Home / YANGILIKLAR / “IMOM BUXORIY” ORDЕNI TAʼSIS ETILISHI BARCHAMIZGA YANGICHA RAGʻBAT BЕRADI

“IMOM BUXORIY” ORDЕNI TAʼSIS ETILISHI BARCHAMIZGA YANGICHA RAGʻBAT BЕRADI

Maʼlumki, keyingi yillarda yurtimizda shu muqaddas zaminda yashab ijod etgan, ilm-fan va madaniyat hamda islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish, ularni xalqaro maydonda keng targʻib qilishga har qachongidan ham koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Bunga misol sifatida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilgani hamda Sheroboddagi Abu Iso Muhammad Termiziy va Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohlari hamda boshqa qadamjolarda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilganligini keltirish mumkin.

15 avgustda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonun ushbu ezgu saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Aytish joizki, keyingi yillarda bu yoʻnalishda mamlakatimizda salmoqli ishlar roʻyobga chiqarildi. Shu maʼnoda, yurtimizdagi ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma hamda mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosini oʻrganish hamda xalqaro maydonda targʻib qilishda katta yutuqqa erishgan olim va tadqiqotchilarni ragʻbatlantirish, taʼbir joiz boʻlsa, taqdirlashni yoʻlga qoʻyishni davrning oʻzi taqozo etayotgandi. Shu sababli ham Oliy Majlis Senatining oʻttiz birinchi yalpi majlisida ushbu qonun bir ovozdan maʼqullandi.

Islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy ilmiy merosi barchamiz uchun ibrat va namuna maktabidir. U oʻz hayoti davomida mashaqqatli ilm yoʻlini bosib, insoniyat tarixida chuqur iz qoldirdi. Olim tomonidan yaratilgan ishonchli hadislar toʻplami islom olamida muqaddas Qurʼoni karimdan keyingi manbadir. Buyuk bobomizning tadqiqot uslublari halollik va poklik ramzi boʻlib, oʻzidan keyingi barcha ilm ahli uchun bebaho mayoq sifatida xizmat qilmoqda.

Imom Buxoriydek moʻtabar insonni dunyoga keltirgan va tarbiyalagan ona zoti naqadar ulugʻligini u kishining volidasi timsolida koʻrishimiz mumkin. Alloma oʻz kitobini tugatib, onasidan duo qilishni soʻraydi. Ona esa “Ilohim, bu asar qiyomatgacha bardavom boʻlsin!” deb duo qiladi…

“Imom Buxoriy” nomidagi ordenning taʼsis etilishi mamlakatimiz tarixidagi muhim voqealardan, desak, aslo mubolagʻa emas. Oliy darajadagi “Imom Buxoriy” ordeni bilan diniy-ijtimoiy sohadagi rahbar va yetuk ulamolar, olimlar, pedagog va ilmiy tadqiqotchilar, xorijiy davlat va hukumatlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxona, konsullik muassasasi va ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda vakillari, xorijiy olimlar, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari mukofotlanadi.

“Imom Buxoriy” ordenining taʼsis etilishi barcha yurtdoshlarimizga faxr-iftixor bagʻishlashdan tashqari, shu sohada mehnat qilayotgan fidoyi olim va tadqiqotchilar, rahbarlar, parlamentlar vakillari, umuman, barcha-barchamizga yangicha ragʻbat berishi, shubhasiz.

Abira XUSЕYNOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 16 avgust, №176(8238)

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …