Home / MAQOLALAR / MUSTAQILLIK – BЕBAHO NEʼMAT

MUSTAQILLIK – BЕBAHO NEʼMAT

Mustaqillik bebaho neʼmat, negaki, aynan shu gʻoya atrofida koʻplab jasur ajdodlarimiz oʻzining aziz jonini fido qilgan. Oʻz erki oʻz qoʻlida boʻlmagan millatning kelajagi mavhumdir. Yurtni istilo qilgan bosqinchilarga xos narsa shundan iboratki, ular tomonidan nafaqat moddiy boyliklar tashib ketiladi va aholisi qullik darajasiga tushiriladi, balki, oʻsha aholining tili, dini va madaniyatiga ham tajovuz qilinadi. Jahon sivilizatsiyasi oʻchoqlaridan biri sanalgan va dunyoga dongʻi ketgan allomalar yurti hisoblangan vatanimiz boshiga ham mana shunday sinovlar tushgan edi.

Chingizxon bosqini yurtimiz boshiga haqiqiy musibat yogʻdirgandi. Bosqin natijasida yurtimizning gullab yashnagan goʻzal vodiylari, shahar-u qishloqlari talon taroj qilindi. Madaniyat va ilm-fan markazlari bosqinchilar oyogʻi ostida toptaldi. Misli koʻrilmagan vahshiyliklar amalga oshirildi. Mana shunday ogʻir musibatli jarayonlarda yurtimizning asl farzandlari dushmanga qarshi mardonavor kurash olib bordilar. Jaloliddin Manguberdi mana shunday jasur, qoʻrqmas, haqiqiy vatanparvar va milliy qahramonlarimizdan biri boʻlgan.

Xorazmshohlarning soʻnggi sultoni oʻz davrida Chingizxondek dahshatli kuchning yengilmasligi toʻgʻrisidagi afsonaga chek qoʻygan edi. Nufuzli moʻgʻul sarkardalari boshliq bosqinchi qoʻshinlarga bir necha bor qaqshatqich zarbalar berdi. Natijada, Chingizxonning shaxsan oʻzi Jaloliddin Manguberdiga qarshi yurishga majbur boʻldi. Katta qoʻshinga ega boʻlgan va strategik ustunlikni allaqachon qoʻlga kiritgan Chingizxon Jaloliddin qoʻshinini magʻlub etgandi. Sind daryosi boʻyida boʻlib oʻtgan jangda Jaloliddin qoʻshinlari garchi Chingizxon qoʻshinidan magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, sarkarda boshliq bir necha ming askarlar daryodan kechib oʻtishga va dushmanga asir tushmaslikka muvaffaq boʻlgan edi. Bunday jasoratni kutmagan Chingizxon oʻz dushmaniga qoyil qolib, uni taʼqib etishni toʻxtatgandi. Jaloliddin Manguberdi jasorati tillarda doston boʻldi, uning kurashlari oʻsha davrda moʻgʻul bosqinchilarga qarshi kurashda tushkunlikka uchragan musulmon dunyosining ruhiyatini koʻtargan edi. Ammo, dovyurak, haqiqiy vatanparvar hisoblangan Jaloliddin Manguberdiga uzoq yashash nasib etmadi. Kurdlar qoʻliga asir tushib, ular tomonidan oʻldirildi.

Amir Temur moʻgʻul bosqinchilarni yurtimizdan nafaqat haydab chiqardi, balki, poytaxti Samarqand boʻlgan buyuk imperiyaga asos soldi. Temur va temuriylar davrida yurtimiz gullab yashnadi, uning poytaxti hisoblangan Samarqand sharqning eng rivojlangan shaharlari darajasiga koʻtarildi. Bu davrda bunyodkorlik, ilm-fan, madaniyat va sanʼat gullab yashnadi, hozirgacha qad koʻtarib turgan ulugʻvor obidalar barpo etildi. Bunday bunyodkorlik ishlari orqali yurtimizning ilm- maʼrifat, madaniyat borasidagi salohiyati namoyon boʻldi.

Ammo, XIX asrning oxirida yurtimiz yana bir bosqinga duchor boʻldi. Bu safar Rossiya imperiyasi yurtimiz hududida hukm surgan xonliklarning tarqoqligi, iqtisodiy va harbiy jihatdan ortda qolganligidan foydalanib, ularni birin-ketin istilo qila boshladi. Bosqin davomida koʻplab shaharlar vayron qilindi, minglab vatan himoyachilari ayovsiz janglarda yurt ozodligi uchun jon berdi. Mustamlakachilar tomonidan yurtimizning talon taroj qilinishi, boyliklarining tashib ketilishiga yurtdoshlarimiz jim qarab turmadi, albatta. Natijada, bosqinchilarga qarshi, yurt ozodligi uchun koʻplab qoʻzgʻolonlar koʻtarildi. Toshkentdagi “Vabo isyoni”, Dukchi Eshon qoʻzgʻoloni, 1916 yilda yuz bergan Jizzax qoʻzgʻoloni shunday isyonlardan hisoblanar edi. Mazkur qoʻzgʻolonlar istilochilar tomonidan shafqatsizlarcha bostirilib, ularning boshliqlari va qatnashchilari ayovsiz jazolangan boʻlsa-da, bunday harakatlar milliy ozodlik harakatlari tarixiga zarhal harflar bilan bitildi.

Sovet hokimiyati davrida ham xalqimiz boshiga misli koʻrilmagan musibatlar yogʻdirildi. Avvalo, istilo qilingan Turkistonning birligiga barham berish maqsadida, bolsheviklar tomonidan milliy hududiy chegaralash oʻtkazildi va xalqlar bir biridan ajratib yuborildi. Turkiston muxtoriyati qonga botirildi. Oʻz davrida sovet hukumati tomonidan “bosmachilik harakati”, amalda esa esa istiqlolchilik harakati bolsheviklar tomonidan ayovsiz bostirildi. Ularning boshliqlari sovet hukumati tomonidan turli hiyla-nayranglar bilan qoʻlga tushirildi, yoki chetga chiqib ketdilar. Bundan tashqari, mamlakat boʻylab amalga oshirilgan kollektivlashtirish siyosati amalda jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi oʻringa ega boʻlgan xususiy mulkchilikka barham berdi. Natijada koʻplab boy va oʻziga toʻq dehqonlar xonavayron boʻldi, bunday siyosatga qarshi chiqqanlar esa qatagʻon qilindi yoki qattiq jazolandi.

Sovet hukumati tomonidan bu davrda yuritilgan ateistik siyosat, ayniqsa, jamiyat uchun ogʻriqli boʻldi. Milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi hisoblangan muqaddas islom diniga qarshi kurash, nafaqat maʼnaviyatimizga, balki, oʻzligimizga ham qarshi kurash hisoblanar edi. Bu davrda diniy bayramlar taʼqiqlandi, yoshlarni ateistik ruhda tarbiyalash maqsadida katta targʻibot ishlari olib borildi. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyatda maʼnaviy inqirozning chuqurlashuviga olib keldi.

Istiqlol yuqoridagi salbiy holatlarga barham berdi. Xususan, xalqimiz oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga ega boʻldi, davlatchiligimiz qayta tiklandi, milliy urf odatlarimiz, diniy qadriyatlarimizga boʻlgan cheklovlar olib tashlandi, shuningdek, tariximizni xolisona yoritish, buyuk ajdodlarimiz merosini oʻrganish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Eski tuzum davrida qoralangan vatanparvarlarimizning nomlari oqlandi va ularning xizmatlariga munosib baho berildi.

Tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, yurt mustaqilligining boy berilishi xalq boshiga mislsiz kulfatlar yogʻdirishi, uning asl farzandlaridan judo qilinishi, boyliklarining ayovsiz talanishiga olib kelishi muqarrar.

Mustaqillik bebaho neʼmat boʻlib, mamlakatning rivojlanishi va taraqqiyotida hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shu sababdan ham, mustaqillikni asrab avaylash va uni mustahkamlash har bir yurtdoshimizning muqaddas burchidir. Buning uchun yoshlarimiz tarixni yaxshi bilmogʻi va undan oʻziga kerakli xulosa chiqarmogʻi lozim. Zero mustaqillik – bebaho neʼmat ekanligiga tarix shohiddir.

Jonibek JUMAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …