Home / MAQOLALAR / ISLOMDA PAYGʻAMBARLAR MAVQЕI

ISLOMDA PAYGʻAMBARLAR MAVQЕI

Yakkaxudolikka asoslangan dinlarda paygʻambarlar Parvardigor va insonlar orasidagi vositachi, yaʼni ilohiy irodaning xabarchisi hisoblanadi. Paygʻambarlikka oid savollar islom aqidasi va ilohiyotidagi markaziy masalaga aylandi. Sababi, paygʻambar (nabiy) va elchilar (rosul)ga boʻlgan ishonch (eʼtiqod) imon ruknlarining biri sanaladi. Bunga dalil sifatida Qurʼondan: “Paygʻambar (Muhammad) (S.A.V.) oʻziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va moʻminlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va paygʻambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi” (Baqara, 285) oyatini keltirish mumkin. [11:49].

Islomning arab tilidagi muqaddas manbalarida paygʻambarlarga nisbatan “nabiy” (نبى) va “rasul” (رسول) iborasi ishlatiladi. “Nabiy” (paygʻambar) iborasi arab tilidagi “naba” (نَبَأْ) (“xabar, katta foyda keltiruvchi”) soʻzidan olingan. [4:226]. Bu borada Qurʼonda: “(Mushriklar) bir-birlari bilan nima haqida savol-javob qilmoqdalar?! Ulugʻ xabar (qiyomat) haqida” (Naba, 1-2) deyiladi [11:582]. Paygʻambarlar bu nomni Allohdan xabar olib, U haqda boshqalarni xabardor qilgani uchun olgan. Baʼzi olimlar “nabiy” iborasining oʻzagi “nabaa” (نبأَ) “baland boʻlmoq” feʼlidan olinganini taʼkidlaydi [7:4316]. Ular bu fikrni boshqa insonlarga nisbatan mavqesi yuqori boʻlgani nuqtai nazaridan deb aytadi va oʻz qarashlariga Qurʼondan quyidagicha: “Yana (ushbu) Kitobda Idris (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli paygʻambar edi. Biz uni yuksak maqomga koʻtardik” (Maryam, 56-57) dalil keltiradi [11:309].

“Rasul” (elchi) iborasining oʻzagi “arsala” (أَرْسَلَ) “yubormoq” feʼlidan olingan [10:344]. Bilqis malikasi tilidan Alloh Qurʼonda: “Men ularga (sinov uchun) bir sovgʻa yuborib koʻray-chi, elchilar nima (xabar) bilan qaytar ekanlar” (Naml, 35) dedi [11:379].

Alloh yuborgan paygʻambar va rasullarning soni masalasida bir qancha olimlar hadis (bu hadis borasida bir qator muhaddislar roviylari zanjirida zaif shaxs borligini taʼkidlaydi)ga asoslanib 124 ming paygʻambar va 313 rasul deydi [3:76-79]. Olimlarning boshqa bir qismi biron-bir sonni aytishdan Qurʼondagi: Biz Sizdan oldin (koʻp) paygʻambarlarni yuborgandirmiz. Ulardan Biz Sizga qissasini aytganimiz ham bor, yana ulardan Biz Sizga qissasini aytmaganimiz ham bordir» (Gʻofir, 78) [11:476] dalilga asoslanib tiyilgan. Shu bilan birga Qurʼonda 25 paygʻambar ismi aytib oʻtilganini olimlar taʼkidlaydi.

Olimlar Qurʼondagi: (Ey, Muhammad!(S.A.V.) Biz Sizdan ilgari yuborgan har bir elchi va paygʻambar qachon (oʻziga nozil boʻlgan oyatlarni) qiroat qilsa, shayton uning qiroatiga (boshqa narsalarni) tashlagan (qoʻshgan)” (Xaj, 52) [11:338] oyatga asoslanib, har ikki ibora (rasul va nabiy) ham “va” bogʻlovchisi bilan ishlatilgani uchun bir-biridan oʻzgacha mavqega ega ekanini maʼlum qiladi.

Olimlarning qarashlarida paygʻambar bilan elchi orasidagi farqlar borasida bir necha fikrlar bor: Birinchisi (baʼzi avvalgi va keyingi sunniylar)ga koʻra, paygʻambar va elchilarga bir xil vakolatlar yuklatilgan va shu bois paygʻambarlarga nisbatan elchi iborasini ishlatsa boʻladi, xuddi shunday aksincha, elchiga nisbatan paygʻambar iborasi qoʻllaniladi; ikkinchisi (sufiylarning gʻuloti)ga koʻra, har bir paygʻambarni elchi desa boʻladi, aksincha har bir elchiga nisbatan paygʻambar iborasini qoʻllab boʻlmaydi; uchinchisi (aksar sunniylar)ga koʻra, har bir elchini paygʻambar desa boʻladi, ammo har bir paygʻambarga elchi iborasini qoʻllab boʻlmaydi [6:137].

Paygʻambar va elchi tushunchalarining orasidagi farq shundan iboratki, paygʻambarlarga Alloh Oʻzining buyruq va taqiqlarini imon keltirganlar (shu paygʻambar shariatida boʻlgan insonlar)ga yetkazishi uchun xabardor qiladi. Ular imon keltirmagan (dinda, shariatda boʻlmagan)lar uchun yuborilmaydi va bundaylar daʼvat qilinish uchun buyurilmagan. Elchilar boʻlsa, imon keltirganlarga ham, imon keltirmaganlarga ham birdek, Allohning murojaatini yetkazish va yagona Uning oʻzigagina ibodat qilish uchun chaqirishga yuborilgan. Ulamoning fikriga koʻra, elchilar asosan yangi shariat bilan yuboriladi va shu bilan birga ularga muqaddas kitob, yoki sahifalar berilishi shart emas.

Olimlarning fikriga koʻra, elchi boʻlib yuborilganlar har doim ham yangi shariat olib kelmagan va bunga misol qilib Yusufni keltirishadi, sababi u Ibrohimning shariatida boʻlgan. Bu borada Qurʼonda: “Darvoqe, ilgari Yusuf sizlarga (ajdodlaringizga) hujjatlarni keltirganida ham, sizlarga keltirgan narsalarga shak (va shubha)da qattiq turib olgan edingiz. Qachonki, u halok boʻlganida esa: «(Endi Yusufdan) soʻng Alloh sira paygʻambar (elchi) yubormas», dedingiz” (Gʻofir, 34) [11:471] deyiladi.

Qurʼon oyatlari va hadislar, birinchi paygʻambar Odam (a.s.) va birinchi rasul Nuh (a.s.) boʻlganlariga dalolat qiladi (Hokim-3039, Buxoriy-4712) [2:288, 1:1169]. Shuningdek, Qurʼonda paygʻambar Muhammad (S.A.V.)ga boʻlgan eng asosiy xitob “rasul” boʻlib, eng oxirgi paygʻambarlik ham u insonga nisbat berilgan: “Muhammad (S.A.V) sizlarning erkaklaringizdan birortasiga ota emasdir, balki u Allohning elchisi va paygʻambarlarning muhridir” (Ahzob, 40) [11:423].

Yuqorida aytib oʻtilgan rasul va nabiylar orasida alohida eʼtirof etilganlari boʻlib, ularga nisbatan Qurʼonda “ulul ʼazm” (matonat-sabr egalari) iborasi ishlatilgan: “Bas, (ey Muhammad! (S.A.V)) Siz ham matonatli paygʻambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling va ularga (tushadigan azobni) qistamang!” (Ahqof, 35) [11:506]. Qurʼonning mufassirlari bu “matonat egalari” boʻlmish paygʻambarlarning soni borasida turli xil, yaʼni 5tadan to 12taga ekanini aytishadi. Ammo, dalili kuchlirogʻi 5ta boʻlib, ular – Nuh, Ibrohim, Muso, Iso va Muhammad (S.A.V.) hisoblanishadi [9:305]. Shuningdek, Qurʼonda rasul va nabiylarga Alloh tomonidan kitob va sahifalar yuborilgani aytiladi, masalan: Ibrohim (a.s.)ga sahifa, Muso (a.s.)ga Tavrot, Dovud (a.s.)ga Zabur, Iso (a.s.)ga Injil va Muhammad (S.A.V.)ga Qurʼon.

Olimlar shuningdek, paygʻambarlarning Alloh tomonidan yuborilishining maqsad va vazifalarini ham oʻrganib chiqqan. Ular paygʻambarlarning Alloh tomonidan yuborilishidan maqsad, Qiyomat kuni insonlarda Yaratuvchining oldida vaj qolmasligi, deydi. Qurʼonda: “Paygʻambarlar (kelgan)dan keyin odamlarda Allohga qarshi hujjat boʻlmasin deb paygʻambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib (yubordik)” (Niso, 165) [11:104] deyiladi.

Vazifalarga kelsak ular bir nechta deb koʻrsatiladi:

– Imon keltirganlarga xushxabarni yetkazish. Shuningdek imon keltirmagan va osiylarni ogohlantirish. Bu borada Qurʼonda: “U (Qurʼon)dan ilgari Musoning peshvo va rahmat boʻlmish Kitobi (Tavrot) bor edi. Bu (Qurʼon) arab tilidagi (oldingi ilohiy kitoblarni) tasdiqlovchi bir Kitobdir. U zolim (kofir) boʻlganlarni (oxirat azobidanogohlantirish va ezgulik qiluvchilarga (jannat haqidaxushxabar sifatida (nozil qilingandir) (Ahqof, 12) [11:503] deyilgan;

– ibodat qilishga loyiq boʻlgan zot faqatgina Alloh ekanini yetkazish. Qurʼonda: “(Ey, Muhammad!) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir paygʻambarga ham: “Mendan oʻzga iloh yoʻq, bas, Menga ibodat qilingiz!”, deb vahiy yuborgandirmiz (Anbiyo, 25) [11:324] deyiladi;

– Alloh yuborgan xabar va buyruqlarni yetkazish. Bu haqida Qurʼonda: “Ular (oʻtgan paygʻambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qoʻrqib, Allohdan oʻzgadan qoʻrqmaydigan zotlardir (Ahzob, 39) [11:423] deyiladi;

– insonlarga goʻzal namuna boʻlish uchun. Qurʼonda: “(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor boʻlgan hamda Allohni koʻp yod qilgan kishilar uchun Allohning paygʻambarida goʻzal namuna bordir (Ahzob, 21) [11:420] deyiladi.

Paygʻambarlikka oid muhim xususiyat – bu ularga berilgan gʻayriodatiy imkoniyatlar (xavariqul adat) hisoblanadi. Bu imkoniyatlar ularga paygʻambarlik faoliyatining haqiqiy ekanini isboti uchun beriladi. Valiylarga berilgan karomat va sehr, koʻzboʻyamachilar amalga oshiradigan xayollanish faoliyatidan paygʻambarlarga ato qilingan gʻayriodatiy imkoniyatlarni ajratib turuvchi qator alomatlar mavjud [6:142].

Paygʻambarlarga berilgan gʻayriodatiy imkoniyatlar borasida olim va mutafakkirlarda turli xil qarashlar mavjud:

– Birinchi fikr faylasuflarniki boʻlib, unga koʻra bundaylar Alloh oʻziga tanlab olib va vahiy yuboriladigan xos insonlar turiga kiruvchilar emas, balki ular oʻzlarida inson sezgi organlaridan baʼzilari boʻlmish: Koʻrish, eshitish, ruhiy holat kabilarni yuqori darajada rivojlantirishga muvaffaq boʻlgan shaxslardir [6:142-143];

– ikkinchi qarash moʻtazila, ashariy (aksar)lar, mutakallim (baʼzi)lar va sunniylardan boʻlgan ibn Xazmga tegishli boʻlib, unga koʻra, paygʻambar oddiy insonlarga qaraganda gʻayriodatiy faoliyat bilan, yaʼni moʻjiza bilan ajralib turishini taʼkidlaydi. Qisqa maʼnoda “moʻjiza” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib bu shunday faoliyatki, uni qilishdan inson ojiz qoladi. Moʻtazilalar “moʻjiza” inson imkoniyatidan tashqaridagi faoliyat boʻlib, bevosita Xudoning oʻzi tomonidan amalga oshiriladi deb hisoblaydi. Va shuning uchun gʻayriodatiy faoliyatga oid boʻlgan (valiyning karomati va sehrgarning jodusi va h.k.z) boshqa amallarni inkor qilishadi;

– uchinchi qarash anʼanaviy islom vakillari salafus solih va ahlus sunna val jamoa namoyondalari boʻlib, ular barcha dalillarni umumlashtirib, ularni 3 yoʻnalishga boʻladi.

1) Alomat (oyat) va dalillar (burhon) yoʻnalishi, gʻayriodatiy faoliyatga bogʻliq. Ular moʻtazila va ashariylar qoʻllagan “moʻjiza” iborasi Qurʼon va Sunnatda ishlatilmagan, uning ustiga bu soʻz umum (yaʼni, valiylar tomonidan sodir etiladigan karomat va sehrgarlarning jodusi kabi gʻayriodatiy) amalga oshirilishi mumkin boʻlgan faoliyat, shuning uchun paygʻambarlarga nisbatan Qurʼon (Naml, 12 va Qasas, 32)da ishlatilgan “oyat” (alomat) va “burhon” (dalil) iboratlarini ishlatgan afzal deb taʼkidlaydi. Masalan, Paygʻambar Muhammad (S.A.V.)ga berilgan oyat va burhonlarga qaralsa, ularni 4 turkumga boʻlish mumkin: Birinchisi bu – Qurʼon, unga oʻxshashini na inson va na jinlar bir-biriga yordam berib ham tuza olmaydi. Bu borada Qurʼonda: “Ayting: “Qasamki, agar insu jin ushbu Qurʼonning oʻxshashini keltirish uchun birlashib, bir-birlariga yordamchi boʻlsalar-da, uning mislini keltira olmaslar”” (Isro, 88) [11:291] deyiladi; ikkinchisi bu – eshitiladigan, yaʼni paygʻambarga aytilgan salovatlar. Ibn Masʼud paygʻambar bilan birga taomlanishga oʻtirganda ovqatni unga salovat aytayotganini eshitganini aytadi (Buxoriy-3579) [1:881]; uchinchisi bu – koʻrinadigan, yaʼni inson ham, jin ham amalga oshira olmaydigan amal. Paygʻambarning barmoqlari orasidan chiqqan suv (Buxoriy-3579) [1:881]; toʻrtinchisi bu – suhbat, yaʼni paygʻambarning jonsiz narsalar bilan suhbati. Paygʻambar bilan toshlarning salomlashishi, masjiddagi toʻnkaning yigʻlab murojaat qilishi (Buxoriy-918) [1:222].

2) Paygʻambar faoliyatiga aloqador besh haqiqat bu – u olib kelgan xabar, buyruq, taqiq, soʻz va faoliyat, bularning barchasi uning haq ekaniga dalolat qiladi.

3) Allohning oʻz paygʻambarlariga yordami (nusrat) bu – Alloh tomonidan oʻz paygʻambarlariga, ularning faoliyatlarida yordam berishi va natijada bu buyuk vazifaning gʻalaba qozonishi [6:143-148].

Shialar paygʻambarlik tushunchasi har bir paygʻambarda unga yordam beruvchi va burchini davom ettiruvchisi – “Diniy vasiyatni amalga oshiruvchi” (vasi)si boʻlishi kerak degan tushuncha bilan ajralib turadi [8:184].

Bundan tashqari olimlar, Islomning muqaddas manbalariga asoslangan holda paygʻambarlar umuminsoniy xulqlarga ham ega ekanini aniqlashgan, masalan:

– Paygʻambarlar Odam avlodidanlar (Isro, 94);
– paygʻambarlar shahar (oʻtroq joy aholisidan)lik (Yusuf, 109);
– paygʻambarlar, oʻzlari yuborilgan xalq tilida gaplasha olgan (Ibrohim, 4);
– paygʻambarlar erkak kishi boʻlgan (Yusuf, 109);
– paygʻambarlar haqgoʻy boʻlgan (Haqqa, 41-47);
– paygʻambarlar farosat borasida ziyrak boʻlgan (Baqara, 258);
– paygʻambarlar begunoh boʻlgan (Fath, 1-2).

Xulosa sifatida quyidagilarni aytish mumkin-ki, anʼanaviy (sunniy) islom vakillarining qarashiga koʻra, paygʻambarlarga ishonish, imonning ruknlaridan biri hisoblanadi. Islomning muqaddas manbalariga koʻra, baʼzi paygʻambarlarning [elchi-رسول] mavqei boshqalariniki [prorokov-نبى]ga qaraganda yuqoriroq boʻlgani sabab, ularning necha nafarligi haqida qatʼiy taʼkid bildirilmagani maʼqul.

Sunniy olimlarning fikriga koʻra, paygʻambarlarning Alloh tomonidan gʻayriodatiy feʼl [oyat-alomat va burhon-dalil]lar bilan taʼminlangani ularni insonlarning qatoridan chiqarib ilohiylashtirishga asos boʻlmaydi.

Foydalanilgan adabiyot:
  1. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dor ibn Kasir, 2002;
  2. Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Hokim. Al-Mustadrak ala-s-sahihayn. – Bayrut: Doru-l-kutubi-l-ilmiya, 2002. – J.2
  3. Amir Alouddin Ali Balban Farsiy. Al-Ihsan fi taqrib sahih ibn Hibbon. – Bayrut: Muassasatu-r-risala, 1988. – J.2;
  4. Ahmad ibn Muhammad ibn Ali Fayuvmiy. Al-Misbahu-l-munir. – Bayrut: Maktaba Lubnan, 1987;
  5. Doktor Vahb Zuhayliy. At-Tafsiru-l-munir. – Damashq: Doru-l-fikr, 2009. – J.9;
  6. Doktor Solih ibn Abdulaziz ibn Muhammad ibn Ibrohim Oli Shayx. Sharhu-l-aqidati-t-Tahaviya: sharxaxa maali Shayx duktur Salih ibn Abdulaziz ibn Muhammad Ol Shayx. – Ar-Riyod: Doru-l-mavadda, 2011. – J.1;
  7. Ibn Munzir. Lisanu-l-arab. – Kair: Daru-l-maarif, 1998;
  8. Islam: Ensiklopedicheskiy slovar. — Moskva: Nauka, 1991;
  9. Ismoil ibn Amr ibn Kasir. Tafsiru-l-Qurani-l-aʼzim. – Ar-Riyod: Dor Toyiba, 1999. – J.7;
  10. Mujammau-l-lugʻati-l-arabiya. Muʼjamu-l-vasit. – Kohira: Maktabu-sh-shuruki-l-duvaliya, 2004;
  11. Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjimasi va tafsiri /Tarjima va tafsir muallifi: Shayx Abdulaziz Mansur. T: “Toshkent islom universiteti” nashriyoti matbaa birlashmasi. 2012. B;

 

Xabibullo SAGDIYEV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini
oʻrganish ISESCO” kafedrasi dotsenti, PhD

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …