Home / YANGILIKLAR / TASAVVUF – ILM, FALSAFA, TARBIYA VOSITASI, OʻRGATUVCHI VA BILDIRUVCHI TAʼLIMOT

TASAVVUF – ILM, FALSAFA, TARBIYA VOSITASI, OʻRGATUVCHI VA BILDIRUVCHI TAʼLIMOT

Samarqandda “Markaziy Osiyo tasavvuf tariqatlarining ijtimoiy hayotdagi roli” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjuman Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA), Ahmad Yassaviy nomidagi Qozogʻiston — Turkiya xalqaro universiteti va Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti huzuridagi Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda onlayn formatda tashkil etildi.

Konferensiyada tasavvuf taʼlimotining hozirgi globallashuv jarayonidagi oʻrni hamda islom tamadduni taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatuvchi omil sifatida tinchlikparvarlik, adolatpeshalik, gumanizmni targʻib etishdagi ulkan salohiyati haqida soʻz bordi.

Qurʼoni karimning Isro surasi 70-oyatida: Batahqiq, biz bani Odamni azizu mukarram qilib qoʻydik, deb taʼkidlangan. Shu sababli tasavvuf ahli insonga ikki olamning gultoji, qaymogʻi deb taʼrif bergan. Har bir davrda komil inson tarbiyasi dolzarb masala boʻlib kelgan. Tasavvuf tariqati esa bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan bu masalada dasturulamal vazifasini oʻtashi mumkin.

Konferensiya yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini mahalliy va xalqaro jamoatchilik orasida keng targʻib qilish maqsadida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston, Turkiya va Qozogʻistondan 20 ga yaqin ekspert va olimlar davlatimiz siyosatida alohida oʻrin tutgan inson omili, uning oliy qadriyat darajasiga olib chiqilishi tasavvuf falsafasidagi hayotbaxsh gʻoyalar kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Ahmad Yassaviy nomidagi Qozogʻiston — Turkiya xalqaro universiteti professori Dosay Kenjetay tasavvuf Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng tarqalib, odob-axloq, or-nomus masalasi darajasiga chiqqanini, zamonamizda uchrayotgan ijtimoiy muammolar yechimida ham tasavvuf taʼlimotlaridan keng foydalanish imkoniyatlari mavjudligini aytib oʻtdi.

Guliston davlat universiteti profes­sori Ravshanbek Mahmudov taʼbiri bilan esa tasavvuf — ilm, tasavvuf — fal­safa, tasavvuf — tarbiya vositasi, tasavvuf — oʻrgatuvchi, bildiruvchi taʼlimot. Bu taʼlimot paydo boʻlganidan boshlab, xalqni mushtarak maqsadlar sari birlashtirgan, jamiyatning turli tabaqalari oʻrtasida doʻstlik, birodarlik rishtalarini bogʻlagan. Shuning uchun ham konferensiya mavzusi bugungi kun talabidan kelib chiqib, hozirgi tahlikali zamonda tasavvuf maʼrifati orqali tinchlikparvarlik va insoniylik gʻoyalarini targʻib etish maqsadida tanlangan.

Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro mukofot sohibi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sayfiddin Rafiddinov Gʻijduvoniyning bu boradagi daʼvatlarini juda oʻrinli keltirdi. Xoja Muhammad Porso “Risolai qudsiya” asarida yozishicha, Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy shunday degan ekan: “Xilvat eshigini yop, xizmat eshigini och! Shayxlik eshigini yop, doʻstlik eshigini och! Uzlat eshigini yop, suhbat eshigini och!”.

Tarix fanlari doktori, dotsent Neʼmatullo Muhammedov Shayx Xovand Tahurning bu boradagi fikrlarini eslab oʻtdi: “Borgʻil-da, dushmanning koʻnglini top. Doʻstning koʻnglini sinashga esa qanday ehtiyoj bor?!”. Yaʼni dushmanning koʻnglini topib, tinchlik yoʻlini tut, doʻstlarni esa sinashga ehtiyoj yoʻq, chunki ular bu sinovlardan oʻtib boʻlgan. Agar dushman koʻnglini ololgan boʻlsang, doʻstlar qalbiga allaqachon yoʻl topgansan. Bu soʻzlar haqiqiy insoniylik va olijanoblik tuygʻularining jozibali tarannumidir!

Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shamshiddin Karim oʻz navbatida mintaqa xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik aloqalari hududda yashab oʻtgan allomalarning boy maʼnaviy merosi ila yaralgan tasavvuf sarchashmasidan suv ichganini qayd etdi.

Ishtirokchilarning taʼkidlashicha, kimning xalqqa manfaati koʻproq tegsa, odamlarning yaxshirogʻi oʻshadir. Odamlarning yaxshisi odamlarga manfaati tegadiganidir degan hadis ham bor.

Xoja Bahouddin Naqshbandning bu boradagi soʻzlari qimmatli: “Har kim bir ish bilan mashgʻul boʻladi. Har bir inson daraxt kabidir. Foydasiz daraxt yoʻq. Taʼmi turlicha boʻlsa ham yo meva beradi, yo soyasida odamlar dam oladi. Yo chiroyli va koʻrkamligini koʻrib, ibrat nazari bilan boqqancha zavq oladi”.

Tasavvuf tariqati vakillari uzlatni rad etib, ijtimoiy faollik targʻiboti borasida oʻzlari shaxsiy namuna boʻlgani tahsinga loyiq. Abduxoliq Gʻijduvoniy boʻz toʻqish, Xoja Orif Revgariy dehqonchilik bilan shugʻullangan. Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy gilkorlik (suvoqchilik), duradgorlik qilgan, tijorat bilan mashgʻul boʻlgan, Xoja Ali Romitaniy mato toʻqigan, Xoja Boboi Samosiy bogʻlarga qaragan, Sayyid Amir Kulol kulollik, Hazrat Bahouddin Naqshband esa matoga naqsh bosish bilan birga, gilkorlik va boshqa hunarlar bilan band boʻlgan.

Konferensiyada tasavvuf ulamolarining har qanday kasbda halollikni ustun qoʻygani alohida taʼkidlandi. Jumladan, falsafa fanlari nomzodi, dotsent Akram Azizqulov inson faoliyatida ijtimoiy faollikni targʻib etgan Imom Gʻazzoliyning hadis bilan asoslangan sharhlarini keltirdi: “Va hazrati Rasul alayhissalom aytibdurlar: “Kishi xalqdan bexojat boʻlmoq va yo hamsoya, qarindosh-urugʻlariga manfaat yetkazmoq uchun dunyoi halol talab qilsa, ul kishining yuzi qiyomat kuni oʻn toʻrt kunlik oydek boʻlgʻay”. Gʻazzoliy mazkur hadis orqali halol mehnat ikki dunyo saodatining asosi ekanini taʼkidlamoqda.

Islomning yirik nazariyotchilaridan biri, naqshbandiya taʼlimoti vakili Husayn Voiz Koshifiy ham tariqatda tekinxoʻrlik, birovlar hisobiga kun kechirish mumkin emasligini uqtirib, har bir kasbning axloqiy meʼyorlari mavjudligini, mehnat qilganda ularga rioya qilish zaruratini qayd etadi.

Anjuman ishtirokchilari tasavvuf tariqatining musulmonlar axloqi va dunyoqarashini shakllantirishga kuchli taʼsiridan kelib chiqib, ularni maʼnaviy ozuqa sifatida yoshlar ongiga singdirish hamda jahon boʻylab keng targʻib qilish ehtiyojini eʼtirof etdi.

IRCICA bosh direktorining dasturlar boʻyicha maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Moʻminov bugungi kunda tasavvuf ilmini oʻrganish va keng targʻib etishga oid zaruriy takliflarni oʻrtaga tashladi.

Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida Markaziy Osiyo davlatlari olimlari mintaqada tasavvuf tarixi hali yetarlicha tadqiq etilmagan deb hisoblab, bu borada ilmiy hamkorlikni davom ettirishga, ilmiy anjuman va seminarlarni davriy ravishda tashkil etishga, tadqiqotlarda takrorlanishlarning oldini olish va ilmiy samaradorlikni oshirish uchun oʻrganilayotgan mavzularni muvofiqlashtirib borishga, ilmiy nashrlar almashuvini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.

Konferensiya materiallari ilmiy toʻplam shaklida nashr etiladigan boʻldi.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 4-oktabr, 203(725) son

Check Also

Markaz olimi – yirik anjumanda

Bugun, 24-aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi …