Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZNING XALQARO ALOQALARI GЕOGRAFIYASI KЕNGAYMOQDA

MARKAZNING XALQARO ALOQALARI GЕOGRAFIYASI KЕNGAYMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Avstriya Fanlar akademiyasi huzuridagi Eronshunoslik instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.

1847 yilda bilimdonlar jamiyati sifatida tashkil etilgan Avstriya Fanlar akademiyasi bugungi kunda ushbu mamlakatdagi eng yirik ilmiy-tadqiqot muassasasi boʻlib, uning 800 ga yaqin aʼzosi va 1800 nafar xodimi bor. Akademiya madaniyat va sanʼat, gumanitar, ijtimoiy va tabiiy fanlar boʻyicha 25 ta innovatsion fundamental tadqiqot institutini boshqaradi. Ulardan biri Osiyo tadqiqotlari va ijtimoiy antropologiyaga ixtisoslashgan Eronshunoslik institutidir.

Institut forsiy madaniyat va jamiyatlarning barcha jabhalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Izlanishlar tarixan forsiy tillar tarqalgan hududlarni oʻz ichiga oladi. Ular sirasiga bugun aholisi rasman fors tillarda soʻzlashuvchi davlatlar – Eron, Afgʻoniston va Tojikiston, tarixan – Kavkaz, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari kiradi.

Markaz bilan institut oʻrtasidagi hamkorlik aloqalariga oʻtgan yilning yozida asos solingan. Oʻshanda direktor Florian Shvars Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan turkum onlayn seminarlardan birida maʼruza qilgan edi. Shundan soʻng professor Shvars Markazga tashrif buyurdi va u rahbarlik qilayotgan ilmiy muassasa bilan hamkorlik oʻrnatishga oid muzokaralar jarayoni boshlanib ketdi.

Kelishuvlar samarasi oʻlaroq imzolangan Memorandum, oʻz mohiyatiga koʻra, qoʻlyozmalarni oʻrganish, qoʻshma ilmiy loyihalar ishlab chiqish, oʻzaro ilmiy xodimlar va maʼlumotlar almashuvi borasida ikki muassasa saʼy-harakatlarini birlashtirish kabi tadbirlarni nazarda tutadi.

Istiqbolda tomonlar ilmiy xodimlar ishtirokida qoʻshma ilmiy va texnologik tadqiqotlarni amalga oshirib, birgalikda konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, davra suhbatlari, maʼruzalar, master-klasslar, madaniyat kunlari va turli taʼlim tashabbuslari doirasida mahorat darslarini oʻtkazadi. Tadqiqot natijalari boʻyicha darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari nashr qilish ham koʻzda tutilgan.

Maʼlumot sifatida aytish kerakki, ushbu Memorandum imzolanishi bilan Markazning xalqaro hamkorlari soni 35 taga yetdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tasavvuf – yirik ijtimoiy voqelik sifatida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …