Home / MAQOLALAR / ISLOMSHUNOSLIKDA “MAʼRUZA (MUHODARA) ILMI”NING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI

ISLOMSHUNOSLIKDA “MAʼRUZA (MUHODARA) ILMI”NING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI

Koʻpgina islomshunos va tarixchi olimlar islom tamadduniga hissa qoʻshgan asarlarning yaratilishini ikkinchi hijriy asrga, yaʼni Qurʼoni karim, Hadisi sharif va ular bilan bogʻliq ilmlarga bagʻishlangan asarlarni yaratish, shuningdek, chet tilida yozilgan ilmiy asarlarni tarjima qilish bilan bogʻlaydi.

Haqiqat shuki, (ilmiy asarlarni) yozish va yaratish arab yoki forslarning ustunligi bilan emas, balki barchani ilm olishga daʼvat qilgan va bilimni ilgari surgan yangi aqida tufayli sodir boʻldi. Ilmiy asarlarni yozish va yaratish shu bilimning samarasi edi [1]. Ilmiy kitob va asarlarning ilk koʻrinishi risolalar shaklida yaratilgan. Mashhur yozuvchilar yaratgan turli ilmiy yoʻnalishdagi ilk risolalarning sarasiga quyidagilar kiritilgan:

Rasailu-l-Jaxiz (Joxiz risolalari), Rasailu ibnu-l-Aʼmid (Ibn Amid risolalari) (v. 970), Rasailu-s-Sohib ibn Aʼbbad (Sohib bin Abbad risolalari) (v. 995), Rasail Abi Bakr al-Xarazmiy (Abu Bakr Xorazmiy risolalari) (v. 993), Rasail Abi Fadl Badiʼu-z-Zaman al-Hamazaniy (Abu Fazl Badiuz Zamon Hamazoniy risolalari) (v. 1007), Rasail ixvani Safo (Safo birodarlari risolalari) va boshqalar. Bu risolalardan tashqari Johiliya davri arab sheʼriyatining namunalari, maqol va hikmatli soʻzlarni oʻzida jamlagan asarlar ham yaratildi. Bu asarlarning barchasi, “Maʼruza (muhodara) ilmi”ning shakllanishiga yordam bergan ilmiy manbalar hisoblanadi.

“Maʼruzalar ilmi” nimaligini va uning taʼrifini koʻrib chiqsak. “Maʼruzalar ilmi” arab ilmlarining muhim yoʻnalishi boʻlib, bu yoʻnalishda koʻplab olimlar ijod qilib, qimmatli asarlar yaratgan.

Oʻrta asr arab adabiyoti dunyo xalqlarining adabiyotidan oʻzining turli xilligi va serqirra janrlari bilan ajralib turadi. Unda Johiliya davrining qasida va “muallaqa”lari va arab xalifaligi davrida, yaʼni VIII-IX asrlarda rivojlangan yunon, fors va suryoniy tilidagi asarlarning tarjimalari bilan boyitilgan maʼlumotlarni koʻrishimiz mumkin.

“Maʼruzalar ilmi”(علم المحاضرات)ga kelsak, bu yoʻnalish nasr va sheʼr janrida yozilgan adabiy kitoblar, shuningdek, arablar va musulmonlar egallagan barcha ilmlar boʻyicha yozilgan kitoblarni anglatadi. Hoji Xalifa bu ilmni shunday taʼriflaydi:

هو علم يحصل منه ملكة إيراد كلام للغير، مناسب للمقام، من جهة: معانيه الوضعية أو من جهة: تركيبه الخاص [2]

“Bu ilm orqali biror kishining gapini zarur vaziyatda oʻziga xos uslubda yetkazish malakasiga ega boʻlinadi”.

Yana bir taʼrifda al-Qanujiy shunday deydi:

المحاضرات: استعمال كلام البلغاء أثناء الكلام في محل مناسب له على طريق الحكاية [3]   

“Maʼruzalar (ilmi) – Gap davomida balogʻat ilmi olimlarining gapini vaziyatga munosib ravishda hikoya usulida qoʻllash”.

Bu ilm maʼoniy ilmiga juda yaqin, ularning orasidagi farq shundaki, “Maʼruzalar ilmi”da vaziyat taqozosiga qarab, olim va fozil kishilarning fikrlarini tinglovchiga yetkazish boʻlsa, Maʼoniy ilmida esa soʻzlovchi tinglovchiga uning holati va vaziyatidan kelib chiqib gapirishidir.

Bu ilm arab ilmlarining ichida muhim va juda manfaatlidir. Unda Qurʼoni karim, hadis, sheʼr, maqol, frazeologik birikmalar, arab va ajam olimlarining muayyan mavzular boʻyicha fikrlari keltiriladi. Ibn Xatib bu ilmning ahamiyati haqida shunday fikrni bildiradi:

علم المحاضرات علم نافع في أنواع المحاورات، وهو علم عال من العلوم العربية، وفن فاخر من الفنون الأدبية، يحتاج إليه طوائف الأنام، ويرغب فيه العلماء العظام. [4]

“”Maʼruzalar ilmi” muhovara (suhbat) turidagi foydali ilmdir, u arab ilmi ichidagi yuksak ilm, adabiyot sanʼati ichidagi nafis sanʼatdir. Unga barcha toifadagi odamlar muhtoj boʻlib, buyuk olimlar ham murojaat qilgan”. Ibn Xatibning yuqoridagi fikricha, bu ilm arab ilmi ichida yuqori oʻrin egallagan. Ilmlar tasnifi yoʻnalishida faoliyat olib borgan olimlar bu ilmni quyidagicha tasnif qilgan.

Ular quyidagilar:

  1. Lugʻat ilmi (leksikologiya);
  2. Sarf ilmi (morfologiya);
  3. Nahv ilmi (grammatika);
  4. Maʼoniy ilmi;
  5. Bayon ilmi;
  6. Badiʼ ilmi;
  7. Aruz ilmi;
  8. Qofiya ilmi;
  9. Yozuv qoidalari ilmi;
  10. Oʻqish qoidalari ilmi;
  11. Risola va xutbalar yozish ilmi;
  12. Maʼruzalar ilmi, u tarix ilmini ham qamrab oladi [5].

Maʼruzalar ilmi”ning rivojlanishi. Johiz “al-Bayan va tabyin”, “al-Buxala” va “al-Hayvan» kabi asarlari bilan arab adabiyotida yetakchi olim hisoblansa-da, “Maʼruza ilmi”ga toʻliq mos keluvchi “Uʼyun al-axbar” asarini ilk bor Ibn Qutayba (v. 889) yozgan. Bu asar mavzulari va turli sohalarni yoritgani bilan “Maʼruza ilmi”ning shakllangani va rivojlanganini oʻzida aks etdi. Ibn Qutaybadan soʻng bu yoʻnalishda yaratilgan asarlarga talab va ehtiyoj yuqori boʻldi. Bu yoʻnalishda yaratilgan mashhur asarlar quyidagilar:

– Abu Amr Ahmad bin Muhammad bin Abdu Rabbih (v. 940)ning “al-Iʼqdu-l-farid” asari;
– Abu Ali al-Muhassin bin Ali at-Tanuxiy (v. 994)ning “Nishvaru-l-muhodara va axbaru-l-muzakara” asari;
– Abul Faraj al-Muaʼfiy bin Zakariya an-Nahravaniy al-Jaririy (v. 1000)ning “al-Jalis-u-solihu-l-kofiy va-l-anisu-n-nosihu-sh-shofiʼ” asari;
– Abu Saʼd Mansur bin Xusayn al-Abi (v. 1030)ning “Nasru-d-dur” asari;
– Abu Umar Yusuf bin Abdul-bir an-Hamriy al-Qurtubiy (v. 1071)ning “Bahjatu-l-majalis va anasu-l-majalis va shahzu-z-zihni va-l-hajis” asari;
– ar-Rogʻib al-Isfahoniy (v. 1109)ning “Muhadarotu-l-udaba va muhavaratu-sh-shuʼaro va-l-bulogʻa” asari;
– Abu-l-Maʼaliy Bahauddin Muhammad bin Hasan bin Muhammad bin Ali bin Hamdun al-Bagʻdodiy (v. 1167)ning “at Tazkiratu-l-hamduniya” asari.

“Maʼruza ilmi”ga oid asarlarning mualliflari oʻz kitoblarini asar mazmunidan kelib chiqib kitob, bob, fasl va sayohat kabi boʻlimlarga taqsimlagan. Ibn Qutayba oʻzining asaridagi mavzularni “kitob”ga ajratib, asar muqaddimasida shunday deydi: “Xabar va sheʼrlarni turkumlarga ajratganimda, ularni yoʻnalishi jihatidan bir-biridan farq qilishi va boblari koʻpligini koʻrdim. Ularni «kitob”larda jamladim… birinchi kitob: … Sulton kitobi… ikkinchi kitob: Urush kitobi…va oʻninchi kitob: Ayollar kitobi» [6]. Shu yoʻnalishda yozilgan yana bir mashhur asarlardan biri andalusiyalik Abu Amr Ahmad bin Muhammad bin Abdu Rabbihiga tegishli. U oʻz asarini qoʻyidagi tartibda shakllantirganini yozadi: “Men bu kitobni turli xil soʻz marvaridlari, toʻgʻri va tartibli quymalari mavjudligi uchun «al-Iʼqd al-Farid” (Tengsiz marjon) deb nomladim. Men uni yigirma beshta kitobga ajratdim. Har bir kitob ikki qismga boʻlingan, jami ellik qismdan iborat yigirma beshta kitob. Ularning har biriga marjon javohirlari nomi berilgan, birinchisi: Sulton haqidagi marjon kitobi, keyingisi urushlar haqidagi dur kitob, keyin saxiylik va baxillik haqidagi qimmatli tosh» [7]. Koʻpgina mualliflar oʻz kitoblarini boblarga taqsimlagan. Bulardan Ibn Abdu-l-bir oʻzining “Bahjatu-l-majalis” asarini boblarga taqsimlab, 132 bobga ajratgan.

Mahmud Zamaxshariy ham arab ilmiga oid boshqa asarlari bilan bir qatorda arab ilmining yana bir muhim yoʻnalishi boʻlmish “Maʼruzalar ilmi” boʻyicha “Rabiʼu-l-abror va nususu-l-axbor” asarini yaratgan. Bu asar uning muqaddimasida keltirilgan maʼlumotga koʻra mashhur “al-Kashshof” asaridan keyin, yaʼni hijriy 528 yilda allomaning Makkadalik davrida yozilgan. Alloma bu xususida quyidagicha yozadi: “Bu kitobni, «al-Kashshof”ning oʻquvchilari zehniga dam berishi, bilim va qobiliyatlarini fikrlashga ishlatib, bundan toliqqan dillariga orom berishi, zerikkanlarida oʻqib zavqlanishlari uchun yozdim… Undan Kasir bin Abdurahmonning Izzaga yozgan gʻazallari va Jamil bin Abdullohning goʻzal sheʼrlarini oʻqiysan. Yaxshi suhbatdosh xohlasang, undan yaxshi suhbatdosh yoʻq, yangi xabar kerak boʻlsa, undan yaxshi xabarchi yoʻq. Huznga moyil boʻlsang koʻz yoshingni shashqator oqizar, shodon kulgi kerak boʻlsa, undan ichak uzdi latifalar topasan» [8].

Bu asar tarkibiy jihatdan 98 bobdan, baʼzi manbalarda yozilishicha 92 bobdan iborat (Kashfuz-zunun). Asar “Vaqt, dunyo va oxirat haqidagi” bob bilan boshlanib, “Hashorotlar, yer yuzidagi boshqa hayvonlar va ular bilan bogʻliq narsalar haqidagi” bob bilan yakunlanadi. Asardagi mavzular tartibi alifbo tartibida tuzilgan. Asar din, axloq, geografiya, nabotot va boshqa ilmlarni qamrab olgan. Har bir bob Qurʼonning oyatlari va mavzuga oid hadislar, allomalarning fikrlari va shoirlarning sheʼrlari bilan yoritilgan.

Qurʼoni karimning va hadislarning jamlanishi tafsir, fiqh, siyrat, mantiq, sarf, nahv, balogʻat va boshqa islom ilmlarini rivojlanishiga turtki boʻldi. Bu esa oʻz navbatida, yuqorida zikr qilingan ilmlar bilan birga yunon va fors madaniyati, johiliya davri sheʼriyati va adabiyotini jamlagan “Maʼruzalar ilmi”ga asos boʻldi. “Maʼruzalar ilmi”da yaratilgan manbalarni oʻrganish davomida ular turli diniy va dunyoviy ilmlarni qamrab olganini koʻramiz. Asarlarning bunday tuzilishi, turli sohadagi olim va tadqiqotchilarga, xususan, islomshunos olimlarga islom davri va undan oldingi davrdagi maʼlumotlarni oʻrganish imkonini beradi.

Mahmud Zamaxshariyning “Rabiʼu-l-abror va nususu-l-axbor” asari ham “Maʼruzalar ilmi”da yozilgan eng mashhur asarlardan biri boʻlib, islomshunoslikdagi muhim manba hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Mahmud Zamaxshariy. Muqadimatu-l-adab /Nashrga tayyorlovchi Z.Islomov-TIU. T.:2002.
  2. .مناهج التأليف عند العلماء العرب، قسم الأدب. مصطفى الشكعة. دار العلم للملايين بيروت ، لبنان. ط ، 6 /أبريل 1991م ، ص 55.
  3. 2.كشف الظنون عن أسامي الكتب والفنون: مصطفى بن عبد الله المعروف بحاجي خليفة ، دار الفكر بيروت 1982 م2 ص. 1609
  4. .أبجد العلوم الوشي المرقوم في بيان أحوال العلوم: صديق بن حسن القنوجي، الناشر: دار الكتب العلمية- بيروت، 1978، تحقيق: عبد الجبار زكار م1 ص 501.
  5. روض الأخيار المنتخب من ربيع الأبرار: محمد بن قاسم بن يعقوب الأماسي المعروف بابن الخطيب، دار القلم العربي، ص12
  6. .الشيخ محمد بن عبد الباري الأهدل. “الكواكب الدرية على متممة الآجرومية”، ص 24. مؤسسة الكتب الثقافية ، بيروت 1990
  7. عيون الأخبار. أبو محمد عبد الله بن مسلم بن قتيبة الدينوري. دارالكتب العلمية -بيروت. 1418
.41/1 .هـ
  1. العقد الفريد. أحمد بن محمد بن عبد ربه الأندلسي. دار الكتب العلمية- بيروت 1983. 1م، ص7
  2. .ربيع الأبرار ونصوص الأخبار: محمود الزمخشري، م1، ص27

 

Bahodir PIRMUHAMЕDOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta oʻqituvchisi

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

1) Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, boʻysunish bor. 2) Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot …