asarlarni oʻrgangan; tashvish va kayfiyat buzilishlarini kognitiv davolash usullarini taklif qilgan dunyodagi birinchi maʼlum kognitiv psixologlardan biri boʻlgan. Sermahsul yozuvchi va ensiklopedist olim oltmishdan ortiq kitoblar va qoʻlyozmalar muallifi, geografiya, tibbiyot, ilohiyot, siyosat, falsafa, sheʼriyat, adabiyot, arab grammatikasi, astrologiya, astronomiya, matematika, biografiya, axloq, sotsiologiya kabi turli xil fanlarni puxta oʻrgangan olim sanaladi. Juda koʻp sohalarni oʻrganganligiga qaramay, uning buyuk olim sifatida shon-shuhratga geografiya fani doirasidagi faoliyati natijasida erishdi. U Yer xaritasini tuzish uchun “Balx maktabi” ga asos soldi va shu bilan u geografiya fani asoschilaridan biri sifatida nom qoldirdi. Afsuski, bunday manbalarning aksariyati: qimmatli hujjatlar, qoʻlyozmalar yo yoʻqolgan yoki muzeylarda, borish imkonsiz boʻlgan kutubxonalarda yashiringan holda saqlanib kelinmoqda. Muallifning biografik koʻrinishdagi asarlari esa deyarli saqlanmagan. Yozuvchining hayoti haqidagi maʼlumotlarni faqat Yoqut al-Hamaviy asarlaridagina uchratish mumkin. U asarining shoirlar tarjimai holi boʻyicha taniqli jildida Abu Zayd Ahmad ibn Sahl al-Balxiy ekanligini va u hijriy 235 (milodiy 849) yili Shomisitiyan degan kichik qishloq (Hozir Afgʻoniston tarkibiga kiruvchi Forsning Balx viloyati)da tugʻilganligi haqida maʼlumot beradi. Qolaversa, u dastlabki taʼlimni otasidan olganini taʼkidlaydi va shu bilan bundan tashqari maʼlumot keltirmaydi. Biroq u olimning yoshligi, oʻsha davrdagi ilm-fan va sanʼat yoʻnalishida oʻz bilimini oshirishga intilganligi haqida batafsil maʼlumot beradi.

Al-Hamaviyning yozishicha, Abu Zayd al-Balxiyning shogirdlaridan biri Abu Muhammad al-Hassan ibn al-Vaziriy uni shunday tasvirlaydi:

U kishi oʻrta boʻyli, quyuq jigarrang koʻzlari boʻrtib chiqqan, yuzlarida chechak izlari bor, mutlaqo sokin, oʻychan va uyatchan shaxsiyatga ega inson boʻlgan edi. Ushbu taʼrifdan uning shaxsiyati haqida juda puxta, sinchkov tabiatga ega, talabchan, yuqori darajadagi introvert va mukammal mutaxassis boʻlgan. Koʻrinib turibdiki, u ijtimoiylashuvdan koʻra yolgʻizlik va tafakkurni afzal koʻrgan, doʻstlari davrasida boʻlish, turli xil joylardagi tadbirlarda qatnashishdan yiroq boʻlgan. Boshqa jihatdan olib qaraganda, Balziyning introvertligi unga juda koʻp ixtirolarni va “Masalih al-abdan va al-anfus” asarini sabr-qanoat, oʻtkir zehn bilan oʻrganish va yozib chiqishga imkon bergan. Olim oʻz-oʻzini kuzatishga moyil va analitik fikrlaydigan boʻlgani uchun ham IX asrda psixosomatik kasalliklar, psixoz va nevrozning farqi, depressiyaning normal, reaktiv va endogen turlarining klassifikatsiyasi yoki psixologik kasalliklarni davolashda kognitiv terapiyadan foydalanish kabi ishlarni amalga oshira oldi. U oʻz qoʻlyozmasida taʼkidlaganidek, undan oldin hech bir olim bunday turdagi tibbiy-psixologik risola yozmagan edi.

Yuqorida aytib oʻtilganidek, al-Balxiy nafaqat buyuk tabib, balki polimat, taniqli geograf va buyuk musulmon ilohiyotchisi edi, u arab nasrining ham ustasi boʻlib, munozaraga moyil emas edi. Al-Vaziriy Balxiy haqida gapirib: “U gapirganda qimmatbaho toshlar yomgʻiri yogʻardi”, – deydi. Shuningdek, Al-Vaziriy Balxiy bilan oʻsha davrdagi eng taniqli ikki yozuvchisini taqqoslaydi. Bunda Al-Jahiz juda koʻp va Al-Rayhoniy juda kam soʻzdan foydalangani holda Balxiy lingvistik dalillarni notiqlik bilan ifodalab, har qanday mavzuni osonlik bilan ravon tilda tushuntirib bera olardi.

Al-Hamaviy Balxiyning yozish uslubini tavsiflar ekan, shunday deydi: Uning ham klassik, ham zamonaviy bilimlarni chuqur egallagani unga faylasuflarga xos uslubni tanlashi bilan birga, har qanday inson tushuna oladigan tilda asarlar yozishiga sabab boʻldi.

Uning ayrim yozganlari hikmatli soʻz va matallarga aylangan:

  1. Kimdir seni senda yoʻq sifat bilan maqtasa, senda yoʻq sifat bilan yomonlamasligiga ham kafolat yoʻq.
  2. Din falsafaning eng buyugidir, shu sababli faylasuflar dinni bilmaguncha kuchli faylasuf boʻla olmaydilar.
  3. Eng kuchli davo – bilim.

Al-Balxiy sabr-toqat bilan ilm olmaganida va qiyinchiliklarga kamtarlik bilan bardosh bermaganida bu nufuzli ilmiy maqomga ega boʻlmagan boʻlardi. Al-Hamaviy yozishicha, u oʻz ona shahri Balxdan Bagʻdodga borib, u yerda istiqomat qilgan sakkiz yil davomida diniy va dunyoviy bilimlarni izlaydi, oʻz davrining ilmiy metodologiyasini egallaydi.

Xulosa qilib aytganda, olim islom bilimlarini fiziologiya, psixologiya va psixoterapiya bilan bogʻlay olgan. U psixik kasalliklarga aniq, asoslangan terapiya usullarini taqdim qilgan, fiziologik va psixologik kasalliklarning turlarini alohida ajratib koʻrsatgan va ularga davo topa olgan ilk musulmon psixologlaridan edi. Tibbiyotga doir olib borgan tadqiqotlari hozirgi zamonaviy tibbiyotga muvofiq keladi, psixologiyaga oid nazariy va amaliy xulosalari esa ayni davrdagi shaxslarda kuchayib borayotgan muammolarga ayni yechim boʻla oladi, deyish mumkin.

Sojidaxon SOBIROVA
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Din psixologiyasi yoʻnalishi 1-kurs magistranti

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …