Home / MAQOLALAR / AMIR TЕMURNING AVLIYOLAR VA DIN PЕSHVOLARINING MAQBARALARIGA VAQF MULKI AJRATISHIGA OID BAʼZI MAʼLUMOTLAR (“TЕMUR TUZUKLARI” MISOLIDA)

AMIR TЕMURNING AVLIYOLAR VA DIN PЕSHVOLARINING MAQBARALARIGA VAQF MULKI AJRATISHIGA OID BAʼZI MAʼLUMOTLAR (“TЕMUR TUZUKLARI” MISOLIDA)

Yurtimizda, umuman islom dunyosida vaqf mulki yer egaligining muhim bir turi hisoblanib kelgan. Vaqf siyosati esa musulmon davlatlarining qishloq xoʻjaligi va diniy siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlgan.

“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”da vaqfga shunday taʼrif beriladi: “Vaqf (arab.) — musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk. Vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy joy, maktab, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki boʻlishi mumkin. Oʻz mulkini vaqfga topshirgan shaxs bu mulkka nisbatan egalik huquqini yoʻqotadi. Lekin uning oʻzi yoki oila aʼzolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi mumkin. Oʻz mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshqa avlodlari bu vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishi mumkin. Vaqf mulkini shariat qonuni boʻyicha davlat boshligʻi yoki qozi nazorat qiladi. Bu tartib Sharqning baʼzi mamlakatlarida hozir ham amalda [1:79]”.

Vaqfnoma – mulk egalarining oʻz mol-mulklarini diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun bergani toʻgʻrisidagi hujjat. Vafqnomada mulkning vaqfga oʻtkazilishining sababi, mulk egasining nomi, vaqf mulkidan foydalanish tartibi, vaqf qilingan mulkning boshqaruvchisi va guvohlar koʻrsatiladi. Vaqfga guvohlarning shahodati va qozining tasdigʻi kerak boʻladi [1].

Amir Temur davrida ham qishloq xoʻjaligining keng tarqalgan turi bu vaqf mulki edi. Sohibqiron sayyidlar, avliyolar va din peshvolarini moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirib turgan. Ular vafot etgach qabri va maqbarasini obod qilgan. Xususan, u Turkistondagi Ahmad Yassaviy va uning otasi Ibrohim ota, onasi Qorasoch ona, ustozi Arslonbob ota, Samarqanddagi Qusam ibn Abbos, Ruhobod, Toshkentdagi Zangi ota, shayx Zayniddin bobo, Shayxontohur bobo, Suzuk ota va boshqa aziz-avliyolarning qabri va maqbarasini obod qilgan va muhtasham qurilishlar olib borgan va albatta u yerlarning taʼminoti uchun vaqf ajratgan. Shuningdek, Amir Temur mamlakatdagi madrasa va xonaqohlarning taʼminoti uchun ham vaqf ajratgan.

Vaqf mulki haqida “Temur tuzuklari”da talaygina maʼlumotlar bor. Unda “Sayyidlar, ulamo, mashoyix, fuzalo, akobir va ulugʻlarni aziz tutsinlar… Avliyolar, din peshvolarining mozorlari va maqbaralariga vaqfdan mablagʻ ajratsinlar. U yerlarni palos, taom va chiroq bilan taʼminlasinlar [2:162]”, deyilgan.

Davlat vaqflarda ishning tartib-qoida bilan olib borilishini nazoratga olgan. Bu haqda “Tuzuklar”da “Amr qildimki, sadrlar sadri sayyidlar va boshqa arboblarga suyurgʻol tariqasida berilgan yerlar va vaqflarning ahvolini, ular vazifalarini qay darajada ado etayotganini tekshirib, menga arz qilib tursin”, deya taʼkidlangan.

Amir Temurning saltanatida nafaqat Movarounnahrda, balki Eron, Suriya, Iroq va boshqa hududlarda ham vaqf mulki koʻp boʻlgan.

“Temur tuzuklari”da “Birinchi navbatda amir al-moʻminin, mard kishilar shohi Ali ibn Abu Tolib [3:24]ning unga Allohning karami va ehsoni boʻlsin, muqaddas qabrlarini yaxshi saqlash uchun Najaf bilan Hillani vaqf etib bersinlar [2:162]”, deyiladi.

Rivoyatlarga koʻra, Ali ibn Abu Tolib Kufada qazo qilgach, uning jasadini maxfiy tutishni joiz deb bilishadi va jasadni tuyaga ortib shahar tashqarisiga chiqarib uning qayerda choʻkishini kuzatishadi. Tuya hozirgi Najaf shahri oʻrnida toʻxtaydi va Ali ibn Abu Tolib shu yerga dafn etiladi. Oʻn yillar davomida uning qabri sir saqlanadi. Bir kuni Xorun ar-Rashid [4] ov qilayotib bu sirli qabrga duch keladi va atrofda yashayotgan odamlardan u haqda surishtiradi. Maʼlum boʻlishicha, mana shu qabr Ali ibn Abu Tolibga tegishli ekan. Xorun ar-Rashid bu yerda katta maqbara qurdiradi. Maqbaraning atrofida aholi soni oshib Najaf shahri shakllanadi. Amir Temur Iroqdagi Najaf va Xilla hududlaridan kelgan daromadlarni Ali ibn Abu Tolib maqbarasining xarajatlari va xizmatchilarining maoshlari uchun ajratish haqida farmon bergan [2:162].

“Temur tuzuklari”da “Imom Husaynning [5] Alloh undan rozi boʻlsin nurga choʻmgan muqaddas mozori, avliyolar ulugʻi shayx Abdulqodir Jiloniyning muqaddas qabri, imomi Aʼzam Abu Hanifaning unga Allohning rahmati boʻlsin maqbarasini, Bagʻdodda nurga choʻmgan boshqa mashoyixlar, din peshvolari, ulugʻlarning mozorlarini yaxshi saqlash uchun baholi qudrat Karbalo, Bagʻdod va ularning atrofidagi qishloqlar va boshqa joylardan vaqf sifatida yer-suv ajratsinlar [2:163]”, deyiladi.

Imom Muso Kozim (Shialarning yettinchi imomi. 799 yilda vafot etgan), imom Muhammad Naqiy (Shialarning oʻninchi imomi), Salmon Forsiy (Muhammad (S.A.V.)ning fors sahobasi. 655 yilda vafot etgan)ning ravzalari uchun esa Jazoirning ekin maydonlaridan va Madoin (Jazoir (Birligi – Jazira) – Iroqning shimoli) daromadidan vaqf belgilangan. Imom Ali ibn Musoning (Shialarning sakkizinchi imomi. 821 yilda vafot etgan) tabarruk ravzalari uchun Kutahbast va Tus shahri atrofidagi yerlardan vaqf ajratilgan. Ularga palos, chiroq ajratilgan va xizmatchilarga kundalik ehtiyoj mahsulotlari va oziq-ovqat berib turilgan.

Shuningdek, Eron va Turondagi shayxlarning mozorlari va qabrlari uchun har biriga alohida, nomma-nom nazru vaqflar ajratilgan [2]. “Temur tuzuklari”dagi maʼlumotlardan vaqf mulki Amir Temur davrida eng katta yer egaligi turi boʻlganini anglash mumkin. Amir Temur va temuriylar davridagi vaqf mulki alohida tadqiqotlarda oʻrganilishi kerak deb hisoblaymiz. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. V harfi “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, –T., 2001.
  2. Temur tuzuklari. / A.Temur. – T.: Yoshlar nashriyot uyi, 2018.
  3. As-Sallyabi, ʻAli Muxammad S.ʻAli ibn Abu Talib. Chetvyortыy pravednыy xalif / Per. S arab., prim., komm. Ye.Sorokoumovoy. –M.: Umma, 2013. –Chast teksta paral. rus, ar. – (Istoriya Xalifata).
  4. https://qomus.info/encyclopedia/cat-h/horun-ar-rashid-uz// Horun ar-Rashid (763 yoxud 766809.24.3) – abbosiylar sulolasidan boʻlgan xalifa (786 yildan). Eron zodagonlari manfaatini ifoda etuvchi barmakiylar xonadonidan chiqqan vazirlar yordamida hokimiyatni idora qilgan, 803 yil barmakiylarni qirgʻin qilgach, davlatni yakka oʻzi boshqargan. Horun ar-Rashid davrida mamlakatda qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik, savdo va madaniyat (asosan, adabiyot) ancha rivojlangan. Lekin shu bilan birga davlatning tanazzulga yuz tutganining belgilari ham namoyon boʻla boshlagan (Daylam, Suriya va boshqa viloyatlardagi qoʻzgʻolonlar). Horun ar-Rashid Vizantiya bilan oʻtmishdoshlari boshlagan urushni davom ettirgan. Horun ar-Rashid shaxsi haqida koʻplab rivoyatlar, badiiy asarlar yaratilgan. «Ming bir kecha» ertaklarida u olijanob, adolatli hukmdor sifatida tasvirlangan. U Movarounnahrdagi Rofi ibn Lays qoʻzgʻolonini bostirish uchun harbiy safarga chiqqanida vafot etgan.
  5. A.A.Ali-zade. Xuseyn ibn Ali // Islamskiy ensiklopedicheskiy slovar. –M. : Ansar, 2007. – S. 882. –ISBN 978-5-98443-025-8. (CC BY-SA0).
Akbar DAMINOV,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi
chorvachilik va biotexnologiya universiteti
“Gumanitar fanlar, madaniyat va jismoniy tarbiya” kafedrasi
katta oʻqituvchisi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …