Home / YANGILIKLAR / EZGU MAʼRIFIY GʻOYALAR TARGʻIBOTI YOʻLIDA

EZGU MAʼRIFIY GʻOYALAR TARGʻIBOTI YOʻLIDA

Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonuniga sharh hamda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda markaz rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonunning mohiyati toʻgʻrisida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.

Matbuot anjumanining asosiy qismida 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Markazda joriy yilning 1-yarim yilligida bajarilgan ishlar xususida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda

Xalqaro aloqalar yoʻnalishida markazda 5 ta xalqaro konferensiya va 9 ta xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. Malayziya Islom ilmiy universiteti bilan hamkorlikka oid memorandum imzolandi. Ayni paytda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.

Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Musulmon olimlarining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy veb-forum tashkil etildi.

Maʼnaviy targʻibot yoʻnalishida ham bir qator loyihalar hayotga joriy etildi. Taʼlim muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlarida “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti”, “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida 24 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir, seminar, uchrashuv, kitoblar taqdimoti, telekoʻrsatuv, davra suhbatlari, targʻibot uchrashuvlari oʻtkazildi. Internet va ijtimoiy tarmoq saytlarida Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga doir 622 ta maʼlumot eʼlon qilindi. Yurtimiz va xorijiy media tuzilmalarida buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyati, maʼrifiy qadriyatlarimiz mohiyati ochib berilgan koʻrsatuv, eshittirish, tahliliy materiallar xalqimiz va xorijliklarga taqdim etildi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

OʻzA

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …