Home / FOTO LAVHALAR / Hadis ilmi maktabida yangi 2022-2023 oʻquv yili boshlandi

Hadis ilmi maktabida yangi 2022-2023 oʻquv yili boshlandi

Aytish joizki, soʻnggi yillarda yurtimizda Mustaqillik bayrami tantanalarini muayyan bir gʻoya, ezgu harakat ostida nishonlash anʼanasi xalqimiz hayotining maʼnaviy yuksalishida oʻziga xos zamin boʻlib xizmat qilmoqda.

Albatta, bundayin ezgu gʻoyalar mamlakat aholisining istiqlol yillaridagi hayoti, turmush tarzi, erishgan yutuqlari va erishajak maqsadlarini sarhisob qilishga undaydi.

Hadis ilmi maktabida bugun 5 sentyabr kuni mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi va yangi 2022-2023 oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir hamda Mustaqillik darsi oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davron Maxsudov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev, Samarqand viloyati bosh imom xatibi oʻrinbosari Xayrulloh domla Sattorov hamda Maktab oʻqituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Tadbir davlat madhiyasi bilan boshlandi. Qurʼon tilovati va oʻquv yilining xayrli-barkali boʻlishini soʻrab duo qilindi.

Tadbirni ochib berish uchun Hadis ilmi maktabi rektori Olimxon domla Yusupov nutq soʻzlab jumladan, shu kunlarda yangi Oʻzbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami koʻtarinki kayfiyatda oʻtayotganligi, joriy oʻquv yili uchun boʻlib oʻtgan kirish imtihonlari jarayonlari, maktabda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida qayd etib oʻtdi.

Mustaqilligimizning 31 yilligi hamda yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan tabrik uchun Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davron Maxsudov, Samarqand viloyati bosh imom xatibi oʻrinbosari Xayrulloh domla Sattorov soʻzga chiqib, boshlanayotgan yangi oʻquv yilida maktab jamoasiga omad va zafarlar tilab, diniy soha vakillariga, qolaversa yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan toʻlaligicha foydalanish va maʼrifiy islomni dunyoga koʻrsata olish, sof islomdan ogʻishmaslikda va adashganlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashda qatʼiyat bilan ilm olish kerakligini, ilm olishda harakatchan boʻlishni, talabalar avvalo kuchli bilimga ega boʻlishi, bu yerdagi ustozlardan ilm olishda va odob-axloq saboqlarini oʻrganishda tirishqoq boʻlishini taʼkidladilar, shuningdek, sof islomni nafaqat yurtimizda balki, dunyo ommasiga yetkaza oladigan salohiyatga ega boʻlish kerakligi, ajdodlarimizga munosib avlod boʻlish lozimligi boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdilar.

Shundan soʻng, yurtimiz mustaqilligimizning 31 yillik shodiyonasiga bagʻishlangan Mustaqillik darsi darsi boshlandi. Mazkur dars mashgʻulotini Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev oʻtkazdi. “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida oʻtkaziladigan Mustaqillik darsida maʼruzachi Oʻzbekistonda soʻngi yillar davomida amalga oshirilgan keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy, diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasidagi ustuvon vazifalar, Oʻzbekistonning xorijiy, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan oʻrnatilgan doʻstona munosabatlari toʻgʻrisida maʼruza qildi.

Mustaqillik darsidan soʻng Hadis ilmi maktabi talabalarining yangi oʻquv yilining ilk dars mashgʻulotlari boshlandi. 
Hadis ilmi maktabi matbuot kotibi
Manba: muhaddis.uz

Check Also

Tasavvuf – yirik ijtimoiy voqelik sifatida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …