Home / MAQOLALAR / SADRIDDIN AYNIY TADQIQOTIDA BUXOROLIK ADIBLAR

SADRIDDIN AYNIY TADQIQOTIDA BUXOROLIK ADIBLAR

Oʻrta Osiyoning oʻtmishi, madaniyati, oʻzbek va tojik xalqlari adabiyotining tarixi, bu qardosh xalqlarning klassik shoirlari, tazkiranavislari, adiblari va maʼrifatparvar olimlari toʻgʻrisida tadqiqot ishi olib borgan va olib borayotgan har bir ilm ixlosmandi sharqshunos va adabiyotshunos olim, Buxoro tarixining mohir bilimdoni Sadriddin Ayniyning (1878-1954) “Namunai adabiyoti tojik” (“Tojik adabiyotidan namunalar”) asariga murojaat etadi. Uning yirik ilmiy-adabiy tadqiqoti “Tojik adabiyotidan namunalar” asari uch qismdan iborat boʻlib, 1926 yilda Moskvada arab imlosida tojik tilida nashr etilgan [1]. Asar ikkinchi marta 2007 yilda fors tilida Eronda [2] va uchinchi bor 2010 yilda Dushanbeda kirill yozuvida tojik tilida, Ayniy “Kulliyot” (Asarlar toʻplami)ning 16 jildi sifatida chop etildi [3].

Bu antologiyada X asrdan boshlab to 1925 yilgacha Oʻrta Osiyoda yashab ijod etgan 228ta shoir, yozuvchi, olim, tazkiranavis allomaning hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar keltiriladi. Jami 228ta shoirni qamrab oluvchi bu tazkirada yuzdan ortiq “Buxoriy” taxallusi bilan ijod qilgan buxorolik ijodkorlar oʻrin olgan. Shuni ham aytish joizki, adabiyotshunos olim oʻz asariga 50dan ortiq oʻzbek olimi, shoiri, tarixchisi va tazkiranavisini ham kiritgan. Ayniyning shaxsi va faoliyatiga xos muhim fazilatlaridan biri, bu uning ikki tilda, yaʼni oʻzbek va tojik tilida barakali ijod etganidir.

“Tojik adabiyotidan namunalar” asaridagi biografik maʼlumotlar ixcham va xarakterlidir. Ayniy shoirlar toʻgʻrisida berilgan maʼlumotlarda u adibning ijod bobidagi iqtidoriga, shaxsiyatiga, axloq-odobiga alohida eʼtibor beradi. Adabiyotshunos olim Buxoroda yashab ijod etgan, oʻz nomini abadiyatga muhrlagan, zamonasining oʻqimishli, ziyoli kishilari toʻgʻrisidagi qimmatli maʼlumotlarni berib oʻtgan. Adibning asarlari, uning sharqshunoslik, tarix va adabiyotshunoslik masalalariga doir “Tojik adabiyotidan namunalar” asari boy faktik materiallarni chuqur ilmiy tahlil etishga qaratilgan. Tadqiqotchi qaysi ijodkor haqida ilmiy tekshirish ishiga kirishmasin, birinchi navbatda bu ijodkor yashagan davrning tarixiga toʻxtaladi. U ijodkorning shaxsi bilan aloqador barcha tarixiy, adabiy manbalar, xalq ogʻzaki ijodidagi afsona va rivoyatlarni ham sinchiklab oʻrganadi. U ijodkorning asarlarida uchraydigan ayrim avtobiografik va tarixiy maʼlumotlarga diqqatni jalb etib, ularni ham tadqiqot doirasiga tortadi. Bunday keng va batafsil tadqiq usuli har bir ilmiy xulosaning mantiqiy asosini taʼminlaydi.

Sharqshunos olim Ayniy bu tazkirasiga tartib berishda oʻzbek, fors-tojik adabiyoti tarixida X-XIX asrlarda tuzilgan Xoja Hasan Nisoriyning “Muzakkir ul-ahbob”, Mutribiy Buxoriyning “Tazkirat ush-shuaro”, Qori Rahmatullo Vozehning “Tuhfatul ahbob”, Muhammad as-Saolibiyning “Yatimat ad-dahr”, Muhammad Avfiy Buxoriyning “Lubob ul-albob”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Fazliy Namangoniyning “Majmuai shoiron”, Afzal Maxdum Pirmastiy Buxoriyning “Afzal-ut-tazkor fikri zikr-ush-shuaro v-al-ashʼor”,  Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning “Tazkirat-ush-shuaroi mutaqaddimin” tazkirasidan va boshqa yuzlab devonlar va tarixiy nodir kitoblardan ham foydalangan. Olim ularni sinchiklab oʻrgangan va tarixiy asarlarning yaxshi jihatlarini ijodiy rivojlantirgan. “Namunai adabiyoti tojik” nomli yaxlit barkamol bir asar ana shu ilmiy aziyat va mashaqqat zamirida tugʻilgan.

Shubhasiz, antologiyaga kiritilgan 228ta shoir, yozuvchi va tarixchi-tazkiranavis haqida qisqacha, lekin mazmunli maʼlumot berish Ayniydan yuksak isteʼdod va ulkan ijodiy mehnat talab qilgan. Bu mehnat eng avvalo turli davrda yozilgan, yirtilib ketgan, oʻchgan va xira tortgan qoʻlyozmalarni, tarixni, adabiyot tazkiralarini, turli toʻplamlarni, xalq orasidagi har xil afsonalarni, rivoyatlarni, madaniy va tarixiy yodgorliklarni sinchiklab oʻrganish, shu oʻrganilgan tarixiy faktlarni tanqidiy tadqiq qilib, obyektiv baholash, shundan soʻnggina undan foydalanishdek murakkabliklar bilan izohlanadi.

“Tojik adabiyotidan namunalar” asarining birinchi qismida Abdulloh Jaʼfar Rudakiydan boshlab, Fitrat Zoʻrdoʻzi Samarqandiy, Sayido Nafasiylargacha boʻlgan davrdagi adiblar qamrab olinadi. Bu qismda tilga olingan Buxoriylar: Abulhasan Rudakiy Buxoriy, Shayx Abulabbos Fazl ibni Abbos Buxoriy, Mansur Ahmad Daqiqiy Buxoriy, Mirzo Abulhasan Ogʻoch Buxoriy, Maʼnavi Buxoriy, Amʼaqi Buxoriy, Kamoli Buxoriy, Hamid Buxoriy, Shamsuddin Kardari Buxoriy, Shayx Sayfuddin Boxarzi Buxoriy, Javhari Zargari Buxoriy, Nosir Buxoriy, Xoja Ismat Buxoriy, Burunduqi Buxoriy, Shamsuddin Ahmad Ohangari Buxoriy, Shahobuddin Ahmadi Buxoriy, Tohiri Buxoriy, Sayfi Buxoriy, Xayoli Buxoriy, Mushfiqi Marvi Buxoriy, Boqiy Darzi Buxoriy, Xoja Hasan Nisori Buxoriy, Marhumi Buxoriy, Mutribi Buxoriy, Arshii Buxoriy, Gulshani Buxoriy, Mavlai Sharifi Buxoriy, Qozi Lutfulloh Shokiri Buxoriy, Muhammadisʼhoq Shavkat Buxoriy, Imloi Buxoriydir.

Bu bobda jami 75 shoir va 5 shoiraning ijodiy faoliyatiga tegishli maʼlumotlar va ijodidan namunalar berilgan. Tilga olingan 80 shoir va shoiradan, bevosita Buxoroda kamol topgani 30dan ortiq boʻlsa, oʻsha vaqtda hayot boʻlgani 20ga yaqin boʻlgan.

Antologiyaning ikkinchi qismi hajm jihatidan ancha katta. Bu qismda 132 qalam ahli, adabiyotshunos va oʻz davrining yetuk olimlari, ayrim tarixnavislar haqida ham maʼlumot beriladi. Tazkiraning bu bobida Ayniy XIII asrdan XX asrning boshigacha, yaʼni 1905 yilgacha boʻlgan davrdagi adiblarning ijodi, hayoti, ayrim tarixiy voqealar va hodisalar xususida fikr yuritadi. Antologiyaning ikkinchi qismida (jami 132 shoir) Mansurxoja Ansobi Buxoriy, Akobirxoja Akbari Buxoriy, Mirbaqoxoja Otashii Buxoriy, Afzali Buxoriy, Muhammadamin Hakimi Buxoriy, Habibulloh Avhadi Buxoriy, Otajon Payravi Buxoriy, Naberaxoja Tavfiqi Buxoriy, Qozi Abdullohxoja Tahsini Buxoriy, Isomuddin Soqibi Buxoriy, Tursunboqiy Jaloli Buxoriy, Qozijon Jurʼati Buxoriy, Muhammadsidiq Hayrati Buxoriy, Muhammadsidiq Hashmat Buxoriy, Ahmadjon Hamdamii Buxoriy, Qoziy Rahmatii Xijlati Buxoriy, Xamoʻshii Buxoriy, Mullohusayn Donishi Buxoriy, Mullorajab Donishi Buxoriy, Shamsuddin  Doʼii Buxoriy, Ahmad-Maxdumi Muhandisi Donishi Buxoriy, Qori Karomat Dilkashi Buxoriy, Qori Abdulmajid Zufununi Buxoriy, Qoziy Rashid Mirinoyatullohi Buxoriy,  Qoziy Abdulaziz Roqimi Buxoriy, Idrisxoja Rojii Buxoriy, Mirzorahim Zakii Buxoriy, Abdulqodirxoja Savdoi Buxoriy, Mullo Mahmud Simoi Buxoriy, Mirzosiroj Hakimi Buxoriy, Muhammadsharif Shevani Buxoriy, Sharif-Maxdum Shirini (Muʼtasimi) Buxoriy, Shirini Buxoriy, Shamsuddin-maxdum Shohini Buxoriy, Hoji Azimi Sharʼii Buxoriy, Qori Hoshim Shoiqi Buxoriy, Tohirxoja Zariri Buxoriy, Mirzo Muhammadsharif Sadri Ziyoi Buxoriy, Muhammad Yaʼqub Kenjaali Buxoriy, Inoyati Buxoriy, Iso Maxdum Buxoriy, Hoji Ibrohim Osimi Buxoriy, Mullosharif Akbari Buxoriy, Sadriddin Ayniy Buxoriy, Qori Hisomuddin Foiqi Buxoriy, Qozi Qurbonxon Fitrati Buxoriy, Qozi Abduroziq Fikrati Buxoriy, Mirzoshoh Foizi Buxoriy, Abdurauf Fitrati Buxoriy, Kamoli Buxoriy, Qozi Komili Buxoriy, Sodiqxoja Gulshani Buxoriy, Mullo Nazrulloh Lutfii Buxoriy, Abduroziq Muniri Buxoriy, Qozi Mullosaʼdiy Mohiri Buxoriy, Hoji Jahongir Majnuni Buxoriy, Abdulmajid Muztaribi Buxoriy, Hoji Neʼmatulloh Muhtarami Buxoriy, Hoji Hodiy Masruri Buxoriy, Mirzo Abdulvohid Munzimi Buxoriy, Sayid Mahmudxojai Buxoriy, Komilxoja Nikhati Buxoriy, Mirqori Noiri Buxoriy, Qozi Sayidjon Nazmii Buxoriy, Muhammadsoleh Navhai Buxoriy, Qori Rahmatulloh Vozehi Buxoriy, Xalifa Ashurmuhammad Yakdili Buxoriy haqida maʼlumotlar berilgan.

Asarning uchinchi soʻnggi qismida esa tojik va oʻzbek shoirlarining 1905-1925 yillardagi ijodi haqida fikr yuritadi [4:345]. Ayniyning “Tojik adabiyotidan namunalar” asarida Ahmad-Maxdum Muhandis Donishi Buxoriy (1827-1897) haqida keltirgan fikr-mulohazalari qimmatli hisoblanadi. Adibning yozishicha, Buxorodagi dastlabki maorifparvarlik va taraqqiyparvarlik gʻoyalari Ahmad Donishdan boshlangan. Ayniy Ahmad Donish bilan shaxsan uchrashib, uning suhbatidan bahramand boʻlmagan boʻlsa ham, lekin uning “Navodir ul-vaqoeʼ” (“Nodir voqealar”) asari orqali tanishgani, bu asar dunyoqarashida katta burilish yasaganini aytadi. Muallif oʻz asarida Ahmad Donishning “Navodir ul-vaqoeʼ” asariga katta oʻrin ajratib uning asosiy mazmun-mohiyatini toʻliq ochib bergan.

Ayniyning mashhur taraqqiyparvar ulamo Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo (1867-1932) haqida yozgan tarixiy maʼlumotlari ham muhim. Buxoroning soʻnggi amiri Said Olimxon 1917 yilda islohot farmonini eʼlon qilishi arafasida Sadr Ziyoni qozikalonlikka tayinlaydi. Sadr Ziyo amir farmonidan keyin Buxorodan badargʻa qilinib, Qarshiga qozi etib joʻnatiladi. 1918 yil mart oyida Kolesov voqealari munosabati sabab, Qarshida uning yaqin qarindoshlari qatl etiladi. U yetmish kunlik mahbuslikdan keyin Shahrisabzga qozilikka tayinlangan. Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning ulkan maʼnaviy xazinasi istiqlol davri odamlarini ham barkamol shaxs qilib shakllantirish yoʻlida beminnat xizmat qilib kelmoqda.

Hozirgi ilm ixlosmandlariga oʻzidan juda katta boy madaniy va maʼnaviy meros qoldirgan Sharifjon Maxdum Sadr Ziyoning shaxsi haqida Ayniy oʻz kitobida shunday yozadi: “Qozi Muhammadsharif Sadr Ziyo Buxoriy domullo Abdushukur Oyatning oʻgʻli boʻlib, oʻz zamonasining ustod-mutafakkirlaridan edi. Maʼrifatparvar otasining soyasida kasbu-kamol topdi. Buxoro inqilobidan (1920) keyin Buxoroga qaytib shoʻro hukumatining xizmatiga kirdi. Sheʼr kam yozardi. Nazmda koʻzga koʻringan asari uning “Tazkirat ush-shuaro”sidir. Lekin boshqa asarlari ham koʻp, masalan, “Roʻznoma”, “Navodiri Ziyoiya”, “Tazkirat ul-hattotin” va boshqalar. U “Tazkirat ul-hattotin” kitobida oʻz davrining maʼlum va mashhur hattotlarining tarjimai holi va ijodiy faoliyati haqida maʼlumotlar beradi. Sadri Ziyo arab va fors tili grammatikasini, mumtoz adabiyotni, tarix fanini, xattotlik sanʼatini puxta egallagan edi” [5:329].

Sharif­jon Maxdum Sadr Ziyo oʻsha vaqtda endi adabiyot olamiga kirib kelgan va ilk sheʼrlari bilan tanila boshlagan yosh Sadriddinxoʻja Ayniydagi isteʼdodni payqagan va uning Buxoro madrasalarida tahsil olishi, shu sharif shaharning ilmiy-adabiy muhitidan xabardor boʻlishiga keng yul ochib bergan. Ayniy 1891-1892 yillarda shu maʼrifatparvar adib xonadonida xizmat qiladi. Sharifjon Maxdumning joʻshqin adabiy davralari yosh Ayniy uchun “hayotbaxsh sarchashma” boʻlgan.

Shuningdek, Ayniyning mangʻitlar sulolasi xonadonining vakillaridan boʻlgan, boylik, shon-shuhrat va toju taxtga qiziqmay oʻzining butun umrini ilm-maʼrifatga bagʻishlagan Muhammad Siddiqxon Hashmat Buxoriyga oid fikri ham ancha qiziqarlidir. Adib u haqida qoʻyidagicha yozadi: “Muhammad Siddiqxon Hashmat Buxoriy – birodari amir Abdulahadxon  hukmronligi va jiyani Mir Olimxon (Amir Sayid Olimxon – F.T) davrida 35 yil (1303-1338) mahbuslikda edi. Shu davr mobaynida oʻzini ilmiy ijodga va kitobdorlikka bagʻishladi. Buxoroda Hashmatning xususiy kutubxonasidek biror mashhurroq kutubxona yoʻq edi. Hashmat Buxoriy forsiy, turkiy va arabiy tilda sheʼrlar bitar edi. Turli risolalar yozdi, tahrir etdi. Jumladan, “Nomai Xusravon” nomli tazkiraga taʼlif bergan edi. Hashmat, Buxoro inqilobidan keyin 1339 hijriyda 35 yillik mahbuslikdan ozod boʻlib, Buxoro Shoʻrolar Jumhuriyati hukumatida kutubxonachi boʻlib xizmat qilardi. Lekin, 1341 hijriyda, (1923) oʻzining ayrim avlodlari (amirzodalari) va amir xonadoni vakillari qatori Afgʻonistonga joʻnatildi” [6:426].

Ayniy oʻzining “Tojik adabiyotidan namunalar” asarida Abdurauf Fitrat Buxoriy (1886-1938) toʻgʻrisida keltirgan maʼlumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, U Fitrat Buxoriyning “Munozara”, “Sayyohi hindi”, “Rahbari Najot”, “Oila”, “Sayha” va “Musulmononi Dor-ur-rohat” kabi asarlari haqida qisqacha, lekin muhim maʼlumotlarni quyidagicha keltirib oʻtadi: “Rahbari najot” – bu risola turli  masalalardan iborat boʻlib, aqliy va naqliy dalillardan bayon topgan, ijtimoiy va iqtisodiy hayotda rahnamo edi”.

Ayniy Fitratning asarlariga toʻxtalarkan, negadir yangi maktablar uchun yozgan “Mavludi sharif” va “Muxtasar islom tarixi” nomini keltirmaydi, buning boisi, bu asarlarning diniy ruhi sarlavhadayoq aks etgani boʻlsa kerak. “Musulmononi Dor-ur-rohat” asari Ismoilbek Gasprinskiyning “Dor-ur-rohat musulmonlari” nomli asarining forsiy tarjimasi edi [8].

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, adabiyotshunos va sharqshunos olim Ayniyning ilmiy-adabiy asarida buxorolik ijodkorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar muhim ilmiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib, ular oʻtmishdagi Buxoro adabiyoti, tarixi va ilmu maʼrifatini oʻrganishda qimmatli manba sifatida xizmat qila oladi. Eng asosiysi, adibning bu asari xalqimizning maʼnaviy merosi boʻlib, barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham u “Fan xalqqa boylik keltiradi”, deb yozgan edi.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Sadriddin Aynӣ. Namunai adabiyoti toҷik. – Moskva: Chopxonai nashriyoti markazii xalqii Jamohiri shoʻravii Soʻsiyolisty, 1926.
  2. Sadriddin Aynӣ. Namunai adabiyoti toҷik. Peshguftor az Muhammadjon Shakurӣ Buxoroy. – Tehron, 1385 h. sh.
  3. Sadriddin Aynӣ. Namunai adabiyoti toҷik. Tahiya va nashri kitob bo qoʻshish va zeri Kamoliddin Aynӣ. Az xati forsii toҷikӣ bargardoni Ahmadjon Hoҷiyev. – Dushanbe: chopxonai “Mega Basim”, 2010.
  4. Sadriddin Aynӣ. Namunai adabiyoti toҷik. – Moskva: Chopxonai nashriyoti markazii xalqii Jamohiri shoʻravii Soʻsiyolistӣ, 1926. – B. 345.
  5. Sadriddin Aynӣ. Namunai adabiyoti toҷik. – Moskva: Chopxonai nashriyoti markazii xalqii Jamohiri shoʻravii Soʻsiyolistӣ, 1926. – B. 329.
  6. Sadriddin Aynӣ. Namunai adabiyoti toҷik. – Moskva: Chopxonai nashriyoti markazii xalqii Jamohiri shoʻravii Soʻsiyolistӣ, 1926. – B. 426.
Farrux TЕMIROV,
BuxDU, t.f.f.d.(PhD) dotsent

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

1) Salavot aytishda Alloh taoloning amriga itoat, boʻysunish bor. 2) Paygʻambarimiz alayhissalomga Alloh taoloning salavot …