Home / MAQOLALAR / “KICHIK TIB QONUNI” ASARI HAQIDA

“KICHIK TIB QONUNI” ASARI HAQIDA

“Kichik tib qonuni” uslubining qisqaligi va mazmunan boyligi bilan Oʻrta asrlarda oddiy aholi va amaliyotchi tabiblarga undan har tomonlama keng foydalanishi uchun imkon yaratgan. Amaldorlar bu asarni vaqf muhri bilan tasdiqlab, shaxsiy kutubxonasida saqlagan. Asarning hududlarga tarqalib, turli davrlarda kotiblar tomonidan koʻchirilgani, bu asarga ehtiyoj juda yuqori boʻlganini koʻrsatadi.

Tib ilmining nazariy va amaliy qoidalari qisqa va ixcham shaklda bayon qilingan arab tilidagi bu asar Ibn Sinoga nisbat beriladi.. Kitob muqaddimasida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, asar tabobat ilmining qoidalarini oʻzida muxtasar jamlagan, har bir ziyoli kishi bilishi kerak boʻlgan va ommabop boʻlishi uchun tushunarli soʻzlar bilan yozilgan qoʻllanma hisoblanadi [1:1]. Tadqiqot ishlari asarning muxtasarligidan tashqari, tib ilmidan xabari yoʻq kishilarga ham moʻljallab yozilganini koʻrsatdi.

Bu maqoladan asosiy maqsad “Kichik tib qonuni” asarini ilmiy jamoatchilikka tanishtirish uchun asar va uning qoʻlyozmalari haqida maʼlumot berishdan iborat.

Aytish joizki, Oʻrta asr musulmon Sharqi tabobati tarixida tabiblikdan xabari yoʻq oddiy kishilarga ham tibbiy asarlar yozish anʼanasi mavjud boʻlib, bu turdagi asarlarda uy sharoitida davolash mumkin boʻlgan kasalliklar, ularning sabab va belgilari, davolash usullari haqida, shuningdek, tabib kelgunicha koʻrsatiladigan birinchi yordam choralari aytib oʻtiladi. Masalan, Abu Bakr Roziy (865-925)ning “Man la yahduruhu at-tabib av tabibuka qabla vusulika at-tabib” (“Uyiga tabib kelmagan kishi uchun yoki tabib kelgunicha sening tabibing”) nomli risolasini ham shu turdagi asarlar jumlasiga kiritish mumkin. Roziy bu asarida oddiy xalqqa koʻproq foydali boʻlishi uchun kasallikni ovqat bilan va zarur boʻlganda oson topiladigan, arzon dorilar bilan davolash usullarini koʻrsatgan [2:9].

Bu asar qoʻlyozmalarining keng tarqalgani tarixda bu asarga eʼtibor yuqori boʻlganini koʻrsatadi. Hozirda uning Turkiyada 6ta, Misrda 2ta, Ispaniyada 2ta qoʻlyozmasi borligi aniqlandi.

Biz asarning qoʻlyozmalari haqidagi kodikologik maʼlumotlarni quyida, jadval shaklida keltirdik.

 

    Asar nomi

     Muallifi

 Kotibi

Qoʻlyozma koʻchiril-

gan sana

 Koʻchiril-gan joyi

   Xat turi

 Saqlanadigan

  joyi

Hajmi

(varaq)

1

Al-qonun al-asgʻar (sagʻir) (Eng kichik qonun)

 

Abu Ali ibn Sino

ash-Shirvo-niy

 

670/1271

 

Marogʻa

 

Nasx

Sulaymoniya kutubxonasi, Rais ul- kuttab kolleksiyasi (Turkiya), № 000103

 

30

2

Al-qonun as-sagʻir (Kichik qonun)

  Abu Ali ibn Sino

VIII/XI  asr

 

 

   Qadimiy andalusiy

Qohiradagi arab qoʻlyozmalari instituti (Misr)

 

20

3

Al-qonun as-sagʻir (Kichik tib qonuni)

  Abu Ali ibn Sino

  

1333 (taxmi-nan oʻqildi)

 

 

Magʻribiy

Eskurial Manuscrito Arabe Codico (Ispaniya), № 873

 

10

4

Al-qonun as-sagʻir (Kichik tib qonuni)

 

Abu Ali ibn Sino

 

 

1388

 

 

Magʻribiy

Eskurial Manuscrito Arabe Codico (Ispaniya), № 868

 

20

5

 Kitobun fihi Muxtasar al-Qonun va yuʼraf bi al-Qonun as-sagʻir (Kichik tib qonuni )

 

Abu Ali ibn Sino

Muham-mad ibn Ahmad ibn Muham-mad ibn Yusuf ash-Shanduvayliy

 

793/1390-91

 

Ash-Shanduvayl (Marogʻaga qarashli qishloq)

 

Nasx

 

Boyazid kutubxonasi (Turkiya), № 04123

 

64

6

Kitob al-qonun as-sagʻir fi-t-tibb

 

Abu Ali ibn Sino

 

 

983/1576

 

Nasx

Sulaymoniya kutubxonasi, Fotih kolleksiyasi. (Turkiya), № 03593

 

46

7

Al-qonun as-sagʻir (Kichik tib qonuni)

 

Abu Ali ibn Sino

 

 

 

 

Nasx

Isparta kutubxonasi, (Turkiya), № 1955

 

46

8

Al-qonun as-sagʻir (Kichik tib qonuni)

 

Abu Ali ibn Sino

 

Abdulvahhob ibn Ibrohim

 

 

Tirablus (Tripoli)

 

 

Nasx

Boyazid kutubxonasi Valiyuddin Efendi kolleksiyasi.

(Turkiya), № 02529

 

53

9

Muxtasar          al-qonun

(Qonun qisqartmasi)

 

Abu Ali ibn Sino

 

 

 

 

Qadimiy andalusiy

Qohiradagi arab qoʻlyozmalari instituti (Misr)

 

40

10

Muxtasar fi usuli-t- tibb (Tib amaliyoti boʻyicha qisqartma)

 

Abu Ali ibn Sino

 

 

 

 

Nasx

 

Sulaymoniya qoʻlyozma asarlar kutubxonasi.Aya-sofiya kolleksiyasi. (Turkiya), № 03642

 

23

 

Biz bu maqolada foydalangan nusxa* (jadvaldagi № 8) 53 varaqdan iborat (1b-53a). Qoʻlyozmaning 1a varagʻida asarning nomi, muallifning ismi va kotib tomonidan quyidagi jumlalar yozilgan:

ArabchasiKatabahu linafsihi al-ʻabdul faqir ilallohi taʻala al-moʻtarif bizanbihi ar-rojii afva robbihi val-masamahihi yavmal hisab ash-shayx Abdulvahhab al-vasiqu bir-rabbir-Rauf ash-shahir bi ibni Xaruf as-Saltiy baladan,at-Tirablus sakanan, ash-Shafiʼiy mazhaban.

 Va in tajid ayban fasudda al-xalala, jalla man la ayba fiyhi va aʼla. Rahimallohu man takallama fagʻanima av sakata fasallama.

Tarjimasi: Bu [kitob]ni Alloh taoloning faqir bandasi, gunohlarini tan oluvchi, Hisob kunida Rabbisi avfu magʻfiratidan umidvor, ar-Rauf Rabbisiga ishonuvchi, ibni Xaruf [nomi] bilan mashhur, shahari Salt[1], yashash joyi Tarablus[2] , Shofeiy mazhabli Shayx Abdulvahhob, oʻzi uchun koʻchirgan.

Agar xato va kamchiligini topsangiz, bekiting.

Kamchiligi boʻlmagan kishi buyuk va ulugʻ boʻldi[3].

[Yaxshi]soʻzni soʻzlab, foyda olgan yoki sukut qilib, omonda qolgan [bandani]Alloh rahmatiga olsin[4].

Yuqoridagi abzas ayrim qoʻshimchalar bilan asar oxirida qayta takrorlangan.

Asarda Allohga hamd va Muhammad (S.A.V.)ga salavot (1b varaq)dan keyin muqaddima (1b – 2varaqlar ) va kitob mundarijasi (2a -4a varaqlar) berilgan. Asardagi mavzular 10ta maqolaga va 105 bobga ajratilgan. Asosiy matn 4a varaqdan boshlanadi. Qoʻlyozmaning 1b, 16b, 30b, 53b varaqlarida turkiyalik shayxulislom Valiyuddin Efendi (1684 -1768)ning vaqf muhri bosilgan. Muhr matni quyidagicha:

Arabchasi: Vaqfu shayxul islam Valiyuddin Efendi ibn al-marhum al-haj Mustafo Ogʻo ibn al-marhum al-haj Husayn Ogʻo, sanat: 1175/1761-62.

Tarjimasi: Shayxulislom Valiyuddin Efendi ibn marhum hoji Mustafo Ogʻo ibn marhum hoji Husayn Ogʻo vaqfi, sanasi: 1175/1761-62.

Kichik tib qonunining birinchi maqolasi (4a-17a varaqlar) yetti bobdan iborat. Ularda insonning ona qornida shakllanishi, tana tuzilishi, tib ilmining qismlari, tomir urishi va siydikdan dalil olish va tanani chiqindidan tozalash haqida soʻz boradi. Bu maqolada homilaning ona qornida shakllanish bosqichlari batafsil yoritilgan. Muallif bunda qadimgi yunon tabiblarining fikriga ergashgan. Masalan, “otilib chiquvchi suv (maniy) bachadonga joylashsa, maniy sogʻlom, kuchli, buzilmagan va zaif boʻlmasa, shuningdek, bachadon sogʻlom boʻlib unda illat boʻlmasa, Allohning izni bilan undan homila paydo boʻladi”[5].

Ikkinchi maqola (17a– 24a varaqlar) ovqat va ichimliklar, kiyimlar va ularning quvvati haqida boʻlib, yigirma bobdan iborat. Don, goʻsht, baliq turlari va quvvati, sut mahsulotlari, koʻkatlar, sabzavotlar, hoʻl va quruq mevalar, oʻsimlik yogʻi, xushboʻy oʻsimliklar, xushboʻy narsalar, oʻsimlik va hayvon terisidan tayyorlanadigan kiyimlar, ziravorlar, sirka, boʻza, tuzlama va nordonliklar, suv, qor, muz, sharobning turlari, sharbatlar, qiyomli murabbolar, qaynatma va qovurmalar, shuningdek, shirinliklar haqida maʼlumotlar keltirilgan[6].

Uchinchi maqola (24a-28a varaqlar) oʻn bobdan iborat. Sogʻlikni saqlash, homiladorlik tadbiri va bola tarbiyasiga bagʻishlangan. Muallif salomatlikni saqlashda birinchi navbatda badanni kuchaytiruvchi mashqlarni bajarish; hammomda choʻmilish; toʻgʻri ovqatlanish; suv ichish tartibiga rioya qilish; meʼyoriy uyqu va uygʻoqlik; normal jinsiy aloqada boʻlish va ruhiy holatlarga eʼtibor berishni kiritadi. Keyingi boblarda homilador va emizikli ayol, balogʻat yoshiga yetmagan bola va oʻn toʻrt yoshdan katta boʻlgan kishilarning tadbirlari bayon qilinadi.

Muallif ruhiy holatlar deganda xursandlik, gʻam, xijolat boʻlish, qoʻrquv, gʻazab va hasadni nazarda tutgan. Jumladan, u shunday deydi: Oʻrtacha xursandchilik ruhga quvvat beradi, gʻam ruhni kuchsizlantiradi va tanani zaiflashtiradi. Xijolat boʻlish birinchi navbatda badandagi haroratni oshiradi, hattoki badan undan terlashi mumkin. Qoʻrquv – umid va umidsizlikdan kelib chiquvchi holat. Baʼzida tanadagi haroratni oshiradi, baʼzida uni badanning tubiga toʻplaydi. Gʻazab esa tanadagi issiqlikni istalmagan holatda ortiq darajada oshiradi[7].

Toʻrtinchi maqola (28a-36a varaqlar) oʻn sakkizta bobni qamrab olgan. Muallif tanadagi kasalliklarning alomatlari, tashxis qilish usullari va davolash choralarini oldin oʻtgan tabiblar usuliga muvofiq yuqori aʼzolardan pastki aʼzolarga qarab bayon qilgan. Yaʼni, boshdan koʻkrak sohasigacha. Bosh ogʻrigʻi, shaqiqa, bosh aylanishi, meningit, molixuliyo, tutqanoq, ishq kasalligi, sakta, falaj, yuz falaji, uvishish, qaltirash, tashannuj (tirishish), tumov, ramad (koʻz yalligʻlanishi), koʻrishning zaifligi, koʻzdan yosh oqishi, quloq ogʻriqlari, burun ogʻriqlari va undan qon oqishi, labning yorilishi, tish va milklar ogʻrigʻi, ogʻiz va tishdagi chaqalar, tishlarga jilo berish, ogʻizdagi yomon hidlarni yoʻqotish, tilcha, bodomsimon bez va tomoq yalligʻlanishi va tomoqqa tiqilib qolgan zuluk haqida[8].

Beshinchi maqola (36a-37varaqlar) tomoq kasalliklariga bagʻishlangan. Toʻrt bobdan iborat. Yoʻtal, nazla, zotiljam, rabu (bronxial astma), xafaqon va qon tuflash kasalliklari, ularga tashxis qoʻyish va davolash usullari qisqacha bayon qilingan[9].

Oltinchi maqola (37b-45b varaqlar) qorin sohasida paydo boʻluvchi kasalliklar: Meʼda zaifligi, koʻngil aynishi, qorindagi oʻtkir ogʻriqlar, hiqichoq, hayza (diareya), zahir (toʻgʻri ichak buralishi), qulanj, qorinda paydo boʻluvchi qurtlar, jigar va taloq ogʻriqlari, yaraqon va buyrak, qovuq, maqʼad kasalliklariga doir. Bu maqola oʻn toʻrt bobga boʻlingan.

Yettinchi maqola (46a-47a varaqlar) olti bobdan iborat. Tanosil aʼzolari, olat kasalliklari, maziy va vadiyning chiqishi, moyak kasalliklari, dabbalik, bachadon kasalliklari va boh haqida.

Sakkizinchi maqola (47a-47b varaqlar) bir bobdan iborat boʻlib, niqris (podagra), quymich asabi va boʻgʻin ogʻriqlarini tashxislash va davolashga bagʻishlangan.

Toʻqqizinchi maqolada (47b-51a varaqlar) soch kasalliklari, yuzni dogʻ va husnbuzarlardan tozalash, qubo (psoriaz), saʼfa (yaralik toshma), bahaq (vitiligo), qichima, chechak, qizamiq, eshakemi, temiratki, soʻgal, chipqonlar, tirnoq atrofida paydo boʻluvchi shishlar, toʻpiq va barmoq atrofidagi yoriqlar, olovdan kuyish, zaharlanish, tomirdan qon olish, hijomat, surgi qilish, huqna va qustirish kabi mavzular oʻn olti bobda bayon qilinadi.

Oʻninchi maqola (51b-53a varaqlar) yetti bobdan iborat boʻlib, isitmaga doir. Bir kunlik isitma, balgʻam xiltidan paydo boʻluvchi har kunlik isitma, safro xiltidan paydo boʻluvchi kunora tutadigan isitma, savdo xiltidan kelib chiquvchi bir yoki ikki kunlik isitma, qon xiltidan paydo boʻlib, butun badanni qoplab oluvchi isitma, murakkab isitmalar va diqqiy (uruvchi) isitmalar bayon qilinadi.

Asar sodda va ravon tilda yozilgan boʻlib, muallif bir aytilgan fikrni qayta-qayta takrorlamaydi va mavzuni qisqa tushuntiradi. Agar bir kasallikni davolash usullari boshqasiga oʻxshash boʻlsa, u sifatlar haqida aytilganlarni qayta takrorlamay, oʻquvchiga oʻsha avvalgi aytilganlarga murojaat qilishni taklif qiladi. Masalan, yaraqon kasalligidagi xilt buzilishidan tanada paydo boʻladigan isitmani davolash sariq kasalligini davolash bilan bir xil ekanini aytadi.[10]

Bu asar ommabop tibbiy asar boʻlibgina qolmasdan, til tarixini oʻrganishda ham muhim ahamiyatga ega. Oʻrta asrlarda dorishunoslik ilmi tabobat ilmining eng yuqori qismi hisoblanib, u bilan shugʻullanuvchi kishi barcha tibbiy fanlardan tashqari qoʻshimcha ravishda dorivor oʻsimliklar tarqalgan yerlarni ham bilishi kerak boʻlgan. Bunga sabab shu oʻsimliklar taʼsirining ular oʻsgan joyga bogʻliqligidir. Masalan, halilaji qobuliy (Qobul halilasi), Rum karami (القنبيط), va Hind udi(العود الهندي).

Risola xilma-xil tibbiy terminlarga juda boy boʻlib, ularni koʻpchiligi klassik arab tilining lugʻat fondiga oid. Unda yunon, fors va boshqa tillardan kirgan soʻzlar ham uchraydi. Masalan, yunoncha tibbiy termin “maniya” (مانيا), melanxoliya (ماليخوليا) va bir qancha forscha dorivor oʻsimliklarning nomi, jumladan, “nargiz” (نرجس), “binafsha” (البنفسج), “nilufar” (النيلوفر) va boshqalar.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻn maqola va 105 bobdan iborat bu asar oʻzining qisqa va mazmunan boyligi bilan Oʻrta asrlarda oddiy oʻquvchi va amaliyotchi tabiblar tomonidan keng foydalanib kelingan. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abu Bakr ar-Roziy. “Man la yahduruhu at-tabib av tabibuka qabla vusulika at-tabib”./ Nashrga tayyorlovchi: Muhammad Amin Zannoviy. Dorul kutub al-ilmiyya. Bayrut – Livan.
  2. Kadircan Keskinbora. İbn Sinaʻnın Küçük Tıp Kanunu. Bahçeşehir üniversitesi yayınları. 2013, 2015. Sayfa – 282.
  3. Muhammadjon Hakimov. Sharq manbashunosligi lugʻati. –T., DAVR PRESS NMU 2013.
  4. Qosimjon Sodiqov. Matnshunoslik va manbashunoslik asoslari. –T., – 2017.
* Iqtiboslar turkiyalik olim Qodirjon Keskinbora tomonidan 2015 yilda Sulaymoniya kutubxonasi, Valiyuddin Efendi kolleksiyasi 2529 raqamdagi qoʻlyozma asosida Istanbulda nashr qilingan faksimile nusxasidan olindi.
[1] Hozirgi Iordaniya Hoshimiylar qirolligi poytaxti Ammon shahridan  gʻarbda joylashgan shahar.
https://ar.wikipedia.org/wiki/%D8%A7%D9%84%D8%B3%D9%84%D8%B7
[2] Tripoli –  Liviya poytaxti.
[3] Bu ikkilik arab shoiri va tilshunosi Abu Muhammad ibn al- Vosim al- Basriy al- Haririy (1054/1122) ning “Milhat-al-iʼrob ” asarida kelgan.
[4] Bu jumla Muhammad (s.a.v.) ning “Rahimallohu abdan takallama fagʻanima av sakata salima” hadislari boʻlib, qoʻlyozma matnida “abd” (banda) soʻzi tushib qolgan.
[5] Oʻsha manba. B.4b- 5a.
[6] Oʻsha manba. B. 7b-24a.
[7] Oʻsha manba. B. 26b
[8] Oʻsha manba. B. 28a-35b
[9] Oʻsha manba. B.36– 37b.
[10] Oʻsha manba. B. 43b
Faxriddin IBRAGIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti
ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …