Home / FOTO LAVHALAR / NAVOIY DAHOSIGA EHTIROM

NAVOIY DAHOSIGA EHTIROM

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda Markaz rahbariyati va ilmiy jamoasi hamda Samarqand davlat universiteti olimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti mumtoz adabiyoti kafedrasi dotsenti Sobirjon Tohirovning “Ilm zavqini tuygan zot” deb nomlangan maʼruzasi tinglandi. Maʼruzachi oʻzbek mumtoz adabiyoti va oʻzbek adabiy tilining nodir yodgorliklaridan biri “Lisonut tayr” dostoni misolida Navoiy dahosining ulugʻligi, yuksak ilmiy va maʼnaviy qiymatini ochib berdi. Asarning oʻzlikni anglash va komillik sari chorlov gʻoyalari majoziy obraz va qahramonlarning sarguzashtlari orqali tasavvufiy tarzda ifodalangan. Muallif shu yoʻsinda insonni ulugʻlaydi, uning kamolotga erishish yoʻlini yuksak sheʼriy mahorat bilan bayon etadi.

Markaz ilmiy kotibi Baxtiyor Tursunov “Alisher Navoiy maʼnaviy merosining barkamol avlod tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida maʼruza qildi. Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyotida muhim oʻrin tutishini, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashda alohida ahamiyat ega ekanini taʼkidladi. Darhaqiqat, Hazrat Navoiy oʻz asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, millionlab kitobxonlar qalbidan munosib oʻrin egallagan.

Alisher Navoiyning ulugʻligi shundaki, u butun ijodida Inson haqida, uning mukarramligi xususida fikr yuritadi. Bunday tafakkurning qamrovi keng boʻlib, har qanday milliy, diniy, mazhabiy, mafkuraviy hududlarni yorib chiqadi. Shu nuqtai nazardan uning har bir bayti katta umumbashariy ahamiyat kasb etadi.

Tadbir Navoiy siyrati va ijodiga oid fikr-mulohazalar, qizgʻin muhokamalar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tasavvuf – yirik ijtimoiy voqelik sifatida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …