Home / ALLOMALAR / “KICHIK HIDOYA” MUALLIFI UBAYDULLOH IBN MASʼUDNING HAYOTI

“KICHIK HIDOYA” MUALLIFI UBAYDULLOH IBN MASʼUDNING HAYOTI

Movarounnahrda Oʻrta asrlarga kelib buyuk muhaddis Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarining taʼsirida juda katta ilmiy muhit vujudga kelgan. Bu davrda fiqh yoʻnalishida ham bir qator ilmiy asarlar yozilgan. Narshaxiyning bildirishicha, birgina Buxoroda Oʻrta asrlarda yashagan ulamolarning roʻyxati tuzilsa, ikki daftar toʻlib ketishi mumkin ekan. Oʻrta Osiyo faqihlari oʻz ilmiy uslubi va yashagan davridagi sharoitga qarab islom huquqi, ayniqsa hanafiy mazhabining rivoji yoʻlida xizmat qilib, ulkan meros qoldirgan.

Oʻrta asrlarda Buxoro faqihlari usul, furuʼ va kalom ilmi boʻyicha keng qamrovli asarlar yozgan. Buxoroga Eron, Iroq va boshqa arab mamlakatlaridan talabalar kelib tahsil olgan. Yaʼni, hayotning ayrim murakkab savollariga oʻz yurtida javob topmagach shu yerga kelib kerakli ilmlarni oʻrganib ketgan.

Buxorolik alloma Sadrush sharia Ubaydulloh ibn Masʼud Mahbubiylar sulolasining buyuk vakili boʻladi. Allomaning toʻliq ismi Ubaydulloh ibn Masʼud Sadrush sharia asgʻor ibn Masʼud ibn Tojush sharia Mahmud ibn Jamoliddin Ubaydulloh Mahbubiy Buxoriydir. Katta Sadrush sharia, Tojush sharia va kichik Sadrush sharia kabi unvonlarning sohibi Ubaydulloh ibn Masʼud (vaf.747/1346) [1:369] va uning bobolari islom olamida nom qozongan allomalardan boʻlgan. Madrasalarda ulardan qolgan ilmiy meros hozirgacha talabalarga fiqh ilmidan darslik sifatida oʻqitiladi.

Manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, allomaning bobolari Kirmon shahrida vafot etgan. Ammo Ubaydulloh ibn Masʼudning qalbi doimo ona vatani Buxoroga talpinadi. Keyinchalik u Kirmondan oʻsha davrda Xurosonning yirik markazi boʻlgan Hirot shahriga keladi va ilmiy faoliyatini shu yerda davom ettiradi.

Imom Sadrush sharia Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriy (vaf.747/1346.) usulul fiqh, furuʼ al-fiqh, xilof, jadal, hadis, nahv, lugʻat, adabiyot, kalom, mantiq kabi ilmlarda peshqadam boʻlgan [8:419]. Allomaning taʼlim berishdagi oʻziga xos uslubi shunday boʻlganki, toliblar masalaning tub mohiyatini anglab yetishi uchun oʻta daqiqlik bilan ilgari hech kim payqamagan nozik nuqtasigacha tushuntirgan. U zotning fanga hassosligi tasnif etgan risola va sharhlarida ham yaqqol namoyon boʻladi.

Allomaning “Sharhul Viqoya” va uning qisqartirilgan shakldagi “Nuqoya” kitobi, “Tanqihul usul” va unga yozilgan “Tavzih” nomli sharhi katta eʼtibor qozongan va ilmiy ahamiyat kasb etgan.

Ubaydulloh ibn Masʼud moʻgʻullar Movarounnahrni bosib olib, talon-taroj va xarob qilgan davrda yashab ijod qilgan. 1219 yilda Chingizxon Buxoroni zabt etib, xarobaga aylantiradi. Ibn Battuta bu voqea haqida bunday yozadi: “Buxoro – muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning vatani. Bu shahar Chingiz vayron qilgan Jayhun (Amudaryo) ortidagi yurtlarning poytaxti edi. U yerdagi masjid, madrasa va bozorlarning aksariyati vayronaga aylandi. Aholisi esa nochor ahvolda qoldi…” [1:181].

Fiqh ilmida yuksak maqomdagi asarlar taʼlif etgan Sadrush sharialar silsilasini Buxoroning allomalari qatorida zikr etish mumkin. Zamonasining mashhur huquqshunos olimi Sadrush sharia – Ahmad ibn Jamoliddin Ubaydulloh Mahbubiy Buxoriy boʻlib, u XIII asrda yashab ijod etgan va muhim fiqhiy asarlar, jumladan, “Hidoya”ga yozilgan sharhlardan birining muallifi sifatida tanilgan. Uning oʻgʻli Tojush sharia unvoni bilan shuhrat qozongan Mahmud ibn Sardush sharia ham otasi singari islom huquqi boʻyicha hanafiy mazhabida unutilmas ilmiy asarlar qoldirgan. Tojush sharia nabirasi (Sadrush sharia soniy, yaʼni ikkinchi yoki kichik Sadrush sharia)ni islom huquqshunosligi ilmida yetuk qilib tarbiyalaydi. Fiqhiy ilmni uning qalbiga singdirish maqsadida Burhonuddin Margʻinoniyning shoh asari – “Hidoya”ning eng asosiy masalalarini qisqa jumlalarda tartiblaydi (boshqa bir manbada “ijodiy shaklda jamlab” deyilgan) va uni “Viqoyatur rivoya fi masoilil Hidoya” (“Hidoya masalalarida rivoyatlarni saqlash”) deb ataydi.

Asar “Hidoya”ning eng yaxshi va qulay qisqartmasi sifatida eʼtibor qozonib, asrlar davomida oʻqilib, sharhlanib kelgan va uni izohlash uchun koʻplab hoshiyalar yozilgan.

Kichik yoki ikkinchi Sadrush sharia unvoni bilan mashhur Ubaydulloh ibn Masʼud bu oilaning faxri va hanafiylar fiqhining soʻnmas yulduzidir. U bobosi Tojush sharianing tarbiyasida kamol topib, Sharq hikmati (falsafasi), kalom ilmi va tabiatga doir fanlarni oʻzlashtirib, fiqh ilmida buyuk alloma sifatida taniladi va hanafiy mazhabining atoqli va sermahsul olimlaridan biri boʻlib yetishadi. Ajdodlaridan qolgan ilmiy asarlarni jamlab, nafis yodgorliklarni toʻplash bilan shugʻullanadi va bobosi yozgan “Viqoyatur rivoya”ni arab tilida sharhlab, qayta tavzih etib, “Sharhul viqoya” kitobini yozadi. Bu asar hozirgacha madrasalarda darslik sifatida oʻqitib kelinayotgan muallifning boshqa bir kitobi “Muxtasarul viqoya”ning eng toʻliq va ishonchli sharhi hisoblanadi.

Ubaydulloh ibn Masʼudning fikri teran va soʻzi oʻtkir boʻlgani bois har qanday olim ham u bilan ilmiy bahs va munozara olib borishga jurʼat qila olmagan. U har bir masalaga sharʼiy dalillar va raddiyalarni kerakli oʻrinlarda daqiq tarzda yetkazib bera olgan. Toshkoʻprilizoda[1]dan hikoya qilinadi: “Alloma Qutbiddin Roziy Sadrush sharia bilan ilmiy munozara qilmoq istagida shogirdlaridan biri mavlono Muborakshohni u kishining huzuriga yuboradi. Sadrush sharia u vaqtda Hirotda edi. Muborakshoh allomani Ibn Sinoning “Ishorot” kitobidan talabalarga dars oʻtib turgan holida uchratadi. Muborakshoh dars jarayonida Sadrush sharianing kitob musannifi Ibn Sino va uning shorihi Muhammad Tusiyga ergashmay, kuchli va yorqin dalillar bilan raddiya berayotganini koʻrib aqli shoshadi va ustozi Qutbiddin Roziyga bunday maktub yoʻllaydi: “Bu kishi “norun vaqqodun”, yaʼni “yondiruvchi olov”dir. U kishi bilan munozara qilishingiz sizga malomat olib kelishi mumkin. Alloma oʻz fikri va ijtihodi ila ish koʻrar ekan…”. Shu bilan alloma Roziy shogirdining eʼtirofini qabul etib, maqsadidan qaytadi.

Abdulhay Laknaviy “Favoid” asarida: “Sadrush sharia tasnif etgan kitoblarning barchasi ulamolar nazdida maqbul, fuqaholar nazdida eʼtiborga sazovor”, deb eʼtirof etgan.

Ubaydulloh ibn Masʼud qalamiga mansub moʻtabar asarlar:

  1. “Tanqihul usul”. Hanafiylik usuli fiqhiga oid boʻlib, ahli ilm orasida “Tanqih” nomi bilan mashhur.
  2. “Tavzih alat Tanqih”. “Tanqih”ning matniga yozilgan sharh boʻlib, musannif unda boshqa usul kitoblarida uchramaydigan daqiq masalalarni yoritgan.
  3. “Muqaddamatul arbaʼ”. Bu ham “Tavzih” masalasini oʻz ichiga oladi va unda usulda mushkul sanalgan masalalar bayon etiladi.
  4. “Sharhul viqoya”. Hanafiy mazhabi fiqhining mufassal manbalaridan biri.
  5. “Muxtasarul viqoya”. Boshqa bir nomi “Niqoya” boʻlgan.
  6. “Shurut val mahozir”.
  7. “Taʼdilul ulum”.
  8. “Sharhul fusulil xomsiyn”.
  9. “Vihosh fil maoni val bayon”.
  10. “Arbaʼun hadis”.

U taʼlif etgan asarlar hanafiy mazhabida yozilgan boshqa yirik manbalardan tubdan farq qiladi. Yaʼni, musannifning asar taʼlif etishda oʻziga xos yoʻnalishi mavjud. Uning asarlarida bildirilgan tanqidiy fikrlar asosli va ishonarli tarzda, oʻquvchi fahmiga tez yetib boradigan uslublar bilan bayon qilingan. Shuning uchun ham Buxoro madrasalarida Sadrush sharianing asarlari asosiy darslik sifatida qunt bilan oʻqitilgan. Hozir ham yurtimizdagi madrasalarning taʼlim dasturi fiqh fani boʻyicha allomaning “Muxtasarul viqoya” asari asosida shakllantirilgan.

Aytib oʻtish joizki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining manbalar xazinasi fondida movarounnahrlik allomalarning qalamiga mansub koʻplab asarlarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda. Jumladan, Ubaydulloh ibn Masʼud qalamiga mansub bir nechta asar mavjud boʻlib, “Sharhul viqoya”ning arab va fors tilidagi qoʻlyozma nusxalari fondning № inv. MR 2 (Arab-fors), № inv. MR 53 (Arab), № inv. MR 225 (Arab), № inv. MR 110 (Arab), № inv. MR 9 (Arab) tartib raqami ostida saqlanmoqda [8].

Ayni paytda Markaz fondidagi kitob qoʻlyozmalarining orasida № inv. MR 110 (Arab) raqami ostida saqlanayotgan “Sharhul viqoya” asarining Tahorat kitobi tarjima qilindi.

Markazning № inv. MR 110 raqami ostida saqlanayotgan “Sharhul viqoya” qoʻlyozma asari arab tilida, nastaʼliq xatida yozilgan. 1288/1871 yil oktyabrda xattot Mullajon Muhammad ibn Erkaboy ibn Xoʻja Pardaboy koʻchirgan.

Ubaydulloh ibn Masʼud “Muxtasar”dan tashqari, Abu Hanifa mazhabiga tayanib usulul fiqh, furuʼul fiqh sohasida turli asarlarga sharhlar yozgani uchun tadqiqotchilar uning ismiga “faqihun hanafiyun” (hanafiy fiqhining olimi yo hanafiy mazhabidagi huquqshunos olim) soʻzlarini qoʻshib yozgan [3]. Ayniqsa, “Muxtasarul viqoya” asarining turli tilda yozilgan sharh va tarjimalari Abu Hanifa mazhabi asosida yuzaga kelgan Movarounnahr huquqshunosligining rivojiga katta hissa qoʻshdi. Bu asar “Hidoya”ning magʻzini qamrab olgani uchun “Kichik Hidoya” nomi bilan eʼtibor qozondi.

Millatimizning yetuk fiqhiy olimi, avlodlarga munosib meros qoldirgan Ubaydulloh ibn Masʼud 1346 (hijriy – 747) yili bu foniy dunyodan koʻz yumdi. Alloma va undan keyingi barcha avlodlarining qabri Buxoroning Sherobod mavzesida joylashgan [2:132].

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Abdulqodir ibn Muhammad Qurashiy. Javohirul maziya fi taboqotil hanafiya. 2008 y. – J. 4.
  2. Abu Hasanot Muhammad Abdulhay Kanaviy. Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya. Imperator. – Qozon 1903.
  3. Mualliflar jamoasi. Mavsua. Doiratul Maʼorif; 2007.
  4. Saloh Muhammad. Sharhul viqoya va maahu muntaho an-niqoya ala sharhil Viqoya. Muassasatul varroq. – Iordaniya. 2006 y. – J. 1.
  5. Taqyiddin Abu Bakr ibn Husayniy. Kitob aʼlomil axyor fi halli gʻoyatil ixtisor. 2012 y.
  6. Umar Rizo Kahhola. Moʻjamul muallifin. Bayrut. Maktabatul musanna. 2008. – J .6.
  7. Ubaydulloh ibn Masʼud. Muxtasarul viqoya. – T.: Choʻlpon. 1994.
  8. “Sharhul viqoya” asarining qoʻlyozma nusxasi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi fondida № inv. MR 110 (arab) raqami ostida saqlanmoqda. 1871 yil oktyabr. Xattot: Mullajon Muhammad ibn Erkaboy ibn Xoʻja Pardaboy.
  9. Hoji Xalifa. Kashfuz zunun; 2008.
[1] U zotning asl ismi Ahmad ibn Mustafo Abulxayr Isomiddin (901 968 h)dir. U “Shaqoiqun noʻmaniyya fi ulamaid davlatil usmaniyya”, “Miftohus saoda va Misbahus sayada” va “Havashiy alal Bayzaviy” nomli asarlar yozgan (“Miftohus saoda”; J. – 2; B. – 170-241).
Abduvohid OʻROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAVLONO YUSUF – BOBUR MIRZONING XOS TABIBI

Mavlono Yusuf Xurosonning Hirot yaqinidagi Havof (Haf) shahrida tabib oilasida tugʻilgan. Toʻliq ismi – Yusuf …