Home / ALLOMALAR / XIV ASRDA SAMARQANDGA OLIB KЕLINGAN ULAMO

XIV ASRDA SAMARQANDGA OLIB KЕLINGAN ULAMO

Temuriylar davrida ilm-fan sohalari qayta jonlana boshlaganini kuzatishimiz mumkin. Chunki, bu davrda koʻplab sohalar rivojlangani kabi islomiy ilmlar sohasi ham rivojlangan. Amir Temur qaysi diyorga borsa, oʻsha joyning mashhur olimlarini, hunarmandlarini Samarqandga olib kelgan. Quyida oʻzga yurtlardan poytaxt Samarqandga olib kelingan yirik ulamo haqida toʻxtalib oʻtamiz.

Amir Temur davrida Samarqandda yashab, faoliyat koʻrsatgan olimlardan biri Sayyid Sharif Jurjoniydir. U kishining hayot yoʻli va ilmiy faoliyatini oʻrganish har bir shaxs uchun foydadan xoli boʻlmasligiga shubha yoʻq.

Amir Temur davrida Samarqandda yashab, ilmiy harakatda ishtirok etgan va butun dunyoga dongʻi ketgan allomalardan yana biri Sayyid Sharif Jurjoniydir.

Bu ulugʻ zotning toʻliq ismi Imom Fozil Alloma Sayyid Sharif Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Ali Jurjoniy Husayniydir.[1] Ismdan koʻrinib turibdiki, bu kishining nasablari imom Husayn ibn Ali roziyallohu anhuga yetib boradi.

Sayyid Sharif Jurjoniy Jurjonning Astrobod viloyatiga qarashli Toku shahrida hijriy 140 sana, shaʼbon oyining 24-kuni (milodiy 1340 sana, mart oyining 2-kuni) tavallud topgan. Sayyid Sharif Jurjoniy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sulolalaridan boʻlib, u kishi bilan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oralarida oʻn uchta ota bordir. U kishi hijriy 287, milodiy 900 yili vafot etgan imom Muhammad ibn Zayd Doʼiy rahmatullohi alayhining avlodidandir.

Sayyid Sharif Jurjoniy boshlangʻich ilmlarni oʻzi tugʻilgan vatanida oldi. Soʻngra taxminan hijriy 762 sanada ilm talab etish niyatida Hirotga safar qildi. U kishining bu safardan koʻzlagan niyati mashhur olim Qutbiddin Roziy Tahtoniyga shogird tushib, u zotning mantiq ilmi boʻyicha yozgan “Sharhush shamsiya” va “Sharhul Matoleʼ” nomli kitoblarini oʻzidan taʼlim olib, oʻqish edi. Maʼlum muddatdan soʻng shayx Qutbiddin Roziy Tahtoniy Sayyid Sharif Jurjoniyga yoshi ulgʻayib qolganini bahona qilib, uzr aytdi va Misrga borib, oʻzining mantiq ilmida koʻzga koʻringan shogirdi Muborakshohdan dars olishni tavsiya qildi.

Sayyid Sharif Jurjoniy shayx Qutbiddin Roziy Tahtoniy rahmatullohi alayhining tavsiyasiga amal qilib, ilm ilinjida Misr tomon ravona boʻldi. U kishi bu safari davomida Onadoʻli diyoridan ham oʻtdi. Oʻsha yerda oʻzi shuhratini yaxshi bilgan va u haqida odamlarning maqtovini eshitgan mashhur olim shayx Jamoliddin Oqsaroiydan ilm olmoqchi boʻldi. Odamlar shayx Jamoliddin Oqsaroiyni kitob yozishdan koʻra dars berishga usta, deb maqtashgan edi. Sayyid Sharif Jurjoniy Oqsaroyga borib, shayx Jamoliddin Oqsaroiy rahmatullohi alayhining vafot etganidan xabar topdi.

Soʻngra Sayyid Sharif Jurjoniy shayx Jamoliddin Oqsaroyning shogirdi Mulla Fanoriy bilan birga Misr tomon yurishini davom ettirdi. U kishi safar mashaqqatlarini chekib, oxiri oʻzi koʻzlagan Misr diyoriga yetib bordi.[2]

Sayyid Sharif Jurjoniy Misrda oʻn yilcha yashab, katta olimlardan dars oldi. U kishi aqliy ilmlarni asosan shayx Muborakshoh rahmatullohi alayhidan oʻrgandi. Naqliy ilmlarni esa Akmaliddin Bobartiy rahmatullohi alayhidan taʼlim oldi.

Sayyid Sharif Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Ali Jurjoniy Husayniy rahmatullohi alayhining oʻsha davrda talabalikdagi sheriklari ichida shayx Badriddin Simoviy, shoir Ahmadiy va Toyyib Hoji Poshsha kabi keyin mashhur boʻlgan zotlar ham bor edi.[3]

Sayyid Sharif Jurjoniy Misrda turgan paytida katta olim boʻlib yetishdi va kitob yozish ishlarini ham boshlab yubordi. U kishining hayoti va ilmiy faoliyatini yaxshilab oʻrgangan tarixchilarning taʼkidlashlaricha, Sayyid Sharif Jurjoniy oʻsha paytda Qutbiddin Roziyning “Sharhu Matoliʼ al-anvor” kitobiga hoshiya yozgan.

Sayyid Sharif Jurjoniy Misrda ilm olishni tugallaganidan keyin oʻsha zamonda usmoniylar davlatining markazi boʻlmish Bursa shahri orqali oʻz ona vataniga qaytdi.

Bu yerda Alloma Taftazoniy rahmatullohi alayhi u zotni oʻsha yerning podshohi Shoh Shujoʼga tanishtirdi. Podshoh Sayyid Sharif Jurjoniyni “Dorush shifo” madrasasiga mudarris qilib tayinladi. U zot ushbu dargohda oʻn yil davomida dars berdi, fatvo bilan mashgʻul boʻldi va kitoblar yozdi. Asta-sekin Sayyid Sharif Jurjoniyning shuhrati atrofga tarqaldi. U kishi ayniqsa aqliy ilmlarning allomasi sifatida keng doirada mashhur boʻldi.

Hijriy 789, milodiy 1378 sanada Sherozni zabt etgan Amir Temur Koʻragoniy Sayyid Sharif Jurjoniyni oʻzi bilan Samarqandga olib ketdi.[4] Amir Temur Sayyid Sharif Jurjoniyni mudarrislarning boshligʻi mansabiga qoʻydi.[5] Samarqandda oʻtgan oʻn sakkiz yillik davr u zotning buyuk hayotlarining eng samarali yillari boʻldi, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. U kishi oʻzining koʻplab asarlarini aynan Samarqandda yozdi. Koʻpchilikka turli ilmlardan darslar berib, mashhur shogirdlarini tarbiyalab yetishtirdi. Oʻsha vaqtning Alloma Taftazoniy rahmatullohi alayhi kabi mashhur allomalari bilan turli ilmiy munozaralar, bahslar va soʻzlashuvlar oʻtkazdi.

Amir Temur Koʻragoniy Sayyid Sharif Jurjoniyni olimligi uchun nihoyatda hurmat qilar edi. Olimlarning ichida sayyid va shariflardan – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning nasablaridan boʻlganligi uchun, yana alohida eʼzozlar edi. Shuningdek, ulamolar orasida ham Sayyid Sharif Jurjoniyning eʼtiborlari yuqori edi.

Sayyid Sharif Abulhasan Ali ibn Muhammad ibn Ali Jurjoniy Husayniy rahmatullohi alayhi Samarqandda Xoja Alouddin Attor Buxoriy rahmatullohi alayhi bilan tanishib, birga boʻldilar. U kishi Xoja Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayhining xalifalaridan edilar. U kishi bilan tanishuv Sayyid Sharif Jurjoniyda tasavvufga alohida ahamiyat bilan qarash hissini uygʻotdi va naqshbandiya tariqatiga mansub boʻldi.

Sayyid Sharif Jurjoniy Samarqandda naqshbandiya tariqatining yana bir ulkan namoyandasi Mavlono Nizomiddin Xomush rahmatullohi alayhi bilan doʻst boʻldi va u kishining tasavvuf majlislarida faol ishtirok etdi.

Hijriy 807, milodiy 1405 yili Amir Temur vafot etdi. Soʻngra Sayyid Sharif Jurjoniy oʻz ona vatani Sherozga qaytib ketdi va umrining oxirigacha ilmiy faoliyatini davom ettirdi.

Sayyid Sharif Jurjoniy Sherozda hijriy 816 sanada, robiyʼus soniy oyining oltinchisida (m.1413 yil, 14 iyul) chorshanba kuni vafot etdi.[6]

[1] Sahoviy. “ad-Dav al-Lami li-Ahli al-Qorni at-Tosiy”. Dor maktabatul hayat, Bayrut. –B. V, 328-30; Sadriddin Kumush. “Sayyid Sharif Jurjoniy”. Istanbul, 1984. –B. 94-112, 129-171; Sadriddin Kumush. “Sayyid Sharif Jurjoniy”. Turkiya diyonat vaqfi islom ensiklopediyasi. –B. VIII, 135-136; Jurjoniyning Islom olamidagi oʻrni va asarlari haqida yana ham batafsilroq maʼlumot olish uchun Mukarram Halilning maqolalar toʻplamga murojaat qilishingiz mumkin: Mukarram Halil. “Ijozatnomalar va Sayyid Sharif Jurjoniy”. Tarixdan sadolar. I/8- 9 (1943). -B. 9-10; “Sayyid Sharif Jurjoniy II”. II/15 (1944). –B. 9-11; “Sayyid Sharif Jurjoniy III”. II/19 (1944). –B. 1-4; “Sayyid Sharif Jurjoniy IV”. II/22-23 (1944). –B. 1-5.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Samarqandning sara ulamolari”. –Toshkent, “Hilol Nashr” 2014. –B. 53. 
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Samarqandning sara ulamolari”. –Toshkent, “Hilol Nashr” 2014. –B. 54.
[4] Sharofiddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Tehron. –B. I, 320; Hofiz Abru. “Zubdat at-tavorixi Boysungʻuriy” nshr. Sayyid Kamol Sayyid Javodiy. Tehron, 1372 h. –B. II, 669; Abdurazzoq Samarqandiy. “Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi baxrayn”. Tehron, 1372 h. –B. I/2, 598; Hofiz Abru. “Zubdat at-tavorixi Boysungʻuriy” nshr. Sayyid Kamol Sayyid Javodiy. Tehron, 1372 h. –B. III, 547; Sadriddin Kumush. “Sayyid Sharif Jurjoniy”. Istanbul, 1984. –B. 135; A.S.Tritton. “Jurjoniy”. –B.  II, 603. 
[5] “al-Favoidul Bahiyya fi tarojim al-Hanafiyya”. –B. 128; Mukarram Halil.  “Jurjoniy II”. –B. 10; Sadriddin Kumush. “Sayyid Sharif Jurjoniy”. –B. 91.
[6] Hondamir. “Habib as-siyar fi ahbori afrodi bashar”. nshr. Muhammad Dabir Siyoqiy, Tehron, 1333 h.  –B. III, 547; Mukarram Halil.  “Sayyid SharifJurjoniy II”. –B. 11; Sadriddin Kumush. “Sayyid Sharif Jurjoniy”. –B. 135; A.S.Tritton. “Jurjoniy”. –B. 603.
Yusuf ABDURAXIMOV,
“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi oʻqituvchisi,
Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti 2 kurs magistranti

Check Also

ARBINJON VA UNGA YONDOSH QISHLOQLARDAN CHIQQAN ROVIYLAR

Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida …