Home / YANGILIKLAR / BUYUK ALLOMALARIMIZ BIZ UCHUN HIDOYAT MAYOGʻIDIR

BUYUK ALLOMALARIMIZ BIZ UCHUN HIDOYAT MAYOGʻIDIR

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Prezidentimizning Murojaatnomasi yurtimiz hayotida tobora alohida ahamiyat kasb etib borayotgan muhim voqeadir. 2017 yildan buyon anʼanaga aylangan bu ijobiy tadbirda tugayotgan yildagi asosiy koʻrsatkichlar, yangi yilga moʻljallangan maqsad va vazifalar eʼlon qilinadi. Yangi marralar belgilanadi. Koʻzlangan maqsadlar mazmunidan kelib chiqib, boshlanajak yil nomi taklif etiladi.

2022 yil 20 dekabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi mana shunday tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari qatori men ham ishtirok etdim.

Ushbu Murojaatnomada yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichini oʻz ichi­ga olgan rejalar taqdim etilishini millionlab moʻmin-musulmonlarimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Ahamiyatlisi, ana shu teran mulohaza bilan uzoqni koʻzlab qilingan chiqishning har bir jihati juda keng masalalarni oʻz ichiga qamrab olgan.

Davlatimiz rahbari kelgusi yil­ga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar haqida gapirib, Yangi Oʻzbekiston strategiyasining davomiyligini taʼminlash maqsadida 2023 yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yili deb eʼlon qilishi boshlangan ezgu ishlarning uzviy davomi boʻldi.

Azim poytaxtimizdagi Xalqaro kon­gress markazida boʻlib oʻtgan bu galgi nufuzli anjumanda davlatimiz rahbari hozirgi gʻoyat murakkab davrda tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash nechogʻliq muhim ekani haqida soʻz yuritib, ushbu jihatlarga alohida toʻxtaldi: “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmayapti.

Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstre­mizm gʻoyalariga berilganlar boʻlishi mumkinmi?

Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz”.

Shubhasiz, hozirgi kunda yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash yoʻnalishidagi ishlarni izchil davom ettirish dolzarb vazifadir. Zero, tinchlik va xotirjamlik — Alloh taoloning buyuk neʼmati. Barcha ezgu ishlar roʻyobga chiqishining boisi ham osoyishtalikda boʻladi. Bu neʼmat bebaho ekani toʻgʻrisida islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan.

Qurʼoni karimning yuzdan ortiq oyatida tinchlik, ezgulik va bagʻrikenglikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Alloh rizosini topishga intilganlarni Qurʼon bilan tinchlik va salomatlik yoʻllariga yoʻllab, Oʻz izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilur” (“Moida” surasi, 16-oyat).

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulugʻ neʼmat ekanini taʼkidlab, bunday deganlar: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular tinchlik-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish hamda oldimizga qoʻygan ezgu maqsadlarga erishish uchun, albatta, tinchlik-osoyishtalik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yoʻllarga ergashmaslikka amr etgan: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (“Baqara” surasi, 208-oyat).

Demak, tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandu nabiralar emin-erkin kamolga erishadi, moʻmin-musulmonlarimiz ibodatlarini xotirjam ado etadi. Bularning barchasi tinchligimiz sharofatidan.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari bugungi kunda tinchlikdek ulugʻ neʼmatdan hamma ham barobar bahramand emasligini alohida qayd etdi. Chunki dunyoning turli burchaklarida, ayniqsa, musulmon oʻlkalarda terrorchilar tomonidan qoʻporuvchiliklar, nohaq qon toʻkishlar sodir etilmoqda. Bunday mudhish voqealar dunyoning tinchliksevar xalqlari qatori biz, moʻmin-musulmonlarning ham qalbini larzaga solmoqda.

Prezidentimiz nutqida “Maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz”, deya alohida taʼkidladi. Buning zamiridagi hikmat shundaki, qurolga qurol bilan javob berilsa, shu holat davom etaveradi, urush-nizolar barham topmaydi. Lekin ularga ilmu irfon, maʼrifat bilan javob beril-sa, qilayotgan ishlari xato ekani tushuntirilsa, ularning munosabati ijobiy tomonga, albatta, oʻzgaradi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari oʻz nutqida muborak islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka, xususan, yoshlarga yetkazish muhim vazifa ekanini alohida qayd etdi.

Alloh taolo diyorimizga Oʻzining aziz neʼmati — tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Atrofga nazar solsak, bizni oʻrab turgan son-sanoqsiz neʼmatlar qurshovida yashayotganimizga amin boʻlamiz. Qurʼoni karimda Robbimiz bunday marhamat qiladi: “Shuningdek, sizlarga barcha soʻragan narsalaringizni ato etdi. Agar Allohning neʼmat(lar)ini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmaysiz”.

Biz qancha shukr qilsak, shuncha oz. Ushbu sururli damlar bardavom boʻlmogʻi uchun tinchlik neʼmatining shukronasini qilib, uni koʻz qorachigʻidek asramogʻimiz darkor. Chunki neʼmatlar shukri bilan davomli va ziyoda boʻladi. Zero, muqaddas Kalomda “Yana Robbingiz eʼlon qilgan (bu soʻzlar) ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan neʼmatlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, deb marhamat qilingan (“Ibrohim” surasi, 8-oyat). Har bir inson baxtli, farovon, toʻkinchilikda yashashni istaydi. Buning uchun esa Yaratganning bergan neʼmatlariga shukr vojib boʻladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga dadil odimlayotgani va barcha sohalarda katta yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani Parvardigorning cheksiz marhamatidir.

Allohga shukrki, soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Yurtimiz boʻylab qad rostlagan, muhtasham qiyofa kasb etgan masjidlar soni 2100 dan oshdi. Soʻnggi 5-6 yilning oʻzida 70 dan ziyod yangi masjid ochildi, 200 dan ziyodi qayta bunyod etildi. Bunday ishlar jadal davom etmoqda.

Oxirgi yillarda 3 ta diniy taʼlim muassasasi — Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi taʼsis etildi, qabul kvotalari bir necha barobar oshirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi diniy soha rivojlanishida muhim bosqich boʻldi.

Haj safari kvotasi joriy yilda 12 ming nafarga yetdi, 70 ming nafarga yaqin yurtdoshimiz umra ziyoratini amalga oshirish baxtiga erishdi.

Bugun dinimiz taʼlimotlarini ilmiy oʻrganish va keng targʻib etishga har qachongidan keng eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom siviliza­siyami markazi barpo etilmoqda.

Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, turli hududlarda hadis, ka­lom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmiy maktablari mavjud.

Albatta, mana shunday ulkan neʼmatlarning bardavom boʻlishi Yaratgan Parvardigorning ulugʻ inoyati va hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikning mahsulidir.

Unutmaslik kerakki, tinchlik uchun, uni asrab-avaylash uchun BARCHA MASʼUL!

Bu, oʻz navbatida, doimiy va qatʼiy harakatlarni talab etadi. Hushyorlik, ogoh boʻlib yashash bir kunlik yoki bir oylik mavsumiy masala emas, balki kundalik ish, kundalik amaliy harakat boʻlishi lozim.

Shu oʻrinda biz — din peshvolari, ulamolar va imom-xatiblar oʻz oldimizga qatʼiy maqsadlarni qoʻygan holda, tinchlikni taʼminlashga daxldorlik hissini chuqur anglashimiz zarur.

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan sahobai kiromlar: “Yo Rasululloh, biz Alloh taologa duo qilganimizda koʻproq nimani soʻraylik?” deb soʻraganda, Paygʻambar alayhissalom: “Alloh taolodan  ofiyat  (tinchlik,  xotir­jamlik) soʻranglar”, deganlar. Shu nuqtai nazardan, qaysi xonadonga kirmang, qanday yigʻin yoki maʼraka boʻlmasin, fotihaga qoʻl ochilganda, yoshu qari, erkagu ayol — barchamiz Yaratgandan tinchlik va osoyishtalikni soʻrab duo qilamiz.

Mana shunday targʻibot ishlarida diniy soha xodimlari islom dini radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi ijtimoiy illatlarni butunlay qoralashini taʼkidlamoqda. Zero, Alloh taolo Yer yuzida buzgʻunchilik qilmaslikni buyurib, “Alloh esa fasodni (buzgʻunchilikni) yoqtirmaydi” (“Baqara” surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa, “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzgʻunchilik qilmangiz!” deb ogohlantirgan. Rasul alayhissalom hadisi shariflarida “Haqiqiy musulmon uning qoʻlidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu faoliyatda milliy mustaqillik gʻoyasi birlashtirgan, hur fikrli va taraqqiyparvar ajdodlarimiz boʻlgan jadidlarning milliy ongni yuksaltirish, aholi ichida maʼrifat tarqatish, taʼlimni rivojlantirish, ozod va farovon, demokratik jamiyat qurish kabi gʻoyalar ilgari surilgan ilmiy merosidan keng foydalanish tarixiy zaruratdir.

Shunday ekan, atrofga bir nazar tashlaylik, yurtimizda boʻlayotgan bunyodkorlik, obodonchilik va kundan-kunga goʻzallashib borayotgan goʻshalarni koʻrib, kishining koʻzi quvnaydi, dili yayraydi.

Shularni his etarkanmiz, muhtaram azizlar, farzandlarimiz, nabiralarimiz baxti uchun yashaylik, ularning yoshlik yillari saodatli zamonga toʻgʻri kelganini anglataylik. Bularning barchasiga shukr qilish kerak. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadisi muboraklarida “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo toʻligʻicha berilibdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Inson — azizu mukarram zot. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yili deb nomlash taklifi ilgari surilgani koʻpchilikni quvontirdi. Sababi, Murojaatnomada bayon etilgan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bunday xayrli ishlar yurtimizda inson qadri hamma narsadan ustun boʻlishi kerak, degan tamoyilning mantiqiy davomidir.

Islom inson qadrini nihoyatda yuqori darajaga koʻtaradi. Dinimizda insonning qadr-qimmati qalbi pokligi, maqsadi ezguligi, undagi imon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan oʻlchanadi. Inson qadrini oʻlchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina odamlar haqiqiy qadrini topadi. Zotan, islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham inson qadrini ulugʻlashdir. Dunyodagi barcha narsalar insonga beminnat xizmat qilish uchun yaratilgan.

Qurʼoni karimning bir necha oyatida bu umuminsoniy yuksak qadriyat alohida taʼkidlangan. Jumladan, “Isro” surasining 70-oyatida “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qoʻydik va ularni quruqligu dengizda (ulovla) koʻtardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni Oʻzimiz yaratgan koʻp narsalardan mutlaqo afzal qilib qoʻydik”, deyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining muborak hadisi shariflarida “Moʻmin kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, degan ekanlar.

Yangi Oʻzbekistonda ham barcha islohotlar insonning mana shunday farovon hayot kechirishiga qaratilgan.

Inchunin, bugun inson qadri-qimmati va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi keng koʻlamli islohotlar yanada yangi pogʻonaga koʻtarilmoqda.

Insondagi azizlik va mukarramlik sharafi kishiga gʻurur-iftixor bagʻishlashi barobarida xalq manfaati, din rivoji va mamlakat obodligi yoʻlida oʻz hissasini qoʻshishga undaydi.

Soʻzimni Imom Moturidiy bobomizning Murojaatnomada keltirilgan: “Elu yurt bilan hamdard boʻlib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga boʻlgay”, degan hikmati har bir mutasaddining hayotiy shiori boʻlishiga daʼvat etish bilan yakunlayman.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 22 dekabr, 260(782) son

Check Also

Islomning taraqqiyotni belgilovchi mezonlari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabiga Indoneziyaning Shimoliy Sumatra provinsiyasi Ulamolar kengashi …