Home / YANGILIKLAR / Diniy soha vakillari Konstitutsiyaga oid qonun loyihasini muhokama qildi

Diniy soha vakillari Konstitutsiyaga oid qonun loyihasini muhokama qildi

29 iyun kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmitada “Konstitutsiya – millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik va eʼtiqod erkinligimiz garovidir” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, yuridik fanlari doktori, akademik Akmal Saidov maʼruzachi sifatida ishtirok etdi.

ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan anjumanda Diniy qoʻmitaning hududiy boshqarmalari xodimlari, viloyat hokimlari oʻrinbosarlari, viloyat, shahar-tumanlar bosh imom-xatiblari, diniy taʼlim muassasalari rahbar va oʻqituvchilari, noislomiy diniy tashkilotlar vakillari hamda OAV xodimlari qatnashdi.

Yigʻilish avvalida Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini eʼlon qilgani, unda asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartishlar kiritish hamda 16 ta normani oʻz ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qoʻshish taklif etilgani, ushbu qonun loyihasida Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan berilgan takliflar ham oʻrin olganini taʼkidladi. Shu bilan birga keyingi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilik va oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi.

Shundan soʻng akademik Akmal Saidov soʻzga chiqib, soʻnggi besh yilda hayotimizning barcha jabhalarida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, buning zamirida avvalo inson xuquq va erkinliklariga boʻlgan eʼtibor, uning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, inson huquqlarining eng oliy qadriyat sifatida tan olinishi kabi hayotiy tamoyil yotgani eʼtirof etib, bugungi islohotlar davrida Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritishga katta ehtiyoj sezilayotganini alohida taʼkidladi.

Tadbir davomida Yangi Oʻzbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni kiritish kerakligi qayd etilib, u Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining huquqiy asosi ekani, fuqarolarning burch va majburiyatlari, inson huquq va erkinliklarini himoyalashi, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilishi, taʼlim, fan, madaniyat hamda maʼnaviyat rivojida muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilishi toʻgʻrisida batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Manba: muslim.uz

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …