Home / ALLOMALAR / HUSOMUDDIN SADR SHAHIDNING HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI TARIXI

HUSOMUDDIN SADR SHAHIDNING HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI TARIXI

Markaziy Osiyo islom dunyosida mustaqil mintaqaviy sivilizatsiya sifatida mashhur. U koʻp asrlik rivojlanish jarayonida antropologik, ijtimoiy, siyosiy, lugʻaviy, diniy va boshqa oʻzgarishlarga qaramasdan, doimiy oʻziga xos qonuniyatlar, jihatlar, xislatlarga ega boʻlib kelgan. Bu oʻlkada yashab, ijod qilgan olimlar hayotini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.

X-XIII asrlarda Markaziy Osiyoning yirik shaharlari boʻlgan Buxoro va Samarqandda hanafiy mazhabi bilimdonlarining ijtimoiy-siyosiy hayotga aralashuvi faol boʻlgan. Bu oʻlkaga hanafiy mazhabining kirib kelishi va taraqqiyot yoʻli boʻyicha Gʻarb olimlar koʻplab tadqiqotlar oʻtkazgan [1:32-39].

Maʼlumki, X-XIII asrlarda Movarounnahr jamiyatining siyosiy va ijtimoiy boshqaruvida faqihlar asosiy ijrochi vazifasini bajargan. Hukmron sulolalar – Somoniy, Qoraxoniy, Gʻaznaviy va Saljuqiylardan iborat fors va turk sultonlari xalqni oʻz siyosatiga boʻysundirishda islom huquqchilaridan samarali foydalangan.

Saljuqiylardan Sulton Sanjar Ahmad ibn Malikshoh (490-552/1097-1157 yy.)ning hukmronlik yillarida Qoraxoniylar nazoratidagi Markaziy Osiyo yerlarining siyosiy boshqaruvi toʻliq Saljuqiylarga oʻtgan [2:14].

Saljuqiylar davlat boshqaruv uslubining oʻziga xos jihatlaridan biri shu ediki, ular bir shaharda ham rais (din ishlari bilan shugʻullanuvchi vakil), ham amir (hukumat ishlari bilan shugʻullanuvchi vakil) tayin etardi. Raislar mahalliy yoki hukmdorning buyrugʻiga binoan sultonga sodiq diniy arboblardan (Oli Moza oilasi vakillari kabi), oʻz navbatida, amirlar ham shaxsan sulton tomonidan tayinlangan.

Oli Moza oilasi Buxoroda uzoq yillar raislik qilgan sulola hisoblanadi. Uning Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy hayotida yetakchi hukmron doira boʻlib tanilishida, shubhasiz, Sulton Sanjarning Movarounnahrdagi harbiy-siyosiy faoliyati va Oli Moza oilasiga munosabati muhim rol oʻynagan. Sulola vakillari Buxoroda, asosan, aholidan soliq undiruvchi va Sulton Sanjarning ishonchli vakillari sifatida faoliyat olib borgan [3:99]. Chunki, bu davrda Movarounnahrdagi harbiy boshqaruv Saljuqiylar qoʻlida boʻlgan [4:198]. Tadqiqotchi A.Moʻminovning fikricha, ular Buxoroda rais, xatib yoki asosiy oʻlpon yigʻuvchi vazifasini bajargan.

Oli Moza faqihlari qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganish hozirgi kunda tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Ushbu maqolani tayyorlashda mazkur oilaning yirik vakili va mashhur hanafiy faqihlaridan Husomuddin Sadr Shahidning asarlari va ilmiy merosiga aniqlik kiritishni bosh maqsad qilib oldik.

Husomuddin Sadr Shahid 473/1090 yili Marv shahrida tavallud topgan [5:47]. Toʻliq ismi – Husomuddin Umar ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza Buxoriy. Kafaviyning bildirishicha, u oʻz davrining yetuk faqih va qozilariga dars bergan. Qurashiyning fikricha, Husomuddin vafotiga qadar Buxoroda Moza yoki Banu Moza (Moza avlodi) bilan mashhur boʻlgan [6:74]. Unga Sadr Shahid nisbasi vafotidan keyin berilgan. Sadr Shahid yigirma yil davomida, yaʼni 512/1118-19 yildan 536/1141 yilgacha (vafotigacha) Buxoro raisi boʻlgan. U Moza farzandlari orasida eng koʻp raislik qilgani uchun ham faqih haqida maʼlumot beruvchi manbalar unga “sadr” nisbasini qoʻshadi. Sadr (arab tilida old, koʻkrak degan maʼnolarini beradi) musulmon mamlakatlaridagi turli mansabdor shaxslarga beriladigan unvon hamdir. Baʼzan din peshvolariga ham berilib, ularga butun davlatning yoki biror viloyatning vaqf ishlarini boshqarish vazifasi yuklatilgan [7:204]. Husomuddinga sadrlik martabasini sulton Sanjar bergan. Uning shahid sifati bilan nom qozonishi 536/1141 yilda Sulton Sanjar qoʻshinlari bilan qoraxitoylar oʻrtasida boʻlib oʻtgan jangda halok boʻlgani bilan bogʻliq.

Arab tadqiqotchisi Muhyiy Hilol Sarxon Qurashiyning fikriga tayanib, faqihning ikki oʻgʻli bor, biri Tojiddin Ahmad Sadr Said boʻlib, Burhonuddin Mahmud Buxoriyning otasidir, deydi. Bu fikr aniqlik talab etadi. Qurashiydan boshqa hanafiy faqihlari haqida maʼlumot beruvchi tabaqot asarlaridan Tojiddin Sadr Shahidning oʻgʻli emas, balki ukasi ekani maʼlum boʻldi. Burhonuddin Mahmud Buxoriy ham Sadr Shahidning bobosi emas, balki amakisi ekanini quyidagicha izohlaydi:

و لم يزل العلم موروثا من الأول للآخر و منقولا من الأكابر حتى انتهى الى صدورى و اسلافى السعداءʼ الشهداء تغمدهم الله بالرحمة و الرضوان فكلهم رضوان الله عليهم اجمعين شرحوا ما بقى من الفقه مجهولاʼ و فتحوا ما ترك مقفلاʼ فمصنفاتهم متداولة بين الورى يستعان بها عند اتقان الفتوىʼ وقد وقع فى رأيى ان اشتبه بهم بتأليف أصل جليل يجمع فيه اجل الحوادث الحكميةʼ و النوازل الشرعيةʼ ليكون عونا لى حال حياتىʼ و أثرا حسنا لى بعد وفاتى…

yaʼni: “Ilm avvalgilardan keyingilarga doimo meros boʻlib, kattalardan naql boʻlishda davom etdi va nihoyat mening Shahid va Said sadrlarim va ota-bobolarimga (Alloh ularni rahmat va roziligi bilan oʻrasin) yetib keldi. Ularning har biri (ulardan Alloh rozi boʻlsin) fiqhda noaniq qolgan joylarni sharhladi, yopiq qolgan joylarni ochib berdi. Kitoblari odamlar orasida keng tarqalgan boʻlib, fatvoni mukammal chiqarishda murojaat qilingan. Miyamda oʻzida sharʼiy masalalarni, hukmiy hodisalarning asosiylarini jamlagan buyuk manba yozib, oʻzimni ularga oʻxshatish fikri tugʻildi. Toki bu narsa hozirgi hayotimda yordam, vafotimdan soʻng goʻzal bir meros boʻlib qolsin”.

Burhonuddin Mahmud “mening Shahid va Said sadrlarim” deganda, oʻz otasi Tojiddin Ahmad Sadr Said va amakisi Sadr Shahidni nazarda tutgan boʻlishi kerak. Demak, keyingi tadqiqotlarda Sadr Shahidni Burhonuddin Mahmudning amakisi oʻrnida berish maqsadga muvofiqdir.

Hanafiy faqihlari haqida xabar beruvchi tabaqot asarlarida Sadr Shahidning oʻlimiga sabab boʻlgan Qatavon jangi haqida soʻz yuritiladi. Ozarbayjon tarixchisi S.G.Agadjanov va qator turkiyalik tarixchilar Sulton Sanjar va qoraxitoylar hukmdori Yel Yuy Dashi (Goʻrxon) oʻrtasida boʻlib oʻtgan Qatavon voqeasini oʻrgangan. U 536\1141 yil 3 sentyabrda boshlangan va sharqiy saljuqiy saltanatning magʻlubiyati bilan yakunlangan. Qatavon dashtida halok boʻlgan musulmon jangchilarining soni manbalarda 30 ming, 70 ming va hatto baʼzi oʻrinlarda 100 ming deb koʻrsatiladi. Ularning barchasi shahidlar deb eʼlon qilingan va Samarqand sharqidagi dashtga dafn etilgan. Qatavondagi gʻalabasidan soʻng qoraxitoy Goʻrxon Buxoroni egallaydi. Shahar raisi Sadr Shahid ham Qatavonda shahid boʻladi.

“Tabaqotul hanafiyya” asaridagi maʼlumotlarni izchil oʻrganish natijasida Sadr Shahidning quyidagi asarlari borligi aniqlandi:

“Usulul Husomiyya” yoki “Usulus Sadrush Shahid” usulul fiqhga oid asardir. U haqda Karl Brokkelman maʼlumot beradi [8:374].

“Sharhul Jomeus sagʻir” – Abu Hanifaning shogirdi Muhammad Shayboniyning “Jomeus sagʻir” asariga sharh. “Miftohus saoda” muallifi bu “Jomeus sagʻir”ga yozilgan yetti yirik sharhning biridir, degan fikrni aytib oʻtgan. Karl Brokkelman bu sharhning Amerika Barston universiteti arab qoʻlyozmalari fondida saqlanayotgan ikkita nusxasi haqida maʼlumot beradi. Shuningdek, uning Mosul xalq kutubxonasi va Iskandariya milliy kutubxonasida ham bittadan nusxalari mavjud. Hindistonning Saharanapur shahridagi “Devband” madrasasida saqlanayotgan nusxasini 1310 (1892-93) yilda Muhammad ibn Abdulhay Laknaviy Hindiy tadqiq etgan. Tadqiqot natijasida asar “Jomeus sagʻir fil furu” yoki “Jomei Sadr Shahid” nomlari bilan tanilgani maʼlum boʻldi. Uning Toshkent nusxasi OʻzR FA SHIning asosiy fondida 5815 raqam bilan saqlanadi.

Husomuddin Sadr Shahidning bu asariga oʻz davrining yetakchi faqihlari koʻplab sharhlar yozgan. “Sharh Badruddin Varsakiy”, “Sharh Abi Nasr Ahmad Isbijobiy”, “Sharh Alouddin Samarqandiy” shular jumlasiga kiradi. Bundan tashqari, “Sharhul Jomeus sagʻir”ning Bagʻdod xalq kutubxonasida yettita, Istanbul Davlat muzeyida toʻrtta, Iroqdagi “Hasan Poshsho Jaliliy kitoblari” xazinasida bitta, Istanbuldagi “Fotih” masjidi kutubxonasida ikkita, Bagʻdoddagi Iroq Davlat muzeyida uchta, Misrdagi “Al-Azhar” universiteti, “Iskandariyya” va “Dorul kutubil misriyya” kutubxonalarida oʻn bitta qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda.

“Sharhul Jomeul kabir”. Bu asar Muhammad Shayboniyning “Jomeul kabir”iga sharhdir. Uning birorta qoʻlyozma nusxasi bor-yoʻqligi nomaʼlum. Lekin “Fatovo hindiyya”da undan koʻplab iqtiboslar keltirilgani shunday asar boʻlganiga dalildir.

“Umdatul muftiy val mustafiy” (“Fatvo beruvchi va soʻrovchiga qoʻllanma”). Karl Brokkelman bu asarning Berlin milliy kutubxonasi, Qohiradagi “Dorul kutubil misriyya” va “Al-Azhar” universiteti kutubxonalaridagi nusxalari haqida maʼlumot beradi.

“Fatovo sugʻro” yoki “Fatovo Sadrush Shahid”. Bu qoʻllanmada Movarounnahr va Xurosonda XII asrgacha boʻlgan hanafiy va shofiiylik fatvolarin jamlangan. Iroqdagi Mosul milliy kutubxonasi va Qohiradagi “Dorul kutubil misriyya kutubxonasida ikki nusxasi bor. Toshkent nusxasi OʻzR FA SHIda 5934 raqam bilan saqlanadi.

“Fatovo kubro” noyob qoʻlyozmalar turkumiga kirib, xorijdagi yagona nusxasi Dublindagi (Irlandiya) The Chester Beatty kutubxonasida. Ikkinchi nusxasi Toshkentda boʻlib, OʻzR FA SHIda 7857 raqam bilan saqlanadi.

“Voqeotul Husomiyya fi mazhabil hanafiyya”. Hoji Xalifa bu asarning ikkinchi nomini “Ajnos” deb ataydi. Uning Istanbuldagi Fotih kutubxonasida toʻrtta, Berlin milliy kutubxonasida bitta, Istanbul Davlat muzeyida ikkita qoʻlyozma nusxasi bor. Hoji Xalifa “Hidoya” va “Fatovo zahiriyya” asarlari “Voqeot” asosida yaratilganini aytadi. Asarning Toshkent nusxasi OʻzR FA SHIda 7756 raqam bilan saqlanadi.

Turk islomshunos olimi Murtazo Bedir “Buxoro huquq maktabi” asarida Sadr Shahidni fiqh ilmida “Voqeot” (voqealar) janriga asos solgan va rivojlantirgan faqih, deb tariflaydi [9:196]. Mazkur kitob oʻzidan oldin Movarounnahrda fatovo uslubida yozilgan toʻrt mashhur asarning toʻplanmasidir. Ular arab alifbosi tartibida berilib, birinchisi “nun” bilan Abu Lays Samarqandiyning “Navozil”ida, “vov” bilan Notifiyning “Voqeot”ida, “be” bilan Abu Bakr Muhammad ibn Fazlning “Fatovo”sida va “sin” bilan Alouddin Samarqandiydan kelgan fatvolar jamlangan.

Murtazo Bedir va oʻzbek sharqshunos olimi Odil Qoriyev oʻz tadqiqotlarida xorazmlik faqih Najmiddin Abur Rajo Muxtor ibn Mahmud Zohidiy Gʻazminiyning (vaf. 658/1260 y) moʻgʻullar istilosi davrida yozgan “Qinyatul munya li tatmimil gʻunya” asarida kelgan koʻrsatmalar haqida maʼlumot beradi. Ularning fikricha, bu asarning ahamiyatli jihatlaridan biri shuki, unda Najmiddin Gʻazminiy ilk bor qoʻlyozma manbalarda ismlar va adabiyotlar koʻrsatkichini tuzish va iqtiboslar keltirish usulini qoʻllagan.

Lekin dastlab bunday uslubni Movarounnahrda qariyb yuz yil ilgari Sadr Shahid ilgari surganini manbalar tasdiqlab turibdi. Oʻsha davrda bunday uslub oʻquvchi va ilm ahli uchun fatvo egasini oson aniqlash imkonini bergan. Bundan quyidagi yangi ilmiy xulosa kelib chiqadi: bugungi istiloh bilan aytganda, snoska – havola qoidasiga oʻn asr oldin ajdodlarimiz asos solgan. Demak, Gʻarbdagi footnote (snoska) qoidalariga dastlab Gʻarbning oʻzida yoki boshqa musulmon diyorida emas, aynan bizning zaminda asos solingan.

Hamidulla Aminovning fikricha, bu belgilarni “koʻrsatkich” emas, “shartli qisqartmalar” deb qabul qilish maqsadga muvofiqdir [10:146].

Movarounnahrda yozilgan fiqhga oid manbalarning har birida oʻziga xos maxsus ramz va istilohlar mavjud. Baʼzilarida maxsus istiloh va shartli qisqartma ishoralar koʻproq. Sharhlovchi va tadqiqotchilar ularni oʻrganib, mualliflarning maqsadlarini anglab olgan.

Burhonuddin Margʻinoniy “Tajnis val mazid” (“Oʻxshatish va qoʻshish”), Abu Fazl Abdulloh ibn Mahmud ibn Mavdud ibn Majdiddin Mavsiliy (vaf. 683/1284 y.)ning “Kitobul muxtor”(“Tanlangan kitob”), Abu Barakot Nasafiy (vaf. 710/1310 y.)ning “Kitobul vofiy fil furuʼ”(“Furuul fiqhda vafo qiluvchi”), Tohir ibn Salom ibn Qosim ibn Ahmad Ansoriy Xorazmiy (vaf. 771/1370 y.)ning “Javohirul fiqh” (“Fiqh javohirlari”) asarida, Badriddin Mahmud ibn Isroil ibn Abdulaziz Hanafiy (vaf. 823/1420 y.)ning “Jomeul fusulayn”(“Ikki “Fusul” toʻplami”) asarlarida faqihlar foydalanadigan va iqtibos oladigan asarlar nomlari va baʼzi iboralar qisqartirilib, qisqartma koʻrsatkich – fehrist tuzilgan. Mazkur qisqartmalar asarlarning boshi yo oxirida berilgan.

Demak, Sadr Shahid dastlab arab alifbosi tartibida qisqartmalarni berishni yoʻlga qoʻygan boʻlsa, Najmiddin Gʻazminiy boshliq yuqorida nomlari va asarlari zikr qilingan faqihlar koʻrsatkich va qisqartmalarni alohida bir tizimga solgan, deyish mumkin.

Sadr Shahid ilmiy merosini oʻrgangan iroqlik tadqiqotchi Mahiy Hilol Sarxon olimning fiqhga bagʻishlangan “Kitobun nafaqot”, “Kitobut taklima”, “Kitobul muntaqo”, “Kitob masoil daʼvoil hiyton vat turuq va masoilil mo”, “Kitobul mabsut fil xilofiyot”, “Kitob hiratil fuqahoʼ”, “Kitobul vaqf” asarlari haqida ham maʼlumot beradi. Taxminimizcha, ular mustaqil asar sifatida yozilmagan. Chunki nusxalari haqida boshqa manbalarda maʼlumot uchramaydi.

Baʼzi tadqiqotchilar Sadr Shahid va Burhonuddin Mahmud Buxoriy yozgan asarlarni chalkashtirib yuborgan. Buni koʻproq arab tadqiqotchilarining ishlarida uchratish mumkin. Masalan, livanlik Abdulloh Mustafo Marogʻa “Zaxiratul Burhoniyya”ni Sadr Shahid yozgan, deb taʼkidlaydi.

Alloma Xassofning (vaf. 261/874-75 y.) “Adabul qozi” asariga hanafiy ulamolar sharh bitgani maʼlum. Misrlik tadqiqotchi Toha Ahmad Magʻoziy Burhonuddin Mahmud Buxoriyning “Sharh Adabul qozi lil Xassof” nomli asari bor, degan fikrni bildirgan va “Zaxiratul Burhoniyya”, “Muhit” asarlarining muxtasari, deb hisoblagan. Bu fikr koʻp jihatdan munozarali va bu mavzudagi tadqiqotlarda chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Chunki, Xassof asariga bitilgan sharh Burhonuddin Mahmud Buxoriyga taalluqli boʻlmay, uni Sadr Shahid yozgan. Asarni 1977 yilda bagʻdodlik Mahiy Hilol Sarxon toʻliq tadqiq etgan.

Oli Moza oilasining Buxoroda mashhur boʻlishida Sadr Shahid muhim rol oʻynagan. Buni koʻplab faqihlarning uning fatvolariga munosabatidan ham bilish mumkin. Jumladan, Najmiddin Yusuf Xosiy alloma fatvolarini toʻplab oʻzining “Fatovo kubro” asarini yozgan. Shuningdek, bu asar yana “Tajnisul Voqeot” nomi bilan mashhur [11:23]. Xosiy 607 yil 16 rabius-soniyda (1210 yil 6 oktyabrda) Sadr Shahidning “Fatovo sugʻro” asarini kitob holiga keltirgan. Burhonuddin Margʻinoniy (vaf. 593/1197 y.) Sadr Shahid fatvolarini “Kitobut tajnis val mazid” asarida toʻplagan.

Umuman olganda, Husomuddin Sadr Shahid Movarounnahrning ikki yirik fiqh ilmi markazi – Buxoro va Samarqand fiqh maktablarini bitirgan va koʻp yillik anʼanalarini bir joyga jamlagan. Kelgusida bu olimning ilmiy asarlari doirasida yangi tadqiqotlar oʻtkazish, Movarounnahrga xos fiqh ilmi anʼanalarining yangi qirralarini ochib berish dolzarb masalalardandir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Madelung W. The Early Murjiʻa and the Spread of Hanafism / Der Islam, 43 (1982).
  2. A.K.Muminov. “Kataib aʼlamil axyar” Kafavi (um. 990/1582) kak istochnik po istorii islama v Maverannaxre (III/IX-VII/XIV vv.): Avtoref. dis… kand. ist. nauk. – L.: LO IV AN, 1991. – B. 14; Oʻsha muallif: Rol i mesto xanafitskix ʼulamaʼ v jizni gorodov Sentralnogo Maverannaxra (II-VII/VIII-XIII vv): Diss… dokt. ist. nauk. – T.: TIU, 2003.
  3. Sadruddin Abu Hasan Ali ibn Nosir Husayniy. Zubdatut tavorix: Axborul umaro val mulukus Saljuqiyya. – Bayrut: Dor iqra, 1985.
  4. S.G.Agadjanov. Gosudarstvo seldjukidov i Srednyaya Aziya v XI-XII vv. – M.: Nauka, 1991.
  5. Husomuddin Sadr Shahid. Sharh adabil qozi lil Xassof. 4 jildli / Mahiy Hilol Sarxon tahriri ostida. − Bagʻdod: Dorul arab, 1977-78. J.1.
  6. Qurashiy Abu Muhammad Abdulqodir ibn Abulvafo Muhammad ibn Muhammad Misriy. Javohirul muziya fi tabaqotil hanafiyya. 5 jildli / Abdulfattoh Muhammad Xulv tahriri ostida. – Qohira: Hijr, 1993. J.2.
  7. Islom ensiklopediyasi. –T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 2004.
  8. Brockelmann C. Geschichte der arabischen Litteratur. 3 jildli. − Weimar-Berlin: Haya al-misriyya, 1898-1993. – 1-jild.
  9. Murteza Bedir. Buhara hukuk okulu (Vakif hukuku bağlaminda 10.–13. Yüzyil Orta Asya hanefi hukuku üzerinde bir Inceleme). − Istanbul: Edam akademi kitapliĝi, 2010.
  10. X.Aminov. Hanafiylik mazhabiga kirish. – T., 2012.
  11. Islam ansiklopedisi. ­– Vol. XVI. − Istanbul: Hanefi Mezhebi-Haya, 1997.

 

Isroiljon NASRIDDINZODA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ICESCO” kafedrasi tayanch doktoranti

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …