Home / MAQOLALAR / XALQIMIZNING ENG BUYUK TARIXIY GʻALABASI

XALQIMIZNING ENG BUYUK TARIXIY GʻALABASI

Xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan 1991 yil 31 avgustda qoʻlga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi koʻp ming yillik tariximizdagi hech qachon unutilmaydigan, qadr-qimmati va ahamiyati yillar, asrlar oʻtgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqeadir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu yilgi umumxalq bayrami “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy tadbirlar ruhida oʻtadi.

Aynan mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai boʻlib kelmoqda.

Bu yil xalqimiz Mustaqillik bayramini tamomila yangicha sharoitda – milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichi odimlari kundan-kunga shiddatli tus olayotgan, Yangi Oʻzbekistonning yuksak maqomi butun dunyoda keng va xolisona rasman eʼtirof etilayotgan, mamlakatimizda ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilish tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda nishonlaydi. Xalqimizning ezgu xohish-istaglari, yangi erkin va demokratik jamiyat qurish yoʻlidagi qatʼiy irodasi bilan boshlangan istiqlol solnomasining soʻnggi besh yillik sahifasi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotimizda qoʻlga kiritilgan, odamlarning ong-tafakkuri va dunyoqarashida oʻz ifodasini topayotgan bemisl yutuqlar bilan bezangani, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshgani, yoshlarda Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhi kuchaygani gʻoyat muhimdir.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan gʻoyat ogʻir va murakkab vaziyatda mard va olijanob xalqimizning fidokorona mehnati bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va uning shon shavkatini jahonga tarannum qilish boʻyicha muhim natijalar qoʻlga kiritilgani, bu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilayotgani, eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgarib, ular islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilib yashayotganini alohida taʼkidlash zarur.

2022-2026 yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga koʻtarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, shaʼni va gʻururini yetakchi oʻringa olib chiqish ustuvor vazifaga aylangan hozirgi vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish koʻp millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda.

Mustaqillik har yili bir yoshga ulgʻayadi va u bilan birga, biz ham, shu yillari tugʻilib voyaga etayotgan aziz oʻgʻil-qizlar, hayotimizning baxtli davomchilari ham ulgʻayib boradi. Bu ulgʻayish tinch-totuv hayotimiz, farovon turmushimiz, buyuk kelajagimiz, istiqlol sharofati bilan turmush tarzimizga, xonadonlarimizga kirib kelayotgan roʻshnoliklar, toʻkin rizq-nasiba, dunyoqarashimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar bilan bevosita bogʻliq. Bu ulgʻayishda, eng avvalo, qaddi-bastimizning, gʻurur va shaʼnimizning, milliy tariximizning, dinu diyonatimizning tiklanganini koʻramiz, millatning erkka erishuvi naqadar totli, naqadar tarovatli tuygʻu ekanini qalban his etamiz, jahon hamjamiyatida necha yillar boʻsh turgan oʻrnimizni egallaganimizdan, dunyo bozorlari Oʻzbekiston uchun ochilib borayotganidan haqli ravishda faxrlanamiz. Iftixor qilish bilan birga, istiqloldek buyuk neʼmatni asrash, uni har jihatdan mustahkamlash, yoshlar ongi va qalbiga bu ulugʻ tuygʻuni yanada chuqur singdirish, yangi avlodni dunyoning bugungi yuksak talablariga mos ravishda tarbiyalash borasida zimmamizda juda katta masʼuliyat borligini ham anglaymiz. Zero, dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar jamiyatning har bir aʼzosidan faollik va tashabbuskorlikni, zukko kuzatuvchanlikni talab etmoqda.

Oʻttiz bir yildirki, xalqimiz peshonasida erk, ozodlik quyoshi porlay boshlagan saxovatli kuzning birinchi kunini umumxalq bayrami, hayotimizdagi eng ulugʻ va eng aziz bayram sifatida nishonlab kelamiz. Toʻyga toʻyona yarashiqli, deganlariday, mamlakatimiz shahar va qishloqlari, koʻcha va xiyobonlari yildan-yil goʻzallashib borayotgani, yirik sanoat obyektlari, zamonaviy muhtasham binolar, ishlab chiqarish korxonalari, madaniyat, sanʼat, sport saroylari, nuroniy otaxonu onaxonlar, yoshlar va bolalarga moʻljallangan dam olish maskanlari qurilayotgani hayotimizga oʻzgacha zavq bagʻishlaydi. Butun mamlakat qurilish, yangilanish, bunyodkorlik maydoniga aylangan, desak, mubolagʻa boʻlmas. Dunyo mamlakatlari rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblari Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot yoʻlini, davlatimiz rahbarining xalqni tinglash, unga dildan yaqin boʻlishdek chinakam insonparvar siyosatini qoʻllab-quvvatlamoqda, xorijiy matbuot bu toʻgʻrida samimiy maqolalar eʼlon qilmoqda. Bizning bugungi shiddatimiz, koʻzlagan ulugʻ maqsadlarimiz dunyoni yaxshi maʼnoda hayratga solmoqda. Negaki, Yurtboshimizning har bir nutqi va maʼruzasida eng oliy maqsad – odamlar oʻz hayotidan bugun rozi boʻlib yashashi lozimligi, mamlakatimizda oʻtkazilayotgan islohotlarning barchasi ana shu maqsadning amaliy roʻyobiga qaratilishi zarurligi uqtiriladi.

«Bugun biz yagona xalq, yagona millat boʻlib, koʻzlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat joʻsh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz boʻlmish yangi Oʻzbekistonni albatta bunyod etamiz. Oʻzbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi».

Bu daʼvat qalbimizda, imon-eʼtiqodimizda aks-sado beradi, shu aziz Vatanga, shu musaffo osmonga, kindik qonimiz toʻkilgan shu muqaddas tuproqqa daxldorligimizdan quvvat olamiz. Buyuk kelajagimizga ishonchimiz yanada ortadi. Zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, dunyo tajribasidan yaxshi xabardor yoshlarning faolligi, ularga bildirilayotgan yuksak ishonch jamiyatimiz taraqqiyoti odimlarini yanada kuchaytiradi.

Bugun koʻpni koʻrgan donishmand dunyoning nigohi oʻz mustaqilligining oʻttiz bir yilligini nishonlashga hozirlanayotgan Oʻzbekistonga, shu jannatmonand makonga, bagʻrikeng, qalbi pok, niyati ulugʻ, saxovatda tengsiz xalqimizga, shu mehnatkash xalqning zabardast qoʻllari bilan yaratilayotgan bunyodkorlik ishlariga, isteʼdodli yoshlarimizga qaratilgan. Mamlakatimizda yangicha dunyoqarashga ega, oʻzining tarixiy ildizlaridan, ulugʻ ajdodlari merosidan yaxshi xabardor, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni koʻngliga jo qilgan barkamol avlod voyaga etayotgani koʻz oʻngimizdan oʻtadi.

Oʻttiz bir yil – tarix nazdida juda oz fursat. Ammo shu narsa ham aniqki, yillarning va hatto, asrlarning maʼno-mohiyati faqat vaqt tushunchasi bilan oʻlchanmaydi, aksincha, shu vaqt, shu fursat ichida amalga oshirilgan ezgu amallar, inson manfaatlari yoʻlidagi amaliy saʼy-harakatlarning natijalari bilan belgilanadi.

Shoir aytganidek:

“Yillar emish, yillar nimasi?
Bizga havas qilsin yetim asrlar!”

 Bu oʻrinda “yetim” yuz yilliklar haqida qisqa va kamtarona toʻxtalishga toʻgʻri keladi. Ayniqsa soʻnggi besh yilida mustaqil Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ishlar kamida ellik yillik maʼno-mazmunga ega, desak, xato boʻlmaydi. Yigirmanchi asrning koʻpdan-koʻp talotoʻplari, qirgʻinbarot urushlari, tinchlik-totuvlikka, ahil-inoqlikka raxna soluvchi xatti-harakatlar eski yuz yillikda qolib ketadi, bashariyat hayotida yalpi tinchlik, totuvlik sahifasi ochiladi, deb umid qilgandik. Afsuski, bunday boʻlmadi, boʻlingan dunyoni qayta boʻlib olish, manfaatlar kurashi, siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-axloqiy buzgʻunchilik, qoʻporuvchilik harakatlari, dunyo mintaqalarida qasddan mojarolar keltirib chiqarish, nizolashayotgan tomonlarni bir-biriga battar gij-gijlash va buning oqibatida oʻzga hududlardagi tabiiy boyliklarni oʻz tasarrufiga olish niyatlari yanada faollashdi. Mamlakatimiz misolida aytadigan boʻlsak, mustaqil davlat sifatida oyoqqa turayotgan yurtimizga turli gʻarazli oqimlar, buzgʻunchi gʻoyalar, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizga yot illatlar kirib kela boshladi. Axborot xurujlari, yosh avlod ongi va qalbini egallash uchun kurash avj oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizni bunday sharoitda aslo loqayd boʻlmaslikka, dunyoda turli mafkuralar, iqtisodiy va siyosiy manfaatlar tortishuvi keskin tus olayotgan bir paytda yangi avlod tarbiyasiga, oilani mustahkamlashga, yaqin qoʻshnilar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga, har bir mahallada tinch-totuv hayot tarzini yuzaga keltirishga, mustaqil davlatimizning tinchlikparvar tashqi siyosatini, yaqin va uzoq kelajakka moʻljallangan rejalarini keng targʻib qilishga alohida eʼtibor bermoqda. Xalqimizni buyuk kelajak yoʻlida birlashtirish, millati, tili, dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning mustaqil ona Vatanimiz — umumiy goʻshamiz baxt-saodati uchun jon kuydirib yashashga, fidoyilarcha mehnat qilishga chorlash oldimizda turgan bosh vazifa boʻldi.

Vaqtning oʻtishi – toʻxtovsiz jarayon. Tarix sahifasidan joy olayotgan har bir yil maʼno-mazmuniga, ezgu amallariga koʻra bir-birini toʻldirib, biri ikkinchisini davom ettirib boraveradi. Binobarin, istiqlol solnomasi ham yangi gʻalabalar, jahon eʼtiboriga tushgan yangi yutuqlar bilan boyishdan toʻxtamaydi. Chunki, bugun jamiyatda erishilgan yutuqlarni eʼtirof etish bilan birga, oʻtgan yillarda yoʻl qoʻyilgan xato-kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilib, hamma narsani oʻz nomi bilan atab, ularni bartaraf etish, har bir sohadagi real vaziyatni toʻgʻri baholash jarayoni bormoqda.

Shunday ekan, kelajak avlodlar bu solnomaga qarab, xalqimiz uchun eng buyuk neʼmat boʻlgan mustaqillik qanday qoʻlga kiritilgani, bu yoʻlda qanday qurbonlar berilgani, xalqimiz qalbini yoritgan, peshonasini silagan bu ilohiy nur qanday asrab qolingani, istiqlol qanday qilib mustahkamlanganini aniq-ravshan bilib oladi.

Har yili saxovatli kuzning birinchi tongida milliy istiqlol bayramini nishonlar ekanmiz, mustaqillik solnomasining yangi sahifasiga oʻzgacha shiddat, ertangi yutuqlarimizga qatʼiy ishonch bilan qadam qoʻyamiz. Bayramning ulugʻ shukuhi ozod va obod Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy boʻy-bastini dunyo kengliklari uzra namoyon etaveradi.

Inson uchun ozodlikdan qadrli neʼmat yoʻq. Dunyodagi jamiki bunyodkorlik va yaratuvchanlikning asosi ozodlikdir. Tarixan qisqa bir davrda, avvalo el-yurtimizning xohish-irodasi, kuch-qudrati, mashaqqatli va bunyodkorona mehnati evaziga jahon xaritasida yangi, oʻz kuchi va salohiyatiga tayangan, bugun barqaror surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan mustaqil, suveren Oʻzbekiston davlatining paydo boʻlishi, hech shubhasiz, xalqimizning eng buyuk tarixiy gʻalabasidir.

Sirojiddin ABDUVOITOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …