Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZNING XORIJDAN QAYTGAN TADQIQOTCHISI TAJRIBASI BILAN OʻRTOQLASHDI

MARKAZNING XORIJDAN QAYTGAN TADQIQOTCHISI TAJRIBASI BILAN OʻRTOQLASHDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Oksford islom tadqiqotlari markazida ilmiy izlanish: tajriba va yutuqlar” mavzusida anʼanaviy va onlayn seminar tashkil etildi.

Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari, Respublika Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda vazirlik qoshidagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyani qoʻllab-quvvatlash fondi mutasaddilari, turdosh markazlar vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Samarqand davlat chet tillar instituti olimlari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etgan seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ziyorat turizmini rivojlantirish ilmiy boʻlimi boshligʻi, Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi (OCIS) tadqiqotchisi Barot Amonov maʼruza qildi.

Tadqiqotchi maʼruzasida soʻngi besh oy davomida Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazida olib borgan ilmiy izlanishlarining ahamiyati, xorijda stajirovka oʻtash uchun yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar, chet elda oʻtkazilgan amaliyotning istiqbolda ilmiy yutuqlarga erishishdagi oʻrni haqida soʻz yuritdi.

Avval xabar qilganimizdek, Amonov Barot Murodovich Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar (markazlar, universitetlar va boshqalar)ga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha eʼlon qilingan tanlovda gʻolib chiqib, Oksford islom tadqiqotlari markazida ilmiy safarda boʻlib qaytdi. Safar davomida yosh olim u yerda tashkil etilgan maʼruzalar, seminarlar, amaliy mashgʻulotlar, konferensiyalar, koʻrgazmalar va boshqa akademik tadbirlarda ishtirok etish barobarida Oksford kutubxonasi, jamoaning ilmiy salohiyati, tadqiqotlar uchun yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, oʻzining “Sahihul Buxoriyga hanafiy mazhabi asosida yozilgan sharhlar tahlili (Umdatul Qoriy asari misolida)” mavzusidagi ilmiy ishi ustida muttasil ish olib bordi va shu mavzu hamda Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samaralari haqida Oksford ilmiy jamoasi, professor-oʻqituvchilari, AQSH, Avstraliya, Malayziya, Bosniya, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Hindiston va Pokistondan kelgan tadqiqotchilar oldida chiqishlar qildi. Bundan tashqari mahalliy jurnalda ilmiy ish mavzusiga monand 3 ta, xorijiy jurnalda 1 ta maqola chop ettirib, 3 ta xalqaro konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ilmiy izlanishlarini Oksforddan tashqari Britaniya kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Kembrij universiteti kutubxonasi, Birmingem universiteti kutubxonalarida olib borib, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asariga oid mavjud jami 38 dona qadimiy qoʻlyozmalarini oʻrgandi.

Amonov shuningdek, Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqon” islom merosi fondi, London islom madaniyati markazi, Oksford islom tadqiqotlari markazi va Kembrij Markaziy Osiyo forumi (CCAF-Cambridge Central Asia Forum)da Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimotlarini oʻtkazdi.

Safar yakunida tadqiqotchi “Sahihul Buxoriy”ning Bodlian kutubxonasida saqlanayotgan XIII va XIV asrga oid qoʻlyozmalarning toʻliq elektron nusxalarini olib qaytdi.

Seminarda Barot Amonov ilmiy safarining barcha bosqichlari haqida batafsil toʻxtaldi. Yigʻilganlarni tanlovda ishtirok etish uchun qoʻyilgan talablar hamda tanlov shartlari, shuningdek, xorijda ilmiy amaliyot oʻtash uchun yaratilgan sharoitlar ayniqsa koʻproq qiziqtirdi.

Seminar savol-javob va muhokamalarga boy boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …