Home / MAQOLALAR / MUHAMMAD SHAYBONIY ASARLARIDA XALQARO MUNOSABATLAR TARTIBGA SOLINISHINING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI

MUHAMMAD SHAYBONIY ASARLARIDA XALQARO MUNOSABATLAR TARTIBGA SOLINISHINING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI

Islom olamida keng tarqalgan va koʻpchilik musulmonlar ergashuvchi fiqhiy maktablardan boʻlgan hanafiy mazhabining yaxlit mazhab sifatida shakllanishi, mazhabga doir fatvolarni jamlab saralanishi va bugungi kungacha yetib kelishida Imomi Aʼzamning xos shogirdi Muhammad Shayboniyning xizmat katta. Imom Muhammad hanafiy mazhabining zabardast faqihlaridan biri boʻlib, oʻz asarlari bilan hanafiylikni tizimlashtirish va yoyishda katta taʼsir koʻrsatdi. 

Muhammad Shayboniy oʻz davrida yuzaga kelgan turli huquqiy masalalarning yechimini topishda muvaffaqiyat qozondi. U oʻzining ikki ustozi Abu Hanifa va Abu Yusufdan farqli ravishda ilmiy munozaralar, amaliy faoliyat bilan birga kitob yozishga ham jiddiy eʼtibor berdi va mana bir necha asrlardan beri hanafiylik fiqhining klassik manbalari, metodologiyasini tadqiq etishda aynan uning asarlari, xususan, “Zohir ar­rivoya” kitoblari nodir manba boʻlib kelmoqda.

“Zohir ar­rivoya” asarlari hanafiylik fiqhida murojaat qilinadigan asosiy manbalardir. Mazkur asar tarkibiga kiruvchi kitoblar orasida xalqaro munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan “as-Siyar al-kabir”, “as-Siyar as­sagʻir” ham mavjud. Ushbu kitoblar islom xalqaro huquqiga oid muhim manbalar boʻlib, xalqaro munosabatlarning turli obyektlariga oid normalar jam boʻlgan.

Muhammad ibn Hasan ushbu asarida islom tamoyillaridan kelib chiqib xalqaro shartnomalarning tuzilishi, urushlarni olib borish, elchilik munosabatlarining huquqiy jihatlarini yoritib beradi. Manbalarga koʻra, kitobni yozib boʻlgach, Muhammad ibn Hasan uni yetmishta daftarga koʻchirishni va aravaga ortib, xalifaning saroyiga olib borishni aytadi. Muhammad ibn Hasanning kitob yozganligi va bu kitobni aravaga ortibgina keltira olganlari aytilganda, xalifa hayratga tushadi. Uni koʻrganda xalifaning hayrati yanada oshadi. Soʻng farzandlarini ushbu kitobni oʻrganishlari uchun Muhammad ibn Hasanning darslariga yuboradi. Kitobning  rivoyat qilinishi va bizgacha yetib kelishidagi qiziq jihat shundaki, xalifa farzandlarining tarbiyachisi Ismoyil ibn Tavba Qazviniy bolalarni nazorat qilish uchun ular bilan darsga kelar va kitobni eshitardi. Kitobni rivoyat qilganlarning biri Abu Sulaymon Joʻzjoniy boʻlsa, ikkinchisi shahzodalarning tarbiyachisi boʻlganiga ittifoq qilingan[1].

Muhammad Shayboniyning islom xalqaro munosabatlari rivojidagi muhim hissalaridan biri uning hudud tushunchasi, yaʼni davlatlarning eʼtiqodiy qarashalaridan qatʼiy nazar ular bilan tinchlik munosabatiga kirishish yoʻllarini koʻrsatib bergani bilan bogʻliq. Maʼlumki, dastlab islom xalqaro huquqiga koʻra dunyoning ikki hududiy qismga “dorul islom” va “dorul harb”ga boʻlinishi qabul qilingan edi. “Dorul islom” bu islom hukmlari zohir boʻlgan hududlar[2]. Imom Muhammadning fikricha, “dorul islom” musulmonlar ixtiyoridagi yurt boʻlib, undagi  musulmonlar har qanday xavf-xatardan xoli boʻladilar. Bunday hududda istiqomat qilayotgan barcha aholi, xususan, musulmonlar yoki oʻzga din vakillari (zimmiylar) oʻzaro teng hisoblanadi.

“Dorul harb” esa islom taʼlimotini poymol qilishga qaratilgan, musulmonlarning musulmon boʻlgani uchun zugʻum ostiga olishga qaratilgan qoidalar amal qiladigan hududlar hisoblangan[3].

Muhammad Shayboniy xalqaro hududga oid yuqoridagi qarashlarni yanada kengaytirdi. U oʻz asarlarida hudud kategoriyasiga “dorul ahd” tushunchani kiritgan ilk faqih hisoblanadi[4]. “Dorul islom”, “dorul harb” va “dorul ahd” tushunchalarini zamonaviy xalqaro huquqdagi davlat hududlari bilan ham solishtirish mumkin. “Dorul islom” – musulmonlar istiqomat qiladigan mamlakatlar hududi boʻlsa, “Dorul harb” musulmon boʻlmagan va musulmonlarga qarshi siyosat olib boruvchi davlatlarning hududi, “Dorul ahd” esa oʻzga din vakillari rahbarligidagi hamda musulmon mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan davlatlar suvereniteti ostidagi hududlardir.

Shayboniyga koʻra, dastlab “dorul harb” boʻlgan va musulmonlar bilan shartnoma tuzgan mamlakatlarning hududlari “dorul ahd”ga aylanadi. Natijada, islom dini vakillari bilan tinchlik shartnomalariga ega boʻlgan gʻayridin oʻlkalarga ham behuda hujum qilishdan qaytariladi. Bu esa tinchlikni asrashdagi muhim qadam sanaladi. 

Xalqaro munosabatlarda bir hududni boshqa bir davlat tomonidan tan olish uni eʼtirof etish hisoblanadi. Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “dorul harb” bilan shartnoma tuzish orqali ularning “dorul ahd”ga aylanishi borasidagi fikrlari islom xalqaro huquqidagi oʻziga xos sodda boʻlsa­da, tan olish institutining vujudga kelishiga asos boʻlganini aytish kerak. Shu asosda islom xalqaro huquqida hududlar masalasida yana bir yangi tushuncha shartnoma tuzilgan davlatlar haqidagi qarashlar vujudga keldi. Muhammad ibn Hasan Shayboniyning bu xizmati evaziga islom xalqaro huquqida hududlar uch turga tasniflanadigan boʻldi.

Yevropalik huquqshunos olim Xolid Ramazon Bashir oʻzining “Islom xalqaro huquqining tarixiy asoslari va Muhammad Shayboniyning Siyari” nomli asarida Muhammad ibn Hasan Shayboniyning xalqaro munosabatlarni tartibga solishdagi oʻriniga alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, asarda Muhammad Shayboniyning xalqaro huquqqa oid qarashlarini Yevropa mutafakkirlari – Avreliyey Avgustin, Gratsian, Foma Akvinskiy, Vitoriya, Gugo Grotsiylarning xalqaro huquqning shakllanishi va rivojlanishiga qoʻshgan hissalari bilan qiyoslab tahlil qilishga alohida oʻrin ajratilgan.

Muallifning alohida taʼkidlashicha, Muhammad Shayboniy shu vaqtgacha Yevropaliklar uchun malum boʻlmagan xalqaro huquq nazariyasiga aniqlik kiritishga erishgan, uning “as-Siyar al-kabir” asari islom sivilizatsiyasining mahsuli boʻlmish islom xalqaro huquqiga oid eng mukammal tadqiqotdir. Uning buyuk xizmatlaridan biri xalqaro huquqning boshqa sohalaridan farqli jihatlarini koʻrsatib berganidir. Muhammad Shayboniyning ushbu asarini xalqaro huquq masalalarining qamrovi jihatidan Gugo Grotsiyning “Urush va tinchlik huquqi” asari bilangina qiyoslash mumkin”, – deb alohida taʼkidlaydi Xolid Ramazon Bashir[5].

Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “as-Siyar as-sagʻir” va “as-Siyar al-kabir” kabi asarlarida xalqaro huquq sohalariga oid tushunchalar mavjud. Jumladan, elchilarning daxlsizligi, xalqaro shartnomalarga soʻzsiz amal qilinishi, tinch aholi va jangchilarni ajratish, insonparvarlik huquqidagi ayollar, qariyalar va bolalarning alohida mavqei, atrof­muhitga zarar yetkazmaslik, buzgʻunchilikdan tiyilish kabi tamoyillarni misol qilish mumkin.

Muhammad Shayboniy tomonidan yozilgan xalqaro munosabatlarga doir asarlarda ham tinchlik, bagʻrikenglik hamda turli xalqlar bilan oʻzaro hamkorlik va hamjihatlikda turmush kechirish islom huquqida xalqaro munosabatlarning bosh gʻoyasi boʻlganini guvohi boʻlish mumkin. Xulosa qilib aytganda, islom tarixida xalqaro munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishida oʻziga xos tarixiy sharoit va muhit bilan birga musulmon olimlari tomonidan yozilgan asarlarning ham oʻrni beqiyos boʻlgan. Oʻz navbatida, xalqaro munosabatlarga oid yozilgan bu asarlar musulmon olamida tinchlikni barqaror boʻlishida ham ulkan xizmat qilgan.

[1]Qarang: Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy.  “Sharh as-siyar al-kabir”. Al-juzʼ al-avval.−Bayrut: “Dor al-kutub al-ilmiyya”, 1997. B. 4.
[2]Qarang: Mavsuaʼtil fiqhiya. − al­Kuvayt: Vizarat al­avqaf va ash­shuʼun al­islamiyya. 1990. J.20 – B. 201.
[3]Qarang: Muhammad ibn Ahmad Saraxsiy. Sharh as-siyar al-kabir. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya. 1997. J.1. – B. 250
[4]Dasuqiy M. Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy va uning islom fiqhidagi oʻrni.−Doha: “Dor as­saqofa”, 1987. B. 330.
[5] Khalid Ramadan Bashir. Islamic International Law Historical Foundations and Al-Shaybaniʻs Siyar. The University of Aberdeen, UK. 2018. –320 p.
Shukrullo JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

1) Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, boʻysunish bor. 2) Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot …