Home / MAQOLALAR / Imom Moturidiy va moʻtaziliylar oʻrtasidagi bahslar

Imom Moturidiy va moʻtaziliylar oʻrtasidagi bahslar

Abu Mansur Moturidiy koʻplab ustozlardan taʼlim oladi va tafsir, usulul fiqh, aqoid, fiqh va mantiq kabi ilmlarda yetuk olim boʻlib taniladi. Ushbu yetuk olimning ilmiy izlanishlariga olimlar ergashadilar va keyinchalik ularni moturidiya taʼlimoti maʼnosida eʼtirof etadilar. Moturidiya taʼlimotining shakllanishida turli adashgan firqalar, xossatan, moʻtaziliy firqasi bilan boʻlgan bahs-munozaralar muhim oʻrin tutgan. Shuning uchun ham Moturidiyning kalom ilmiga oid asarlarida raddiya uslubi yaqqol bilinib turadi. Yaʼni, bu zot jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan eng mashhur olimlardan biri hisoblanadi.

Shu oʻrinda oʻsha paytlarda jamiyatda koʻplab bahs-munozaralar keltirib chiqargan moʻtaziliy firqasining Movarounnahrda paydo boʻlish sabablarini oʻrganish ham maqsadga muvofiqdir. Chunki mazkur sabablar oʻrtadagi bahslar qay darajada boʻlganini yanada toʻliqroq tasavvur qilish imkonini beradi.

Movarounnahrga moʻtaziliy taʼlimotining kirib kelish sabablarini Balqosim Gʻoliy quyidagicha tahqiq qilgan:

  1. “Abbosiy xalifa Mutavakkil hijriy 234 (milodiy 848) yilda moʻtaziliylar qoʻzgʻagan “Qurʼon maxluq” masalasiga nuqta qoʻyib, “Qurʼon Allohning kalomi” degan sunniy olimlarni qoʻllab quvvatlagan va moʻtaziliylarning davlat tizimidagi faoliyatiga rasman chek qoʻygan. Natijada moʻtazila eʼtiqodidagi aksar ahli ilmlar poytaxtdan ketgan va somoniylar hukmronlik qiladigan hududlarga kelib oʻrnashgan;
  2. Movarounnahrdagi ikki mashhur olim Abul Qosim Kaʼbiy va Abu Zayd Balxiylarning moʻtazila eʼtiqodida boʻlganlari ushbu hududda bu eʼtiqodning tarqalishiga sabab boʻlgan. Mazkur ikki olim xalq orasida obroʻli boʻlgani sababli bu eʼtiqod xalq orasida tez tarqalgan. Abu Mansur Moturidiy va ushbu ikki olim oʻrtasida koʻplab ilmiy bahslar boʻlib oʻtgan;
  3. Moʻtaziliy olimlarining balogʻat va fasohat ilmida avom xalqni oʻziga jalb qiladigan darajada mohir boʻlganlari ham bu eʼtiqodning tarqalishiga sabab boʻlgan”.

Ushbular kabi omillar tufayli moʻtaziliylik taʼlimoti taʼsirlari jamiyat vakillarida koʻzga tashlana boshlagan. Buni his qilgan Ahli sunna val jamoa olimlari toʻgʻri eʼtiqodni saqlab qolish yoʻlida fidokorona harakat qilganlar. Albatta, bu harakatlar aqliy va naqliy dalillarga asoslangan ilmiy bahs-munozaralar koʻrinishida boʻlgan. Ushbu ilmiy bahs-munozaralarda eng salmoqli mehnat qilgan olimlardan biri shubhasiz Abu Mansur Moturidiy edi.

Abu Mansur Moturidiy mazkur ilmiy bahs munozaralar munosabati bilan yozgan asarlarida Ahli sunna val-jamoaning qarashlari toʻgʻriligini isbotlash bilan birga adashgan firqalarning xatoga yoʻl qoʻygan joylarini ham bayon qilib bergan. “Bayanu vahmil moʻtazila” (Moʻtaziliy firqasining notoʻgʻri tasavvuri bayoni), “Roddu alal qaromita” (Qarmatiylarga raddiya) kabi asarlarida adashgan firqalarning umumiy qarashlaridagi xatolarini bayon qilib bergan.

Abu Mansur Moturidiyning qilgan eng ulkan xizmati Ahli sunna val-jamoaga qarshi chiqqan firqalarning daʼvolariga umumiy raddiya qilishdan tashqari ularga batafsil raddiyalar qilganidir. Yaʼni, bu zot oʻsha paytlarda omma musulmonlarga tashvish tugʻdirib turgan moʻtaziliy yetakchilarining asarlariga birma-bir raddiyalar yozib, ularni “ochiq maydon”da magʻlub qilgan. Bunga u zotning quyidagi asarlari yaqqol dalildir:

– Abu Muhammad Bohiliy moʻtaziliyning “Usulul xomsa” (beshta asos) kitobiga “Roddu usulil xomsa” (“beshta asos” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Kaʼbiy moʻtaziliyning “tahziybul jadal” (ilmiy bahslarni oʻrgatish) kitobiga “Roddu tahziybil jadal” (“ilmiy bahslarni oʻrgatish” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Kaʼbiy moʻtaziliyning “Vaʼiydul fussaq” (Fosiqlarga tahdid) kitobiga “Roddu “Vaʼiydil fussaq” (“Fosiqlarga tahdid” kitobiga raddiya);
– Abulqosim Kaʼbiy moʻtaziliyning “Availul adilla” (Dastlabki dalillar) kitobiga “Roddu availil adilla” (“dastlabki dalillar” kitobiga raddiya) kabi asarlar yozgan.

Imom Moturidiy ushbu asarlarida moʻtaziliy firqasining eʼtiqodiy xatolarini bayon qilish bilan birga, Ahli sunna val jamoa eʼtiqodining toʻgʻri ekanini aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlagan. Xuddi shu ishni ayni shu davrda Abul Hasan Ashʼariy ham Movarounnahrdan tashqarida Bagʻdodda amalga oshirgan. Olimlar bu ikki zotning aqida bobida amalga oshirgan ishlarini eʼtirof etganlar hamda baʼzi olimlar Abul Hasan Ashʼariyning uslubiga ergashgan boʻlsalar, baʼzilari Abu Mansur Moturidiyning uslubiga ergashganlar. Shunday qilib bu ikki olim Ahli sunna val jamoaning aqidasini bayon qiluvchi imomlariga aylanganlar.

Abdulqodir Abdur Rahim,
TII Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi
Manba: oliymahad.uz

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …