Home / ALLOMALAR / Mujohid ibn Muso – xorazmlik ishonchli roviy

Mujohid ibn Muso – xorazmlik ishonchli roviy

Islom dini Movarounnahrga VIII asr boshlarida kirib kelgan boʻlsa, shu asrning ikkinchi yarmidan turli islomiy ilmlar rivojlana boshladi. Hadisshunoslik eng taraqqiy etgan sohalardan biri boʻldi. Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi shaharlar qatori Xorazmdan ham koʻplab buyuk muhaddislar yetishib chiqdi. Mujohid ibn Muso Xorazmiyni ular qatoriga qoʻshsak boʻladi.

Allomaning toʻliq ismi Abu Ali Mujohid ibn Muso ibn Farrux Xorazmiy boʻlib, hofiz, imom, zohid deb tan olingan muhaddis hisoblanadi.

Mujohid ibn Muso 158/775 yili Xorazmda tugʻilgan. Dastlabki taʼlimni shu yerda olgan. Keyinchalik bir muddat Xatlonda (Samarqand yaqinidagi joy) istiqomat qilgan. Soʻng Bagʻdodga ilmiy safar qilgan va u yerda uzoq qolgan. U yerda Sufyon ibn Uyayna, Hushaym ibn Bashir, Abdulloh ibn Idris, Qosim ibn Molik Muzaniy, Yahyo ibn Salim Toifiy, Abu Bakr ibn Ayyosh, Yahyo ibn Odam, Abu Muoviya Darir, Ismoil ibn Ulayya va Abdurahmon ibn Mahdiydan hadis tinglagan.

Jarh va taʼdil ulamolarining barchasi Mujohid ibn Musoning hadis rivoyatida ishonchli ekanini taʼkidlagan.

Abu Bakr Barqoniy (xorazmlik muhaddis) Muhammad ibn Abbosdan rivoyat qilib aytadi: “Bizga Ahmad ibn Muhammad ibn Masʼada Fazzoriy soʻzlab berdi, u Jaʼfar ibn Darstavayhdan, u Ahmad ibn Muhammad ibn Qosim ibn Muhrizdan soʻzladi: Yahyo ibn Maindan Mujohid ibn Muso Xorazmiy haqida soʻradim, u: “Siqa, ishonchli”, dedi”.

Mujohid ibn Musodan Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy, Abu Zurʼa, Abu Hotim Roziy, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Junayd, Muso ibn Horun, Abu Abdurahmon Nasoiy, Abdulloh ibn Muhammad Bagʻaviy va koʻplab boshqa mashhur muhaddislar hadis rivoyat qilgan.

Undan kelgan hadislar “Sahihi Muslim”, toʻrt “Sunan” va boshqa hadis toʻplamlarida uchraydi.

Bu oʻrinda Nasoiy rivoyat qilgan mana bu hadisni keltiramiz:

“Bizga Mujohid ibn Muso xabar qildi: “Ismoil ibn Ulayya bizga Yunusdan, u Hasandan, u Abu Muso Ashʼaridan rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ikki musulmon bir-biriga qilich oʻqtalsa va bittasi sherigini oʻldirsa, oʻldiruvchi ham, oʻldirilgan ham doʻzaxdadir”, dedilar. Shunda bir kishi: “Ey Rasululloh, mana bu-ku qotil, oʻldirilgan nima uchun?” dedi. U zot: “Chunki u ham sherigini oʻldirmoqchi edi”, dedilar”.

“Sahihi Ibn Hibbon” asariga murojaat qiladigan boʻlsak, quyidagi hadisni keltirish oʻrinlidir:

Bizga Abu Yaʼlo xabar berdi: Mujohid ibn Muso bizga xabar berdi: Isʼhoq Azraq aytdi: Zakariyo ibn Abu Zoida bizga Muhammad ibn Abdurahmon ibn Saʼd ibn Zuroradan, u Ibn Kaʼb ibn Molikdan, u otasidan rivoyat qildi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishining mol va shuhratga boʻlgan hirsi uning dini uchun qoʻylar orasiga qoʻyib yuborilgan ikki och boʻridan ham yomonroqdir”, dedilar”.

Muhammad ibn Ali Muqriy aytadi: “Hofiz Nishopuriy aytdi: Abu Ahmad Ali ibn Muhammad Xubaybiy menga Marvda xabar berdi: Solih ibn Muhammaddan Mujohid ibn Muso haqida soʻradim: “U rostgoʻydir”, dedi”.

Suriy aytadi: “Tarobulus (hozirgi Tripoli) qozisi Abu Hasan Ubaydulloh Hamdoniy bizga Abu Iso Abdurahmon ibn Ismoil Arudiydan, u Abu Abdurahmon Nasoiydan soʻzlab berdi: “Mujohid ibn Muso Bagʻdodiy siqa roviy, asli xurosonlik”, dedi”.

Muhaddis sakson olti yoshida, 244/858 yil rabiul avval oyida, juma kuni vafot etgan.

Bahodir MIRZAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …